Sharofat ISKANDAR qizi: QISMAT yohud urush asorati (hikoya)

0
344
marta koʻrilgan.

(Hikoyani Berdiyor amakimning yorqin xotirasiga bagʻishlayman)

Berdiyor amakim ( men uni aka derdim) dunyodan oʻtganida, atigi  26 yoshda edi. Aytishlaricha, esini tanibdiki, boshi kasaldan chiqmagan. Samandar  bobom ( katta amakim, bizning odatga koʻra, hurmat yuzasidan   otaning akasi  bobo hisoblanadi) ikkinchi Jahon  urushi  paytida asirlikda   boʻlib,  to  ozod  etilgunga  qadar  oʻpkasidan ayrilgan, asirlikdan soʻng eti  ustuxoniga  yopishib,  arvohdek  sudralib  uyga qaytgan.

Oʻsha kezlari bobom keksayib qolgan  xasta  boʻlib,  roʻzgʻor yuki momomning yelkasida boʻlgan. Berdiyor akam ularning kenja farzandi, Samandar bobom  boqiy olamga qaytganida, u  hali murgʻak bola  ekan. Momom (zagotzerno) don korxonasida ishlagan.  Samandar bobom  esa noiloj  norasida  ukasiga qarab oʻtirgan. Oʻshanda  sil shoʻrlik  Berdiyor akamga ham yuqqan, lekin  xastalik uzoq  vaqt yuzaga chiqmagan.

Shu oʻrtada  Samandar  bobomning ahvoli tanglashib,  davolangani viloyat markaziga   ketgan va  kasalxonada olamdan oʻtgan. Undan sira  darak boʻlmagan, izlashtirib borguvchi  esa  topilmagan. Momoginam somondek sargʻayib, yoʻlga termulib,  sirilib yurgan kunlarning birida   urush boʻlgan yurtlardan   otam   qaytgan va  darhol akasini qidirib shaharga  joʻnagan.   Samandar bobomning   oʻlganini eshitib, shahar koʻchalarida  boʻtadek boʻzlagan. Toʻngʻichining hasratida  ado boʻlgan momom Berdiyor  akam   yoʻtalib,  isitmai — otash boʻlib yonganida, “shamollabdi”  deb, oʻylab oʻzicha  davolashga kirishgan, biroq  bolasi  sil kasaliga mubtalo boʻlganini eshitganida esa  dard-dunyosi qorongʻi boʻlib, esidan ogʻay degan. Buni qarangki, oʻsha kezlari tibbiyot hozirgidek rivojlanmagan, sil kasalining  davosi yoʻq edi chamamda.

Shu  zaylda  yelvizak  yillar gʻaflatda qoldirib oʻtdi. Berdiyor akam  ozgʻin, oqquvadan kelgan yigit boʻlib, nimasi bilandir shoir Gʻafur Gʻulomni eslatardi. Harholda menga shunday tuyulardi. U muloyim tabiatli, vazmin, mulohazali boʻlib,  sira birovning koʻnglini ogʻritmas, bosiqlik bilan yumshoq  ohangda soʻzlardi.  Momom ikkisi  keng, moʻl hovlimizning yuqori qismida bir  ayvonli ikki xonali  kichkina uyda  yashashar, shoʻrlik akamning  umri  deyarli kasalxonalaru, sanatoriylarda oʻtardi. Uyda boʻlgan kezlari  rubobini  tingʻillatib  qoʻshiq xirgoyi qilardi. Qaysidir sihatgohda kimdandir  jajji, bejirim  qutichalar yasashni oʻrganibdi. Kelganidan soʻng opalariga, yangalariga  yasab berib, barini xursand qilgandi. Oʻshanday qutichalardan biri  hali hanuz marhum Izzat ammamdan qolgan  javonga koʻrk berib turibdi. 

Bir gal Namangandagi allaqaysi  sanatoriydan  zavq-shavqqa toʻlib qaytdi. Oʻshanda  (60 yillar) mashhur boʻlgan xonanda Botir Zokirov bilan   tanishgan va  ular oʻrtasida qadrdonlik rishtasi paydo boʻlgan ekan.  Botir Zokirov akam kuylagan qoʻshiqlarni tinglab, «Sizning sohir ovozingiz bor ekan»,-debdi.  Shu shu u qoʻlidan  sozini qoʻymaydigan boʻldi. Xuddi shunday kunlarning birida  onam Langar qishlogʻidan  Shahriniso ismli  sagʻir qarindoshini  uyimizga olib keldi. Endigina 16 yoshni qarshilagan, koʻzlari qisiq boʻlsada, yonoqlari ol,  rangi toza  togʻlik qizdan  oʻshanda akam koʻzlarini uzolmay qolgani esimda. 

Yoz faslining sokin, soʻlim   oqshomlarida soz sadosi yangrar va unga akamning yoqimli ovozi joʻr boʻlardi.  

Gulim,  sen  bahorsan, nozli, iforli

Xush boʻying   koʻngilni aylar sarafroz.

Xastaning orzusi armonli, zorli

Haddi bormi  senga ochgali dil roz.   

