Aritmiya – asosan yurak faoliyatining tartibsiz urishi desak boʻladi. Tinch holatlarda katta yoshdagi sogʻlom odamlarda yurak urishining oʻrtacha meʼyori 1 daqiqada 60–90 ta zarbga teng.
Yurak zarbini oʻy sharoitida aniqlash. uchun nima qilish kerak? Yurak urishini bir piyola achchiq choy ichgandan keyin kamida 30 daqiqa oʻtgach oʻlchash lozim. Oʻlchash oldidan kishi oyoq-qoʻlini yozib, 5 daqiqacha dam olishi kerak.
Aritmiya kasalligi alomatlari. Yurak urishi koʻpayishi yoki sekinlashishi yurak yetishmovchiligi belgisidir. Aritmiya boshlanishi bilan yurak tomirlariga qon oʻz vaqtida yetib kelmagani sababli tartibsiz ravishda siqila boshlaydi.
Natijada odam isib ketish yoki sovqotishni his qilishi, yurakning tez-tez urishi, yurak atrofida yoqimsiz, bejo sezgilar, yurak atrofida kuchli turtki(goʻyo joyidan qoʻzgʻolayotgandek) yoki uning tinib qolishi bosh aylanishi, toʻsatdan ongni yoʻqotish, yurakdagi ogʻriq yoki sanchiqlar, bosh ogʻrigʻi, umumiy lohaslik, nevrologik buzilishlar kuzatiladi.
Aritmiyalarning ayrim turlari sezilarli belgilarsiz kechadi. Bu vaziyatda kasallikni faqat bemor pulsi tekshirilganda yoki elektrokardiogrammasi tahlil qilinganda oshkor boʻladi. Aritmiyaning taxikardiya va bradikardiya kabi turlari koʻproq uchraydi.
Taxikardiya – yurak faoliyatining buzilishi, unda bir daqiqada tinch holatda 90–100 martadan koʻproq yurak urishi kuzatiladi.
Aksariyat hollarda vegetotomir distoniyasi (VSD) bilan birga keladi. Taxikardiyada agar nafas tutilib turilsa sezilarli darajada yurak urish ritmi kamayadi. Taxikardiya tana harorati oshganda tireotoksikozda, miokarditlarda, kamqonlik oqibatida rivojlanadi. Paroksizmal taxikardiya – bu aritmiyaning bir turi boʻlib daqiqasiga 140–240 taga etadigan yurak urishi xurujlari bilan xarakterlanadi. U toʻsatdan boshlanadi va ana shunday toʻsatdan tugallanadi. Bir necha soniyadan tortib bir necha kungacha davom etishi mumkin. Taxikardiya xurujida bemorda ter chiqishi, harorat koʻtarilishi, holsizlik, alahsirash, yurak atrofida noxush sezgilar kuzatiladi.
Bradikardiya yurakning daqiqasiga 40–60 martadan kam urishidir. Ushbu maʼlumotlar katta yoshlilar uchun standart meʼyor hisoblanadi, bolalar uchun ularning yoshi boʻyicha maxsus darajalash mavjud.
Aksariyat sogʻlom, ayniqsa, jismonan chiniqqan shaxslarda uchraydi. Sportchilarda koʻp kuzatiladi, tinimsiz mashqlar oqibatida yurak mushaklari baqquvatlashadi. Natijada bunday yurak normadan sekinroq ursa ham organizmni qon bilan taʼminlab bera oladi. Undan tashqari, bradikardiya patologik jarayonlar natijasi ham boʻlishi mumkin. Masalan miokard infarkti, qalqonsimon bez (gipotireoz) faoliyati susayishi, ayrim virusli kasalliklar, zaharlanish taʼsiri va boshqalar. Vaqti-vaqti bilan bradikardiya yurak atrofida noxush tuygʻularni paydo qiladi.
Yurak blokadasi (qamali) – impulsning yurak boʻlmasidan yurak qorinchasiga oʻtishidagi buzilishdir. Daqiqasiga 40 zarbdan kamroq chastotali bradikardiya bilan xarakterlanadi. Blokadalar barqaror va oʻtkinchi boʻlishi mumkin. Miokarditlar, kardioskleroz, miokard infarkti paytida, ayrim dorilar taʼsiri ostida (yurak glikozidlari, betaadrenoblokatorlar, verapamil) yuzaga keladi. Barqaror bradikardiyada bosh aylanishi, hushdan ketish hollari kuzatilishi mumkin.
Ekstrasistoliya – yurakning muddatidan oldin qisqarishi, bunda yurak notekis urayotgandek yoki urmay qolgandek boʻlib tuyuladi. Bu kasallik koʻproq sogʻlom odamlarda uchraydi. Agar ekstrasistoliya siyrak (daqiqasiga 5 tadan kamroq) boʻlsa va bemor uni sezmasa, unda maxsus muolaja talab etilmaydi. Bordi-yu, ekstrasistoliya tezlashsa, daqiqasiga 6 va undan ham oshsa. Bemor yuragi notekis urayotganini sezsa, boshi aylansa, unda darhol shifokorga murojaat qilish zarur.
