Biolog mushohadasi: Genetikada gap koʻp

0
664
marta koʻrilgan.

 Bugungi kunda intensiv bogʻlarda oʻsgan mevalarni koʻrganda koʻz quvonadi. Yirik-yirik olma, nok, olxoʻri, shaftoli mevalarini koʻrganda beixtiyor ajablanasiz. Qulubnayni aytmaysizmi?!Naqt Hozarasp olmasidek keladi. Mana ayni kunlarda chet eldan urugʻi olib kelib ekilayotgan makkajoʻrilarni oling. Ular yirik boʻlish bilan birga  tez pishadi, yumshoqqina boʻladi. Bu goʻzalliklarning hammasi yaxshi navlarni chatishtirish orqali vujudga kelyapti. Inson genetikasi ham shunga oʻxshab ketadi.

Qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh rishtalarining salbiy oqibatlari avvalo genetik tarzda nasl buzilishi oqibatlariga sabab boʻlmokda. Yaʼni jismonan nogiron va aqlan nosogʻlom bolalar dunyoga kelmoqda. Sogʻlom dunyoga kelgan bolalarning ham boʻyi pastlab ketmoqda. Eslab qolish qobiliyati ham sustlashmoqda. Bu esa jamiyatimizda turli muammolarni keltirib chiqaradi.  Bittagina misol: hammamiz bilamizki, oilada sogʻlom bolaga nisbatan  kasalvand bolaga koʻproq mablagʻ sarflanadi. Jamiyatda ham xuddi shunday.

 Oʻzbek xalki azaldan mehribon, muruvvatli, bolajon xalk. Hamisha yordamga shay turadi, muhtojlarga oʻz himmatini koʻrsatib keladi. Biroq,  himmat bilan bemorning dardini yengillashtira olmaysiz. Koʻnglini koʻtarasiz faqat. Shuning uchun dardni davolagandan koʻra uning oldini olgan maʼqul.

 Yaqinda ijtimoiy muhtoj oilalardan xabar olgani borib, ularning qalblariga ozgina quvonch ulashib kelgan boʻlsakda, afsuski, qalbimiz ogʻriq olib qaytdi. Meni qiynab yuborgani bir oilada ikki- uch nafar nogiron kishilar borligi boʻldi. Ularning mungli koʻzlaridan yashiringan  ogʻriqlarni his qildim. Axir ular xam yaxshi yashashga haqli, umidli insonlar. Ammo, kimlarningdir xatolari bilan dunyoda shunday tugʻilishgan. Afsus, ulardan soʻrab-surishtirsam opa-singil, aka-uka, aka-  singillarning farzandlari turmush qurgan oilaning jigarbandlari ekan.

Hayotda nafaqat inson balki, barcha tirik  mavjudotlarda ham genetik oʻzgarishlar ekologik muhitga qarab kuchayishi fanda aniqlangan. Masalan,  bir joyda, bir tuproq, bir muhitda  ekilayotgan koʻchatning hosil berishi yildan yilga pasayib ketadi. Agar undan koʻchat olib, masalan, Andijondan Toshkentga olib kelib ekilsa,   kutilgandanda sifatli xosil beradi. Sababi ekologik muhitning oʻzgarishi, yaʼni havo, suv, iqlim va tuproq tarkibining oʻzgacha ekanligidadir.

Bogʻbonlar ham daraxtlarni payvand qilishda begona joydan keltirilgan yaxshi navlardan foydalanadilar. Ular xech qachon yonidagi daraxtni bir-biriga ulamaydilar. Inson vujudidagi butun tirik hujayralar ham ekologik muhitga moslashib rivojlanadi. Biolog boʻlganim uchun oʻsimliklar dunyosi orqali tushintirishga intildim. Qarindosh-urugʻchilik asosida qurilgan oila farzandlari ham ana shunday genetikani buzilishiga olib keladi. Aslida quda-anda boʻlishda uzoqrok masofadagi insonlar bilan rishta bogʻlash sogʻlom avlod tarzini kuchaytiradi. Bu fan allaqachon isbotlab boʻldi.

Aziz doʻstlar. Yangi yilingiz muborak boʻlsin.Ostonamizda turgan yil har bir oilaga baxt-saodat, shodlik olib kelsin.

Shoxida SULTONOVA, biolog

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.