Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi U-23 Osiyo chempionati “A” guruhi 3-turida Ummonga qarshi bahs olib borib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvning 37-daqiqasida Doston Tursunov tomonidan kiritilgan yagona gol Ravshan Haydarov jamoasiga gʻalaba keltirdi. Parallel ravishda kechgan bahsda musobaqa mezboni Xitoy Qatarga 1:2 hisobida yengildi.
Natijada Oʻzbekiston olimpiya termasi 6 ochko bilan guruhda ikkinchi oʻrinni egallab, chorak finalga chiqdi. Barcha oʻyinda gʻalaba qozongan Qatar 1-oʻrin bilan pley-off yoʻllanmasiga ega boʻldi.
Chorakfinalda “A” guruhi gʻolibi Qatar “B” guruhida 2-oʻrinni egallagan jamoa bilan, oʻz guruhida ikkinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston OTJ esa “B” guruhi gʻolibi bilan kuch sinashadi. “B” guruhidagi holatda yuzlanadigan boʻlsak, 2-turdan keyin Yaponiya 6 ochko bilan birinchi, KXDR termasi esa 4 ochko bilan ikkinchi pogʻonani egallab turibdi.
“B” guruhi 3-turida aynan Yaponiya va KXDR jamoalari oʻzaro bahs olib boradi. Mazkur bahs ertaga, 16 yanvar kuni boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati