Jizzax viloyatida blogerlar uchun sayyohlikni rivojlantirish maqsadida infotur tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 254-sonli qarori ijrosini taʼminlash, hududning turizm salohiyati, mavjud imkoniyatlar hamda kelgusida rejalashtirilayotgan xalqaro loyihalar xususida keng jamoatchilikka maʼlumot yetkazish maqsadida “Zomin – blogerlar nigohida” infoturi tashkil etildi.
Infotur doirasida dastlab Turizm va sport vazirligining maʼsul xodimlari, mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokida hududning turistik salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi, soʻng Zomin davlat qoʻriqxonasining Baxmal tumani hududidagi ekoturistik yoʻnalish boʻylab sayohat uyushtirildi.
Ayni vaqtda qoʻriqxona hududida 3 xil archa turi mavjud. Bundan tashqari, “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvon va qushlar, oʻsimliklarni oʻzida mujassam qilgan hududdagi xilma-xillik, toza havo inson kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Ushbu ertaknamo goʻshadan qaytgan sayyohlar mehmon uylarida dam olish bilan birga, mahalliy taomlarning tayyorlanish usullari bilan yaqindan tanishishga ham muvaffaq boʻlishdi.
Infotur davomida tayyorlangan post va materiallar yoshlarimizga tumanning ekoturizm, gastroturizm, etnoturizm va agroturizm salohiyatini keng namoyon etib, ularni Zominga sayohat qilishga undaydi.
gujum.uz