“Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasidagi tadbirlar Xorazm viloyatida ham koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilmoqda.
Kuni kecha Urganch shahridagi Maʼmun universitetida boʻlib oʻtgan ijodiy uchrashuvda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gavhar Ubaydullayeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova, Xanka tuman gazetasi bosh muharriri, shoira Muhabbat Sapayeva, pedogog, shoira Durposhsha Xudoynazarovalar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar talabalar va ilmiy izlanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar bilan tanishdilar. Olti tilda maʼruzalar tinglash imkoniyati boʻlgan zamonaviy konferensiya zali, oynavandli yorugʻ hamda keng saranjom –sarishta oʻquv xonalari va ulugʻvor axborot-resurs markazi mehmon- tashviqotchilarning eʼtiborini tortdi.
Uchrashuv davomida maʼnaviyat vakillari mutolaning ziyoli va ijodkor inson shaxsi shakllanishidagi ahamiyati, el-yurtga, oilaga, milliy qadriyatlarga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashdagi oʻrni, adabiyot, tarjima sanʼati, tarjimon mahorati va ijod yoʻllari xususida fikr yuritdilar, oʻz asarlaridan namunalar oʻqib berdilar.
Qiziqarli va mazmunli oʻtgan uchrashuv soʻngida ustoz jurnalist Raʼno Zaripova universitet kutubxonasiga, talabalarga oʻzining “Ona yurting – oltin beshiging” va “Tarjima sanʼati va tarjimon mahorati” deb nomlangan kitoblarini taqdim etdi.
Bilimga chanqoq yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Muhabbat Xoʻjamurodova, jurnalist