Xorazmda tadbir: “Oʻzim oʻqigan maktabga kitob sovgʻa qilaman»

0
488
marta koʻrilgan.

Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini yuksak pogʻonaga koʻtarish, badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targʻib etish, ularning ongida milliy anʼana va qadriyatlarga nisbatan hurmat-ehtirom xissini kuchaytirish borasida viloyatda qator tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Respublikamiz Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori  ijrosini taʼminlash maqsadida keng miqyosda  ishlar amalga oshirilmoqda.

 Viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, viloyat xalq taʼlimi,  yoshlar ittifoqi viloyat kengashi,  viloyat maʼnaviyat va maʼrifat markazi  hamkorligida reja-jadval asosida viloyat xududidagi umumtaʼlim maktablarida “Oʻzim oʻqigan maktabga kitob sovgʻa qilaman” loyihasi doirasida tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Umumtaʼlim maktablari kutubxonalarini yangi nashrdan chiqqan siyosiy-ijtimoiy, adabiy-badiiy va bolalar adabiyoti bilan toʻldirish, boyitish maqsadida ushbu tadbirda sobiq maktab oʻquvchilarining  oʻzlari oʻqigan maktabga tashriflari tashkil qilinmoqda. Ana shunday tadbirlar Urganch shahri, Urganch  va Yangibozor tumanlarida oʻtkazila boshlandi.

 Navbatdagi ana shunday tadbir «Sogʻlom ona va bola» markazi bilan  hamkorlikda    11 oktyabr  kuni  Urganch shahridagi 1-son umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi. Unda ushbu maktabni 50 yil burun  tugatgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli publitsist, yozuvchi  Raʼno Zaripova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Raʼno Zaripova mamlakatimizda ikki palatali parlament  tashkil topganida Xorazmdan  Qonunchilik palatasiga   saylangan deputatlardan biridir. U deputat sifatida Xorazm viloyatiga munosib xizmat qildi.

Shuningdek ijodkor tomonidan yozilgan “Harorat” “Onaginam”, “Yurt qoʻshiqlari” kabi kitoblarida ham Xorazmning oʻziga  xos urf-odatlari, qadriyatlari koʻz oldingizda jonlanadi.  Qadimiy turkiydan zamonaviy oʻzbek tiliga muvaffaqiyatli tabdil qilingan “Qisasi Rabgʻuziy” asari esa oʻzbek adabiyotidagi goʻzal bir obidadir. Oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan ushbu mavzuida dildan suhbat oʻtkazildi. Muallif  oʻzi oʻqigan qadrdon maktabi kutubxonasiga   oʻzining mualliflik kitoblari, qizi Oydin Saʼdullayevaning ilmiy va ijodiy tarjimalaridan iborat asarlarni  armugʻon qildi.

 Ushbu tadbirda viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi D.Bekchanova, maktab direktori oʻrinbosari Gavharjon Dosyozova, ona tili va adabiyoti oʻqituvchilari Nargiza Xudayberganova, Oʻgʻiljon Ismailovalar ham soʻzga chiqib, Raʼno Zaripovaning asarlari haqida oʻz fikrlarini  bildirdilar.

Maktabning isteʼdodli oʻquvchilari  Mahliyo Bekberganova, Rohila Salayeva, Komila Komiljonovalar maktab darsligiga kirgan “Qisasi Rabgʻuziy” asaridan parchalar yod etib,  sheʼrlaridan  oʻqib berdilar. Tadbir soʻngida muallif bilan oʻquvchilarning savol-javoblar asosida qizgʻin suhbati davom etdi. Ushbu adabiiy uchrashuv  tom maʼnodagi maʼnaviy-maʼrifiy saboq mashgʻuloti sifatida yoshlar qalbida muhrlanib qoldi.

 Gulyor Palvanova

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.