Oʻshanda hali bola edim, akamning qoʻshiq aytgani yoqar, lekin uning  iztirobini anglay olmasdim.

Bir kuni gʻalati boʻldi. Shahriniso akamning   doʻppisini mix bilan teshayotganii koʻrib qoldim.

– Hoy, Shahri opa nima qilyapsiz?!

Shahriniso koʻzlaridan munchoqdek yosh toʻkdi va  doʻppini  oyoqlari tagiga tashlab tepkilay boshladi. Soʻng esa  bir tepib ariq ichiga tushirib yubordi. Doʻppi hoʻl boʻlgan, chetiga  loy yopishib qolgandi. Yugurib borib ariqdan doʻppini oldim va Shahrinisoga qarab oʻshqirdim.

– Hoy, sen nega akamning qalpogʻini  tepyapsan?!

Shahrinisoning qattiq jahli chiqqan va anordek qizil yuzlaridan qon qochib boʻzarib ketgandi.

– Berdiyor oʻpka kasal, seni suyaman dedi, shu mening tengimmi?!

Men hali sevgi nimaligini bilmasdim, biroq  negadir koʻnglim toʻlib ketdi,  koʻzlarimdan duv yosh quyuldi.

– Akamding qalpogʻini tepmang opa, tovingizga keting!

U esa gapga quloq solmas, hadeb akamni yozgʻirardi.

– Yer yutgur, oʻpka kasal, gapirgan gapini qara-ya…

Shu payt yerda yotgan toshga koʻzim tushib qoldi va uni  olib Shahrinisoni koʻzlab otdim..

– Ket uyimizdan, sen yomonsan, yomon!

Ana boʻlmasa, tosh Shahrinisoning boshiga  tegdi,  yuziga qon sizib oqardi. Uning faryodi olamni buzdi.   Ichkaridan  yugurib chiqqan onam oʻsha kuni meni rosa kaltakladi. Qilt etmadim, ammo  kechqurun otamga shart qoʻydim.

– Shahri ketsin, boʻlmasa men uydan ketaman!

– E, nima gunoh qildi u, momoqizim?

– Akamding qalpogʻini  mix bilan teshdi, keyin tepib loyga tushirdi.

–  Nega  teshadi, nimaga tepadi?!

– Akam “suyaman” degani uchun,  akamni “oʻpka kasal” dedi.  

 Otamning rangi  yomon boʻzardi, katta  burnini tortib qoʻydida,  koʻzlariga kelgan yoshni   mushti  bilan sidirdi.

Ertasi kuni tongda akasi kelib, Shahrinisoni   olib ketdi.  Boshqa uning nomini tilga olmadik.  Qattiq ezilgan akam kunduzlari lom-mim demay yurar, tunlari  rubobiga joʻr boʻlib nola qilardi. Oʻsha yili kuzakda   yana kasalxonaga tushib qoldi. Qish izgʻirini  endigina  esa boshlagan kunlarning birida ramaqda zoʻrgʻa ilinib turgan joni uzildi. Akamni koʻrpaga oʻrab olib kelishganida, hali tanasi toʻla sovimagandi. Momomning azasida akam  yigʻlasa adolatliroq boʻlardi.  Afsuski,  jigarporasining jasadi ustida momoginam beliga belboq bogʻlab «bolamlab» boʻzladi. Hovlini bosgan tumonat olomon  esa loqayd, hissiz, tomoshabin boʻlib turar, bola  qalbim  hali  bunday iztirobni hazm qilolmas, turganlarning barchasini, shuningdek, akamning qalpogʻini tepgan Shahrinisoni ham birdek yomon koʻrardim.

Oʻshanday kunlarning birida turkman yozuvchisi Xidir Deryaevning «Qismat» nomli asari qoʻlimga tushib qoldi. Kitob meni qattiq hayajonga solgandi. Asar bosh qahramoni Uzukjamol qismati juda ayanchli  boʻlib, ruhiy olamimni algʻov-dalgʻov  qilib yubordi. Taassurot bir oʻzimga ogʻirlik qilardi.   Uzun qish kechalari pechka yonida oʻtirib olib, momomga  kitobni oʻqib bera boshladim. Shunday qilsam, goʻyo momoginam  dunyoda undanda baxtsizroq odamlar borligini  bilib  ovunadigandek,  biroz boʻlsada dardlaridan forigʻ boʻladigandek tuyulardi. Ichki sezgim aldamagandi, qiziqarli   asar mazmuni momomni ham mahv etdi. U toʻshakka yonboshlagan koʻyi ovozimni  tinglar, soʻng esa toliqib, tishsiz ogʻzini poʻk-poʻk  qilib uxlab qolardi.  Ertasiga azonda

– Bolam, maktabdan  kelganingdan keyin, kechqurun yana kitob oʻqiymiza-a?-deb soʻrardi.

– Oʻqiymiz momojon, oʻqiymiz. Bilsangiz, uyogʻi  buyogʻidanda qiziq…

Sharofat ISKANDAR qizi

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.