(Hikoyani Berdiyor amakimning yorqin xotirasiga bagʻishlayman)
Berdiyor amakim ( men uni aka derdim) dunyodan oʻtganida, atigi 26 yoshda edi. Aytishlaricha, esini tanibdiki, boshi kasaldan chiqmagan. Samandar bobom ( katta amakim, bizning odatga koʻra, hurmat yuzasidan otaning akasi bobo hisoblanadi) ikkinchi Jahon urushi paytida asirlikda boʻlib, to ozod etilgunga qadar oʻpkasidan ayrilgan, asirlikdan soʻng eti ustuxoniga yopishib, arvohdek sudralib uyga qaytgan.
Oʻsha kezlari bobom keksayib qolgan xasta boʻlib, roʻzgʻor yuki momomning yelkasida boʻlgan. Berdiyor akam ularning kenja farzandi, Samandar bobom boqiy olamga qaytganida, u hali murgʻak bola ekan. Momom (zagotzerno) don korxonasida ishlagan. Samandar bobom esa noiloj norasida ukasiga qarab oʻtirgan. Oʻshanda sil shoʻrlik Berdiyor akamga ham yuqqan, lekin xastalik uzoq vaqt yuzaga chiqmagan.
Shu oʻrtada Samandar bobomning ahvoli tanglashib, davolangani viloyat markaziga ketgan va kasalxonada olamdan oʻtgan. Undan sira darak boʻlmagan, izlashtirib borguvchi esa topilmagan. Momoginam somondek sargʻayib, yoʻlga termulib, sirilib yurgan kunlarning birida urush boʻlgan yurtlardan otam qaytgan va darhol akasini qidirib shaharga joʻnagan. Samandar bobomning oʻlganini eshitib, shahar koʻchalarida boʻtadek boʻzlagan. Toʻngʻichining hasratida ado boʻlgan momom Berdiyor akam yoʻtalib, isitmai — otash boʻlib yonganida, “shamollabdi” deb, oʻylab oʻzicha davolashga kirishgan, biroq bolasi sil kasaliga mubtalo boʻlganini eshitganida esa dard-dunyosi qorongʻi boʻlib, esidan ogʻay degan. Buni qarangki, oʻsha kezlari tibbiyot hozirgidek rivojlanmagan, sil kasalining davosi yoʻq edi chamamda.
Shu zaylda yelvizak yillar gʻaflatda qoldirib oʻtdi. Berdiyor akam ozgʻin, oqquvadan kelgan yigit boʻlib, nimasi bilandir shoir Gʻafur Gʻulomni eslatardi. Harholda menga shunday tuyulardi. U muloyim tabiatli, vazmin, mulohazali boʻlib, sira birovning koʻnglini ogʻritmas, bosiqlik bilan yumshoq ohangda soʻzlardi. Momom ikkisi keng, moʻl hovlimizning yuqori qismida bir ayvonli ikki xonali kichkina uyda yashashar, shoʻrlik akamning umri deyarli kasalxonalaru, sanatoriylarda oʻtardi. Uyda boʻlgan kezlari rubobini tingʻillatib qoʻshiq xirgoyi qilardi. Qaysidir sihatgohda kimdandir jajji, bejirim qutichalar yasashni oʻrganibdi. Kelganidan soʻng opalariga, yangalariga yasab berib, barini xursand qilgandi. Oʻshanday qutichalardan biri hali hanuz marhum Izzat ammamdan qolgan javonga koʻrk berib turibdi.
Bir gal Namangandagi allaqaysi sanatoriydan zavq-shavqqa toʻlib qaytdi. Oʻshanda (60 yillar) mashhur boʻlgan xonanda Botir Zokirov bilan tanishgan va ular oʻrtasida qadrdonlik rishtasi paydo boʻlgan ekan. Botir Zokirov akam kuylagan qoʻshiqlarni tinglab, «Sizning sohir ovozingiz bor ekan»,-debdi. Shu shu u qoʻlidan sozini qoʻymaydigan boʻldi. Xuddi shunday kunlarning birida onam Langar qishlogʻidan Shahriniso ismli sagʻir qarindoshini uyimizga olib keldi. Endigina 16 yoshni qarshilagan, koʻzlari qisiq boʻlsada, yonoqlari ol, rangi toza togʻlik qizdan oʻshanda akam koʻzlarini uzolmay qolgani esimda.
Yoz faslining sokin, soʻlim oqshomlarida soz sadosi yangrar va unga akamning yoqimli ovozi joʻr boʻlardi.
Gulim, sen bahorsan, nozli, iforli
Xush boʻying koʻngilni aylar sarafroz.
Xastaning orzusi armonli, zorli
Haddi bormi senga ochgali dil roz.
Oʻshanda hali bola edim, akamning qoʻshiq aytgani yoqar, lekin uning iztirobini anglay olmasdim.
