Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish, sifatli psixiatriya yordami koʻrsatishni tashkil etish, ruhiy holat buzilishining oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash tizimini yanada rivojlantirish maqsadida “2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga 2019 yil 13 fevral kuni Sh.Mirziyoyev tomonidan imzo qoʻyildi.
Ushbu hujjatda “2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi” va Konsepsiyaning 2019-2020 yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 1 va 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi hamda konsepsiyaning asosiy vazifalari belgilab berildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi lavozimlari roʻyxatiga “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlarini kiritilganligi taʼkidlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini tayyorlash va kiritishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishini nazarda tutishi lozimligi ham koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qaror maqsadlari va vazifalarini, shuningdek, Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosining borishini yoritish boʻyicha maqolalar va mavzuga doir telekoʻrsatuvlar tashkil etish ham yuklatilgan.