Bola aqli zaifligining sababi, belgilari va davolash

0
11473
marta koʻrilgan.

Xalqimizda «ona bola gulu lola» degan matal bejiz emas. Bolalarda uchraydigan aqliy zaiflik kasalligi oligofreniya deyiladi. Uning sabablari: tugʻruqning ogʻir oʻtishi, erta bolalik davrida oʻtkazilgan bosh miyaning ogʻir kasalliklari (meningit, ensefalit), bosh miya jarohatlari va qarindoshlar orasida turmush qurishdir. Xalqimizda «ona bola gulu lola» degan matal bejiz emas.

Homilador ayol aminokislotalar, glyukoza, vitaminlar va mineral moddalarga boy boʻlgan oziq-ovqatlarni yetarli darajada isteʼmol qilmasa ham aqliy zaif bola tugʻilishi xavfi oshadi. Homilador ayolni ruhan ezaverish ham asabiy nosogʻlom bolaning dunyo­ga kelishiga sababchi boʻladi. Baʼzida oligofreniya sababini aniqlash qiyin.

Belgilari: aqliy zaiflik rivojlanayotganligi, odatda bola 2-3 yoshga yetganda maʼlum boʻlib qoladi. Chunki bolaning nutqi 1 yoshdan keyin chiqa boshlaydi. Ota-ona bolaning oʻz tengdoshlaridan orqada qolib borayotgani, harakatlari yoʻqligi, tili kech chiqayotganiga eʼtibor qaratadi. Masalan, bola 3 yoshga yetsa ham nutqi rivojlanmay qoladi, oʻyinchoqlarga qiziqmaydi, ruhiy faolligi oʻta sust boʻladi. Bunday bolalarning aksariyati jismonan nimjon ham boʻlishadi. Oligofreniyaning ogʻir turlarida bolaning boshi kichik boʻlib, uni tik tuta olmaydi.

Bola 5-6 yoshga yetganda aqliy zaiflik belgilari yanada yaqqol koʻzga tashlanadi. Uning xatti-harakatlari 3-4 yashar bolaga oʻxshaydi, baʼzilari juda qaysar, yigʻloqi va oʻjar boʻlsa, boshqa birlari oʻta sust boʻlib, oʻyin-kulgili voqealarga sira eʼtibor qilmaydi. Oligofreniyaning yengil turida bola gaplashadi, uydagi ishlarni bajaradi, ust-boshiga eʼtibor qiladi, biroq aqliy faollikni talab qiluvchi ishlarda ularning ojiz ekanligi bilinib qoladi. Bunday bola bogʻcha va maktabdagi oddiy topshiriqlarni bajara olmaydi, oddiy arifmetik qoʻshish-ayirishlarda juda qiynaladi, uni tengdoshlari kalaka qilib yuradi. Shuning uchun ham oligoforeniya bilan kasallangan bola oʻzidan yosh bolalar bilan oʻynashni xush koʻradi. Necha yashar bolalar bilan oʻynayotganiga qarab, uning aqliy rivojlanishdan necha yil orqada qolayotganini bilib olish mumkin.
Tashxis qanday qoʻyiladi? Afsuski, aksariyat hollarda ota-onalar bola maktab yoshiga yetganda shifokorga murojaat qilishadi. Koʻpincha bolaning aqliy rivojlanishdan orqada qolayotganligi tarbiyachilar yoki bosh­langʻich sinf oʻqituvchilari tomonidan sezib qolinadi. Bunday paytlarda bogʻcha va maktabdagi psixolog­lar ­eʼtiborli boʻlishlari, bolani psixologik testlardan oʻtkazib turishlari lozim.

Davolash. Bola neyropsixolog yoki tibbiy psixolog koʻrigidan oʻtkaziladi. Oʻtkazilgan asab kasalliklarini aniqlash uchun nevropatolog koʻrigi ham zarur. Davolash muolajalari dori-darmonlar (glutamin kislotasi, letsitin, folat kislotasi, metionin, magniy va yod preparatlari), turli psixologik mashqlar va pedagogik usullar orqali olib boriladi. Bunday bolalar uchun turli sharoitlar yaratilgan maxsus maktablar mavjud. Ushbu maktablarda bolaning ruhiy va jismoniy salomatligini tiklash uchun maxsus pedagog va psixologlar faoliyat koʻrsatishadi. Yaxshi natijaga erishish bir necha yillarni talab qiladi.
Vrachlar turli aminokislotalarni koʻp- koʻp tavsiya etishadi. Bosh miyada glutamin kislotasi, metionin, letsitin va folat kislotasi ishtirokisiz hech qanday aqliy jarayon kechmaydi. Bu dorilarni aqliy zaif bolalar vrach tomonidan tuzilgan maxsus sxema orqali oylab qabul qilishlari kerak. Ularning jigarga hech qanday ziyoni yoʻq, aksincha, foydali.

Epilepsiyaning baʼzi turlarida ham bora-bora aqliy zaiflik rivojlanish xavfi bor. Chunki tutqanoq xurujlari tez-tez kuzatilaversa, bosh miyada glutamin kislotasi zaxirasi soʻna boshlaydi. Buning oqibatida aqliy zaiflik shakllanib boradi. Bu holatning oldini olish uchun turli aminokislotalarni bemorga oylab berish talab etiladi. Xotirani tiklovchi har qanday dorilar aminokislotalar oʻrnini bosa olmaydi. Bu yerda yod preparatlarini berishni ham esdan chiqarmaslik kerak. Vrachlar  va ota-onalar buni aslo unutmasliklari kerak.

Zarifboy IBODULLAYEV, tibbiyot fanlari doktori, professor

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.