Bir kuni gʻalati boʻldi. Shahriniso akamning doʻppisini mix bilan teshayotganii koʻrib qoldim.
– Hoy, Shahri opa nima qilyapsiz?!
Shahriniso koʻzlaridan munchoqdek yosh toʻkdi va doʻppini oyoqlari tagiga tashlab tepkilay boshladi. Soʻng esa bir tepib ariq ichiga tushirib yubordi. Doʻppi hoʻl boʻlgan, chetiga loy yopishib qolgandi. Yugurib borib ariqdan doʻppini oldim va Shahrinisoga qarab oʻshqirdim.
– Hoy, sen nega akamning qalpogʻini tepyapsan?!
Shahrinisoning qattiq jahli chiqqan va anordek qizil yuzlaridan qon qochib boʻzarib ketgandi.
– Berdiyor oʻpka kasal, seni suyaman dedi, shu mening tengimmi?!
Men hali sevgi nimaligini bilmasdim, biroq negadir koʻnglim toʻlib ketdi, koʻzlarimdan duv yosh quyuldi.
– Akamding qalpogʻini tepmang opa, tovingizga keting!
U esa gapga quloq solmas, hadeb akamni yozgʻirardi.
– Yer yutgur, oʻpka kasal, gapirgan gapini qara-ya…
Shu payt yerda yotgan toshga koʻzim tushib qoldi va uni olib Shahrinisoni koʻzlab otdim..
– Ket uyimizdan, sen yomonsan, yomon!
Ana boʻlmasa, tosh Shahrinisoning boshiga tegdi, yuziga qon sizib oqardi. Uning faryodi olamni buzdi. Ichkaridan yugurib chiqqan onam oʻsha kuni meni rosa kaltakladi. Qilt etmadim, ammo kechqurun otamga shart qoʻydim.
– Shahri ketsin, boʻlmasa men uydan ketaman!
– E, nima gunoh qildi u, momoqizim?
– Akamding qalpogʻini mix bilan teshdi, keyin tepib loyga tushirdi.
– Nega teshadi, nimaga tepadi?!
– Akam “suyaman” degani uchun, akamni “oʻpka kasal” dedi.
Otamning rangi yomon boʻzardi, katta burnini tortib qoʻydida, koʻzlariga kelgan yoshni mushti bilan sidirdi.
Ertasi kuni tongda akasi kelib, Shahrinisoni olib ketdi. Boshqa uning nomini tilga olmadik. Qattiq ezilgan akam kunduzlari lom-mim demay yurar, tunlari rubobiga joʻr boʻlib nola qilardi. Oʻsha yili kuzakda yana kasalxonaga tushib qoldi. Qish izgʻirini endigina esa boshlagan kunlarning birida ramaqda zoʻrgʻa ilinib turgan joni uzildi. Akamni koʻrpaga oʻrab olib kelishganida, hali tanasi toʻla sovimagandi. Momomning azasida akam yigʻlasa adolatliroq boʻlardi. Afsuski, jigarporasining jasadi ustida momoginam beliga belboq bogʻlab «bolamlab» boʻzladi. Hovlini bosgan tumonat olomon esa loqayd, hissiz, tomoshabin boʻlib turar, bola qalbim hali bunday iztirobni hazm qilolmas, turganlarning barchasini, shuningdek, akamning qalpogʻini tepgan Shahrinisoni ham birdek yomon koʻrardim.
Oʻshanday kunlarning birida turkman yozuvchisi Xidir Deryaevning «Qismat» nomli asari qoʻlimga tushib qoldi. Kitob meni qattiq hayajonga solgandi. Asar bosh qahramoni Uzukjamol qismati juda ayanchli boʻlib, ruhiy olamimni algʻov-dalgʻov qilib yubordi. Taassurot bir oʻzimga ogʻirlik qilardi. Uzun qish kechalari pechka yonida oʻtirib olib, momomga kitobni oʻqib bera boshladim. Shunday qilsam, goʻyo momoginam dunyoda undanda baxtsizroq odamlar borligini bilib ovunadigandek, biroz boʻlsada dardlaridan forigʻ boʻladigandek tuyulardi. Ichki sezgim aldamagandi, qiziqarli asar mazmuni momomni ham mahv etdi. U toʻshakka yonboshlagan koʻyi ovozimni tinglar, soʻng esa toliqib, tishsiz ogʻzini poʻk-poʻk qilib uxlab qolardi. Ertasiga azonda
– Bolam, maktabdan kelganingdan keyin, kechqurun yana kitob oʻqiymiza-a?-deb soʻrardi.
– Oʻqiymiz momojon, oʻqiymiz. Bilsangiz, uyogʻi buyogʻidanda qiziq…
Sharofat ISKANDAR qizi