Ahil oila maktabi

0
1335
marta koʻrilgan.

  Biz ayollar nazdida oila boshligʻi toparman-tutarman, maoshini xotinidan bekitmaydigan, uyim-joyim deb tinmaydigan er risoladagidek erkak hisoblanadi. Ayol deganda esa pazanda, epchil, shirin soʻz, uy-roʻzgʻor yumushlarini bekamu koʻst ado etadigan rafiqa jonlanadi. Albatta, bu nisbatlar ham oʻz oʻrnida toʻgʻri. Ammo, osoyishta oilani taʼminlaydigan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlaydigan boshqa asoslar ham mavjud. Bularga ruhiy yaqinlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, munosabatlarda halimlik ham  kiradi.

Pul topib roʻzgʻorni taʼminlash va mazali taomlar qilishning oʻzi bilan oilaviy hayot goʻzal va ahil boʻladi deyish qiyin. Demak, oilani mustahkam boʻlishida er-xotinning koʻngil yaqinligi, dunyoqarashining uygʻunligi, asosiysi bir-birini tushunib  yashashga intilishi muhimdir. Koʻngil yaqinligi, oʻzaro hurmat, muhabbat bor joyda moddiy yetishmovchilik va boshqa qiyinchiliklar oson yengib oʻtiladi.  Ahil oila boʻlmoqning toʻqqizta sirini  tavsiya qilamiz. Sinab koʻring.

Shirin soʻz – jon ozigʻi

Har qanday vaziyatda ham soʻzingiz muloyim tilingiz shirin boʻlsin. Kamchiliklaringiz haqida gapirganda toʻgʻrilikcha qabul qilishga odatlaning. Keragidan ortiq soʻz gapirmang. Xato va kamchiliklaringizni tuzatishga kirishing. Keyingi safar xatoga yoʻl qoʻmaslikka oʻzingizni majburlang. Har doim koʻngli ochiq ayol boʻling. Bu esa sizning yutugʻingiz.

Sarishtali ayol – parishtali beka

    Oilaning eng nozik tamoni ham tozalikdir. Uyga mehmon boʻlib kelgan kishi ostonadan uyning bekasi qanaqaligini bir qarashda biladi. Shuning uchun uyqudan vaqtli uygʻoning ishni tozalikdan boshlang. Oshxonani oʻzingiz uchun ishxonaga aylantiring. Shinam, toza oshxona sogʻlik garovi. Unutmangki, hammayoq saramjon boʻlsa, koʻngil ham xotirjam boʻladi.

Mehnat qadrni oshiradi, pazandalik oilani jamlashtiradi

    Kun boʻyi ishlab keldim deb uyga kelib yotib olmang. Farzandlaringiz, oilangiz uchun sizni charchashga haqqingiz yoʻq. Siz charchasangiz, oilangiz ham charchaydi. Ishdan kelgan zahoti bir pas dam olib, shirin ovqatlar qilishga kirishing. Nima ovqat tayyorlashni oldindan rejalashtirib, baʼzi mahsulotlarni tayyorlab qoʻying. Farzandlaringiz uchun ham qoʻli shirin pazanda boʻlishingiz kerak. Oson va mazali pishiriqlar pishirib ularni koʻngilini oling. Kechki mazali ovqatni oila davrasida jamuljam boʻlib, yeyishga nima yetsin.

Farzand tarbiyasi – hayot va mamot

    Farzandlar kelajagimiz mevasi. Daraxt gurkirab oʻsishi uchun har kuni suv va quyosh kerak. Bola ham oftobdek mehr va sogʻlom turmush tarzi quchogʻida boʻlishi lozim. Bola tarbiyalashda juda ham eʼtiborli boʻling. Ularga mehr berish bilan birga erkalashlarni ham meʼyorida bajaring. Yoshligidan mehnat qilishga oʻrgating. Kundalik yumushlarini belgilab, maslahatlashib qoʻying. Sizga uy yumushlarida yordamlashsa ragʻbatlantiring. Bu ragʻbat bolangizni yana ham mehnat qilishga undaydi. Jahlingiz chiqqanida ularni urishmang aks holda jizzaki boʻlib qoladi. Xatolarini osoyishtalik va sabr-toqat bilan tushirtirishga harakat qiling. Bolalarning  boʻsh vaqti boʻlishiga hech imkon bermang.

Oila hisobini boshqarish

Siz oilaning bosh hisobchisiz shuni unutmang! Roʻzgʻorning yetar yetmasligi sizning zimmangizda. Maoshni taqsimlayotganda hech ham adashmang, hatto, orttirishga, biroz jamgʻarishga harakat qiling. Bu ham sizning yutugʻingiz. Eringiz  topganining barakasi koʻrinadi. Jufti halolingiz sizni  haqiqiy  sevimli beka  deb tan oladi.

Maroqli dam oling

Kechki ovqatdan soʻng kechki oilaviy kechki sayr uyushtiring. Oʻzingiz ham uy yumushlaridan forigʻ boʻlasiz. Miyangiz dam oladi. Piyoda yurish inson sogʻligiga juda foydali hisoblanadi. Oʻzingizdagi holsizlik yoʻq boʻlganini his etasiz. Ertangi kunni yaxshi kayfiyatda qarshi olasiz.

Vafodor boʻling!

Oila aʼzolaringizni  eʼzozlang. Hurmat qilsangiz izzat topasiz. Ulardan shirin soʻzingizni ayamang. Jufti halolingizni kayfiyati yoʻqligida, jahli chiqqanida siz jim turing. Bu oʻtib ketadigan holat. Ishdan kech qolganida soʻroqqa tutishga shoshilmang. Keyinroq oʻzlariga kelganida sababini sizga aytib beradi. Har doim kiyimlari toza tursin. Sizni ishingizdan hech qachon kamchilik topmasin. Boringizga shukr qilsin. Farzandlaringizga ham shu tartibni oʻrgating. Qoʻsh uyasida koʻrganini qiladi.

Bahslashmang

Hech qachon bir-biringiz bilan bahslashib qolmang. Ayniqsa, farzandlar oldida. Kam gapirib  koʻproq tinglashni oʻrganing. Turmush oʻrtogʻingizning  gapini hech qachon notoʻgʻri demang, siz haqsiz toʻgʻri deyishga harakat qiling. Uzr soʻrashni unutmang. Birovlarni oldida nafsoniyatiga tegmang, kamchilik axtarmang. Shu kamchilik sizda ham talaygina boʻlish ehtimoli yoʻq emas, zero, hech kim aybsiz boʻlmaydi.

XULOSA

Inson yolgʻizlikda baxt va halovat topolmaydi. Bu matematika tili bilan aytganda aksioma – hayotning isbot talab qilmaydigan haqiqati. Shunday ekan, oila mustahkamligiga hali oila qurmasdan avval harakatni boshlang. Oilani mustahkamlash sirlarini avvaldan oʻrganib oling. Turmush qurganingizdan keyin doim bir maqsad boʻlsin: turmush oʻrtogʻingiz siz bilan faxrlanishini astoydil istang. Ishoning, bu istak turmushda uchraydigan barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtadi va oilangiz  ahil va osoyishta hayot kechirishini taʼminlaydi.

 Dilfuza Azimova tayyorladi.

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.