Hozirgi kunda axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari oldida turgan asosiy maqsad – maʼnan yetuk, yaratuvchilik, ijodiy qobiliyatga ega, bilimli, erkin, hayotsevar, mustaqil shaxslarni tarbiyalash va rivojlantirishdir. Bu maqsadlarni amalga oshirish oʻquvchilarning kitobxonligi darajasini oshirishga sifat jihatdan yangicha yondashuvni talab qiladi.
Ushbu faoliyatda maxsus dasturlar, oʻquvchi va yoshlarni mutolaaga jalb etish yoʻli bilan samaradorlikka erishish mumkin.
Bu borada Xorazm viloyat axborot- resurs markazida kitobxonlikni targʻib etish va kitobxonlikka jalb etish maqsadida innovatsion (noanʼanaviy) usullardan foydalangan holda xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha Sehrli sandiqcha, Storisek (Tarix qopchasi), Bukrossing (kitob aylanishi), Koʻk chamadon oʻyinlari tashkil qilindi. Mazkur oʻyinlarning asosiy vazifasi oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarida kitob mutolaa qilishlarini taʼminlash, kitobxonlikni eng muhim maʼnaviy, madaniy ehtiyoj sifatida ommalashtirish yoʻnalishidagi faoliyatga innovatsion yondashuvlarini rivojlantirishdir.
“Storisek” yaʼni Tarix qopchasi nomli oʻyinida qopcha ichiga eng sara qiziqarli rang-barang rasmlarga boy badiiy kitoblar solindi. Bunga qoʻshimcha qilib mazkur kitoblarning kompakt disklari, yumshoq oʻyinchoqlar ham solindi. Kompakt disklar bu – ertakning yoki badiiy asarning ovozli shakli boʻlib, oʻquvchilarni bilimini boyitadi. Yumshoq oʻyinchoqlar kitob qahramonlarini jonlantirishga, uning obrazini tanishga yordam beradi. Bu oʻyin kichik yoshdagi bolalarga manzur boʻldi. Storisek bolalarni kitob oʻqishga boʻlgan intilishini kuchaytirishga va kitob oʻqishni oʻrgatishga yordam beradi.
Markazda faoliyat olib borayotgan “Mohir qoʻllar” toʻgaragi tomonidan “Sehrli sandiqcha” yasaldi. Bu “Sehrli sandiqcha” juda ham chiroyli, yorqin rangli sandiqcha boʻlib, unga bolalar sevib oʻqiydigan mashhur yozuvchilarning eng sara asarlari, fikr-mulohazalar daftari, talab -tilaklar bildirilgan xatlar solinadi. Bu sandiqcha viloyat maktablari boʻylab aylanib yuradi. “Sexrli sandiqcha” oʻsmirlarning vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida oʻylab topilgan.
Sehrli sandiqcha hozirda Urganch shahridagi 1, 6, 7-son maktablarga olib borildi. Sehrli sandiqcha har bir sinf oʻquvchilari oʻrtasida 10 kun davomida oʻqib chiqiladi. Sinfda oʻqilgan kitoblar yuzasidan suhbat boʻlib oʻtadi va kitobdan olgan taassurotlarini fikr-mulohazalar daftariga qayd qilishadi va talab -tilaklar bildirilgan xatlar sandiqchaga solinadi. Shu tarzda sinflar orasida kitoblar galma-gal aylanib chiqadi va undan barcha oʻquvchilar bahramand boʻlishadi. Bu sandiqcha oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Markazda oʻquvchilar qalbida adabiyotga boʻlgan havasni koʻchaytirish maqsadida Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat boʻlimi, Urganch shahar hokimligi maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot boʻlimi, viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viloyatimizdagi taniqli shoirlar va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Bolalar shoiri Ollabergan Poʻlat, dramaturg Q.Muhammadrizolar bilan uchrashuv kechalar shular jumlasidandir. Uchrashuv kechalarda oʻquvchilar oʻzlarining sheʼriyatga boʻlgan qiziqishlarini namoyon etib, taniqli shoirlarning sheʼrlari qatorida oʻz ijod namunalaridan ham oʻqib beradilar.
Oʻquvchilarda aktyorlik qobiliyatlarini oʻstirish, iqtidorli kitobxon-oʻquvchilarni aniqlash maqsadida “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” nomli sahna koʻrinishlar tashkil qilinmoqda. Unda Gʻafur Gʻulomning “Shum bola ” qissasi, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” asarlaridan sahna koʻrinishlar namoyish qilinmoqda.
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini foydali va mazmunli oʻtkazish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni hunarmandchilik va qoʻl mehnatiga oʻrgatish maqsadida “Mohir qoʻllar”, yosh ijodkorlarni aniqlash va boshqalarga oʻrnak sifatida koʻrsatish maqsadida “Yosh musavvir” toʻgaraklari tashkil etilgan.
Yangi texnologiyalar kun sayin rivojlanib, mamlakatda axborotlashtirish jarayonlari tobora ildam qadam tashlayotgan hozirgi davrda yoshlardan tezkor fikrlash, yangi maʼlumotlarni zudlik bilan topish va oʻzlashtirish talab etilmoqda. Shuni inobatga olgan holda foydalanuvchilarga internet orqali xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini oshirish, ularning yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilimlarini shakllantirish maqsadida “Kompyuter savodxonligi” toʻgaragi tashkil etilgan.
Toʻgaraklarga oʻquvchilar darsdan soʻng kelib, dastlabki koʻnikmalarni oʻzlashtirmoqda, kitob mutolaa qilib maʼnaviyatini boyitmoqda. Farzandining boʻsh vaqti foydali va mazmunli oʻtayotganidan ota-onalar ham mamnun.
Yoshlarning kelajakda barkamol inson boʻlib etishishlari uchun, oʻquvchilarning ongini yot gʻoyalar egallamasligi uchun, ular qalbida kitobga mehr uygʻotish biz ARM xodimlarining asosiy vazifalarimizdan biridir. Bunday tadbirlar oʻquvchilarning mutolaaga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun oltinga teng boʻlgan boʻsh vaqtini televizor koʻrish, kompyuter, telefon titkilash bilan oʻtkazayotgan yuzlab yoshlarni kelajakda kitob oʻqib tarbiya topayotgan birgina kitobxon bola boshqarishi mumkin.
Nazira Raxmanova,
Xorazm viloyati axborot- resurs markazi direktori