Beqaror aritmiya – beqaror yurak urushi, daqiqasiga 100 dan 150 martagacha va oʻziga xos tebranma ritm bilan harakterlanadi. Yurak boʻlmasining tebranishi barqaror yoki xurujli boʻlishi mumkin. Tebranma aritmiya bemorga sezilmasligi yoki yurakning oddiy urishi kabi sezilishi mumkin. Baʼzida qon tomirlarida tromblar hosil boʻlishi qayd etiladi.
Uyda, shifokor qabuligacha yordam. Agar sizda taxikardiya belgilari boʻlsa, shifokor qabuligacha yalpiz, limonoʻt, doʻlana yoki valeriana oʻsimliklari damlamasini ichish mumkin.
Agar bradikardiya belgilari kuzatilsa, aksincha, sizning holatingizni qoʻzgʻatish kerak. Buning uchun achchiq choy yoki qora qahva ichish kerak.
Qoʻshimcha qilish kerakki, bradikardiyani davolashda qoʻllanadigan barcha dori vositalari tarkibida qoʻzgʻaluvchanlikni oshiradigan kofeindan foydalaniladi.
Bemorlar orasida yurakning tartibsiz urishi bilan namoyon boʻluvchi aritmiya turi ham kuzatiladi. Baʼzida ritm kuchayadi, soʻngra keskin tushadi, keyin esa bir necha soniyaga yurakning butunlay «toʻxtashi»ni his qilish mumkin. Bunday holatlarda siz avvalo, tinchlantiruvchi choy iching. Agar bu yordam bermasa, shoshilinch ravishda maxsus dori-darmonlar qabul qilish uchun shifokor bilan maslahatlashing.
Aritmiya dardining rivojlanish sabablari. Aritmiya juda koʻp xastaliklar alomati boʻlishi mumkin. Umuman olganda, koʻpgina bemorlarning 20 foizdan ortigʻi aritmiyadan aziyat chekadi.Ushbu qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi (tireotoksikoz, gipotireoz), buyrak yalligʻlanishi (nefrit), yurak nuqsonlari, oʻsmalar, oʻtkir respirator virusli infeksiyalar, gripp, tomoq bodomsimon bezlarining yalligʻlanishi (tonzillit), virusli infeksiyalar, surunkali piyelonefrit, kamqonlik. asab tizimining zoʻriqishi (nevroz, stress) . zaharli moddalar (nikotin, alkogol), ayrim dorilarning nojoʻya taʼsiri. va shu kabi qasalliklarning belgisi sifatida ham kuzatiladi. Shuning uchun, agar bemor aritmiya alomatlarini sezsa, birinchi navbatda elektrokardiogramma qilish kerak. Shundan keyingina kasallikning asl sababini qidirish mumkin.
Bolalarda bu biroz farq qiladi: birinchi navbatda yurak yetishmasligi xastaligiga tekshiriladi. Agar nuqson aniqlanmasa, aritmiya alomatlari yolgʻon boʻlishi mumkin, chunki 14-16 yoshgacha bolalarda vegetativ tizim hali yetilmagan boʻladi. Ushbu aritmiya sinus yoki nafas olish aritmiyasi deb ham ataladi.
Aritmiyada ovqatlanish qoidalari. Aritmiya kasalliklari uchun maxsus parhez yoʻq. Biroq, dardning oldini olish va davolashda toʻgʻri ovqatlanish katta ahamiyatga ega.
Aritmiyaning asosiy sabablaridan biri elektrolitlar (kalsiy, magniy va kaliy) muvozanatining buzilishi hisoblanadi. Shu sababli tarkibida oqsil koʻp boʻlgan baliq mahsulotlari, muntazam meva va sabzavotlar va koʻkatlar isteʼmol qilish kerak boʻladi.
Kaliyga boy kartoshka, uzum, oʻrik va magniyga boy suli hamda yosmiq yormasi, turshaklar, yongʻoqlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Ushbu oziq-ovqatlardan foydalanish yurak ritmiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Nafas mashqlari. Aritmiyani oldini olishda va davolashda nafas olishga alohida eʼtibor qaratilgan maxsus jismoniy mashqlarni bajarish muhim ahamiyatga ega. Jismoniy faollik yaʼni fizioterapiya mashqlari faqat shifokor tomonidan belgilanadi.
Tashhis usullari. Odamda aritmiya alomatlari mavjud boʻlsa, tashxisni aniqlash va muolaja oʻtkazish uchun shifokorga murojaat qilish lozim. Ogʻir aritmiya huruji paytida zudlik bilan “Tez yordam” chaqirish maqsadga muvofiqdir. Holbuki bu kasallikni aniqlash uchun qiyin diagnostik muolajalar shart emas. Tashxis quyish uchun aksariyat hollarda EKG oʻtkazishni oʻzi kifoya qiladi. EKG hafvsiz, tez, aniq va arzon diagnostik usul hisoblanadi.
