Mamlakatimiz poytaxtidagi Yunus Rajabiy nomidagi mahallada “Kitobxon oʻquvchilar” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirning maqsal-muddaosi juda mantiqli. Mahalla oʻquvchilari orasida kitob oʻqishga boʻlgan munosabatni shakllantirish va mutolaaga boʻlgan qizikishlarini yanada yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.
Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” nodavlat notijorat tashkiloti, Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazining Yakkasaroy tuman filiali, ATIB “Ipak yoʻli” banki Yakkasaroy filiali bilan hamkorlikda boʻlib oʻtgan tadbirda 91 — maktab oʻquvchilari oʻzlari oʻqigan kitoblarni taqdimot qildilar.
Oʻn besh yoshgacha boʻlgan kitobxonlar oʻzbek halqining sevimli adibi Gʻofur Gʻulomning “Shum bola” asarini va 16 yoshdan oshgan yukori sinf oʻquvchilari jadid adabiyotining yirik namoyondasi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning “Kecha va kunduz” asarlarining mazmun-mohiyatini gapirib, jyuri aʼzolarining mavzu yuzasidan bergan savollariga javob berdilar. Asarlarning muhokamasida faol qatnashgan oʻquvchilar “Ipak yoʻli” banki Yakkasaroy filiali tomonidan “Bolalar ensiklopediyasi” kitobi va boshqa oʻquvchilarbop qimmatbiho mukofotlar bilan takdirlandilar.
Menga umuman kitobxon bolalarning oʻzi oʻqigan kitobning taqdimotidagi faolligi, mushohadasi, kattalarga xos fikrlashga intilishlari juda-juda maʼqul keldi. Ana shunday goʻzal tadbirni, kitobxon bellashuvini oʻtkazayotgan mahallaga ham ming raxmat, Chunki, bunday tadbirlar bolalarni fikrlashga va oʻzi oʻqiyotgan kitoblardan xulosa chiqarishga oʻrgatadi. Jyuri aʼzolarini savollariga ham koʻzlari chaqnab javob berayotgani, yana “men ham shu savolga javob bersam boʻladimi”, deya tengdoshining suhbatiga qoʻshilib mulohaza bildirayotganining oʻzi goʻzal.
Tanlovni mahalla kutubxonasida oʻtkazilganining yaxshi tomoni shuki, oʻquvchilar mahalla kutubxonasi bilan tanishib ketishadi va undan foydalanishadi. Maskanda 1000 dan ortiq kitob bor. Yana eng yaxshi tomoni shuki, barchasi keyingi yillar ichida chop etilgan kitoblar boʻlib, uning teng yarmi jahon adabiyotidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan sara asarlardir. Mamlakatimiz Prezidentining har bir mahallaning oʻz kutubxonasi boʻlishi kerakligi haqidagi tashabbuslari ayni muddao boʻldi. Men ham ushbu mahalla kutubxonasidagi kitoblardan foydalanib turaman.
Faqat bitta eʼtirozim bor. Bunday bellashuvlar 91- maktabning koʻpgina oʻquvchi-tinglovchilari ishtirokida oʻtkazilsa samarasi yanada taʼsirliroq boʻlardi, deb hisoblayman.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi