Mutolaaga innovatsion yondashuvlar

0
476
marta koʻrilgan.

Hozirgi kunda axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari oldida turgan asosiy maqsad – maʼnan yetuk, yaratuvchilik, ijodiy qobiliyatga ega, bilimli, erkin, hayotsevar, mustaqil shaxslarni tarbiyalash va rivojlantirishdir. Bu  maqsadlarni amalga oshirish oʻquvchilarning kitobxonligi darajasini oshirishga sifat jihatdan yangicha yondashuvni talab qiladi.

Ushbu faoliyatda maxsus dasturlar, oʻquvchi va yoshlarni mutolaaga jalb etish yoʻli bilan samaradorlikka erishish mumkin.

Bu borada  Xorazm viloyat  axborot- resurs  markazida kitobxonlikni targʻib etish va kitobxonlikka jalb etish maqsadida innovatsion (noanʼanaviy)  usullardan foydalangan holda xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

 Kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha   Sehrli sandiqcha,  Storisek (Tarix qopchasi), Bukrossing (kitob aylanishi), Koʻk chamadon  oʻyinlari tashkil  qilindi. Mazkur  oʻyinlarning asosiy vazifasi  oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarida kitob mutolaa qilishlarini taʼminlash, kitobxonlikni eng muhim maʼnaviy, madaniy ehtiyoj sifatida ommalashtirish yoʻnalishidagi faoliyatga innovatsion yondashuvlarini rivojlantirishdir.

“Storisek” yaʼni  Tarix qopchasi  nomli oʻyinida  qopcha ichiga eng sara qiziqarli rang-barang rasmlarga boy badiiy kitoblar solindi. Bunga qoʻshimcha qilib mazkur kitoblarning kompakt disklari, yumshoq oʻyinchoqlar ham solindi. Kompakt disklar bu – ertakning yoki badiiy asarning ovozli shakli boʻlib, oʻquvchilarni bilimini   boyitadi. Yumshoq oʻyinchoqlar kitob qahramonlarini jonlantirishga, uning obrazini tanishga yordam beradi. Bu oʻyin kichik yoshdagi bolalarga manzur boʻldi.  Storisek bolalarni kitob oʻqishga boʻlgan intilishini kuchaytirishga va kitob oʻqishni oʻrgatishga  yordam beradi.

Markazda faoliyat olib borayotgan  “Mohir qoʻllar” toʻgaragi tomonidan  “Sehrli sandiqcha” yasaldi. Bu “Sehrli sandiqcha”  juda ham chiroyli, yorqin rangli sandiqcha  boʻlib, unga bolalar sevib oʻqiydigan mashhur yozuvchilarning eng sara asarlari,  fikr-mulohazalar daftari, talab -tilaklar bildirilgan xatlar solinadi. Bu sandiqcha viloyat  maktablari  boʻylab aylanib yuradi. “Sexrli sandiqcha”  oʻsmirlarning vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida oʻylab topilgan. 

Sehrli sandiqcha hozirda  Urganch shahridagi 1, 6, 7-son maktablarga olib borildi. Sehrli sandiqcha  har bir sinf oʻquvchilari oʻrtasida  10 kun davomida oʻqib chiqiladi. Sinfda oʻqilgan kitoblar yuzasidan suhbat boʻlib oʻtadi va kitobdan olgan taassurotlarini fikr-mulohazalar daftariga qayd qilishadi va talab -tilaklar bildirilgan xatlar  sandiqchaga  solinadi. Shu tarzda sinflar orasida kitoblar galma-gal aylanib chiqadi va undan barcha oʻquvchilar bahramand boʻlishadi. Bu sandiqcha oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

   Markazda oʻquvchilar  qalbida adabiyotga boʻlgan havasni koʻchaytirish  maqsadida  Oʻzbekiston yozuvchilar  uyushmasi Xorazm viloyat boʻlimi, Urganch shahar hokimligi maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot boʻlimi, viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viloyatimizdagi taniqli shoirlar va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Bolalar shoiri Ollabergan Poʻlat, dramaturg Q.Muhammadrizolar bilan uchrashuv kechalar shular jumlasidandir. Uchrashuv kechalarda  oʻquvchilar  oʻzlarining  sheʼriyatga    boʻlgan  qiziqishlarini  namoyon  etib, taniqli  shoirlarning  sheʼrlari  qatorida  oʻz  ijod  namunalaridan  ham  oʻqib  beradilar.

Oʻquvchilarda  aktyorlik qobiliyatlarini oʻstirish, iqtidorli  kitobxon-oʻquvchilarni aniqlash   maqsadida  “Ertaklar  yaxshilikka  yetaklar”  nomli  sahna koʻrinishlar   tashkil  qilinmoqda.  Unda Gʻafur  Gʻulomning “Shum  bola ” qissasi, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning  “Sariq  devni  minib” asarlaridan  sahna  koʻrinishlar namoyish  qilinmoqda.

Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini foydali va mazmunli oʻtkazish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni hunarmandchilik va qoʻl mehnatiga  oʻrgatish maqsadida “Mohir qoʻllar”, yosh  ijodkorlarni aniqlash va boshqalarga oʻrnak sifatida koʻrsatish maqsadida “Yosh musavvir” toʻgaraklari  tashkil etilgan.

Yangi texnologiyalar kun sayin rivojlanib, mamlakatda axborotlashtirish jarayonlari tobora ildam qadam tashlayotgan hozirgi davrda yoshlardan tezkor fikrlash, yangi maʼlumotlarni zudlik bilan  topish va oʻzlashtirish talab etilmoqda. Shuni  inobatga  olgan  holda foydalanuvchilarga internet orqali xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini oshirish, ularning yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilimlarini shakllantirish maqsadida “Kompyuter savodxonligi” toʻgaragi tashkil etilgan.

Toʻgaraklarga oʻquvchilar darsdan soʻng kelib, dastlabki koʻnikmalarni oʻzlashtirmoqda, kitob mutolaa qilib maʼnaviyatini boyitmoqda. Farzandining boʻsh vaqti foydali va mazmunli oʻtayotganidan ota-onalar ham mamnun.

Yoshlarning  kelajakda barkamol   inson boʻlib  etishishlari  uchun,  oʻquvchilarning ongini yot gʻoyalar egallamasligi uchun, ular  qalbida kitobga mehr uygʻotish biz ARM  xodimlarining  asosiy vazifalarimizdan biridir. Bunday tadbirlar oʻquvchilarning mutolaaga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun oltinga teng boʻlgan boʻsh vaqtini televizor koʻrish, kompyuter, telefon titkilash bilan oʻtkazayotgan yuzlab yoshlarni kelajakda kitob oʻqib tarbiya topayotgan birgina kitobxon bola boshqarishi mumkin.

   

Nazira Raxmanova,

Xorazm viloyati  axborot- resurs markazi  direktori           

 

                             

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.