Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini yuksak pogʻonaga koʻtarish, badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targʻib etish, ularning ongida milliy anʼana va qadriyatlarga nisbatan hurmat-ehtirom xissini kuchaytirish borasida viloyatda qator tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Respublikamiz Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida keng miqyosda ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, viloyat xalq taʼlimi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida reja-jadval asosida viloyat xududidagi umumtaʼlim maktablarida “Oʻzim oʻqigan maktabga kitob sovgʻa qilaman” loyihasi doirasida tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Umumtaʼlim maktablari kutubxonalarini yangi nashrdan chiqqan siyosiy-ijtimoiy, adabiy-badiiy va bolalar adabiyoti bilan toʻldirish, boyitish maqsadida ushbu tadbirda sobiq maktab oʻquvchilarining oʻzlari oʻqigan maktabga tashriflari tashkil qilinmoqda. Ana shunday tadbirlar Urganch shahri, Urganch va Yangibozor tumanlarida oʻtkazila boshlandi.
Navbatdagi ana shunday tadbir «Sogʻlom ona va bola» markazi bilan hamkorlikda 11 oktyabr kuni Urganch shahridagi 1-son umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi. Unda ushbu maktabni 50 yil burun tugatgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli publitsist, yozuvchi Raʼno Zaripova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Raʼno Zaripova mamlakatimizda ikki palatali parlament tashkil topganida Xorazmdan Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlardan biridir. U deputat sifatida Xorazm viloyatiga munosib xizmat qildi.
Shuningdek ijodkor tomonidan yozilgan “Harorat” “Onaginam”, “Yurt qoʻshiqlari” kabi kitoblarida ham Xorazmning oʻziga xos urf-odatlari, qadriyatlari koʻz oldingizda jonlanadi. Qadimiy turkiydan zamonaviy oʻzbek tiliga muvaffaqiyatli tabdil qilingan “Qisasi Rabgʻuziy” asari esa oʻzbek adabiyotidagi goʻzal bir obidadir. Oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan ushbu mavzuida dildan suhbat oʻtkazildi. Muallif oʻzi oʻqigan qadrdon maktabi kutubxonasiga oʻzining mualliflik kitoblari, qizi Oydin Saʼdullayevaning ilmiy va ijodiy tarjimalaridan iborat asarlarni armugʻon qildi.
Ushbu tadbirda viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi D.Bekchanova, maktab direktori oʻrinbosari Gavharjon Dosyozova, ona tili va adabiyoti oʻqituvchilari Nargiza Xudayberganova, Oʻgʻiljon Ismailovalar ham soʻzga chiqib, Raʼno Zaripovaning asarlari haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.
Maktabning isteʼdodli oʻquvchilari Mahliyo Bekberganova, Rohila Salayeva, Komila Komiljonovalar maktab darsligiga kirgan “Qisasi Rabgʻuziy” asaridan parchalar yod etib, sheʼrlaridan oʻqib berdilar. Tadbir soʻngida muallif bilan oʻquvchilarning savol-javoblar asosida qizgʻin suhbati davom etdi. Ushbu adabiiy uchrashuv tom maʼnodagi maʼnaviy-maʼrifiy saboq mashgʻuloti sifatida yoshlar qalbida muhrlanib qoldi.
Gulyor Palvanova