Aritmiyalarning koʻplab turlari orasida, paroksizmal taxikardiya, tebranma aritmiya va yurak blokadasi ayniqsa havfli. Chunki ushbu kasalliklar xurujlari paytida bemor koʻpincha tez yordamga muhtoj boʻladi.
Tekshirishlar eng avvalo aritmiya rivojlanishining asosiy sabablarini aniqlashga qaratiladi. Bunda dastlab miokard infarkti, miokardit, kardioskleroz, tireotoksikoz, elektrolit buzilishlar va shu kabi kasalliklarga sinovlar oʻtkaziladi. Koʻpincha dastlab tashxis tasodifan majburiy umumiy koʻriklar paytida qoʻyiladi. Chunki aritmiya uzoq vaqt simptomlarsiz kechishi mumkin. Lekin yurak ritmi buzilishi xarakteri va aritmiya sababini faqat elektrokardiografik tekshirish chogʻida (EKG), aniqlik bilan belgilash mumkin. Bu tekshirishlarni shifokor-kardiolog tayinlaydi.
Biroq qanday tahlildan oʻtishingizni bilib qoʻyganingiz maʼqul: jismoniy zoʻriqishli EKG sinovlari (veloergometriya); EKGning kechayu-kunduz sutka davomida yozib olishi; Elektrofiziologik tekshiruv, elektrolit almashinuvini tekshirish (qonda kaliy, kalsiy va magniy toʻplanishi); qalqonsimon bez garmonlarining darajasini aniqlash.
Aritmiyada birinchi yordam. Aritmiya xurujida birinchi navbatda tez yordam chaqiring. Tez yordam yetib kelguncha bemorning ahvolini birmuncha yengillashtirishga harakat qiling. Buning uchun quyidagilarni bajaring.
Avvalo bemorni tinchlantirsh, toʻshakka yotqizish lozim. Tinchlantiruvchi dori valeriana nastoykasi, arslonquyruq nastoykasi, korvalol va shunga oʻxshash vositalar berish.
Ayrim hollarda bemorni chuqur nafas oldirish, nafasni ushlab turish. Barmoqlari bilan burunni qisish va kuchanib nafas chiqarishni, oʻpkadagi havoni qisib ushlab turishni soʻrash kerak. Yuzi qip-qizarib ketadi, ammo bu xavfli emas. Ana shunday bir necha kuchanishlardan keyin yurak urishi xuruji koʻpincha toʻxtaydi.
Aritmiyada xalq tabobati tavsiyalari. Lavlagi, sabzi va sholgʻom suvlari aralashmasini 1:1:1 nisbatda yurak aritmiyalarining har qanday turida bir necha oy davomida har kuni ichish foydalidir. Yurak qattiq ura boshlaganda anjir yeyish yoki limon poʻstini chaynash juda foydali. Beshbargli arslonquyruq suvini aroq bilan 1:1 nisbatda aralashtirib ichish ham foyda beradi. Yurak qattiq urganda, taxikardiya, aritmiya va nevrozda ovqat isteʼmol qilish oldidan kuniga 3 martadan 1 choy qoshiqdan ichish lozim.
Yurakning tez-tez urishi, gipertoniya kasalligida qip-qizil doʻlana mevalari va asalari mumi nastoykasi bilan aralashtirilib, 1:1 nisbatda kuniga 3 marta 25 tomchidan ichiladi.
Qalampir yalpiz – yurak ritmi buzilganda, yurak mushagi ishining uzilish yoki toʻxtab qolish holatlarida isteʼmol qilinadigan eng samarali vositalardan biri. Yalpizning 1 choy qoshiq yaproqlari 1 stakan qaynoq suvga solinadi va 1 soat issiq joyda saqlanadi. Dokadan oʻtkaziladi. Ertalab nonushtadan yarim soat oldin oz-ozdan hoʻplab ichiladi. Damlama bir kun ham kanda qilmay uzoq muddatgacha har kuni ichiladi.
Bir osh qoshiq asalni yarim stakan lavlagi suviga aralashtirilib, kunda 3 mahal ovqatdan oldin ichish ham koni foyda.
Olovda pishirilgan kartoshka ham juda foydali. Uni butunligicha olov qoʻrida yoki pechda pishiriladi.
Aziz oʻquvchilar, salomatlik sirlarini muntazam oʻrganib boring, ushbu ilm oʻzingizni asrashga va anglashga koʻmaklashadi. Dardni bergan Alloh shifosini ham yaratib qoʻyibdi. Alloh bergan neʼmatlarni bilib, oʻrganib oʻz oʻrnida ishlata bilishingiz kerak, faqat.
Oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova tayyorladi.