Biz Yakkasaroy tumanida joylashgan 160-sonli umumtalim maktabida oʻqiymiz. Yozgi taʼtilni kitob oʻqish bilan oʻtkazyapmiz. Bizning eng sevimli mashgʻulotimiz mutolaa.
Opamning va mening ham eng yaxshi koʻrgan yozuvchilarimizdan biri Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev boʻladi! Adib oʻzbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Asarlari dunyoning koʻpgina tillariga tarjima qilingan.
Adibning „Sariq devni minib“, „Sariq devning oʻlimi“, „Besh bolali yigitcha“, „Qasoskorning oltin boshi“, „Shirin qovunlar mamlakati“ asarlarini oʻqiganmiz. Kitoblari yumorga boyligi bilan ajralib turadi. Bolalar hayoti, ularning oʻziga xos tabiati, ruhiy kechinmalari nihoyatda qiziqarli va bolalarbop tarzda mahorat bilan tasvirlangan.
Biz opam bilan ayni kunda Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Quyonlar saltanatining shahanshohi” nomli romanini oʻqidik.
Ushbu asar onasiz qolgan va oʻgay ona qoʻlida qiynalgan bola haqida hikoya qiladi. U kitob bizlarga qiyinchiliklardan qoʻrqmaslikka, tirishqoq boʻlishga, xech qachon oʻz maqsadidan ortga chekinmaslikka oʻrgatadi. Biz bu kitobni juda sevib va katta qiziqish bilan oʻqidik. Bizlarga ushbu asar juda katta ruhiyat, kayfiyat bagʻishladi.
Aziz tengdoshlar, ushbu kitobni oʻqishni sizlarga ham tavsiya qilamiz.
Opa — singil Xolida va Umida Xasanovalar