Bolalarda yassi oyoqlik jiddiy muammo hisoblanadi. Ulgʻayganda uzoq yura olmaydigan, tez toliqadigan boʻlib qoladi.
Bolalarda koʻp uchraydigan nuqson yassi oyoqlikning tugʻma koʻrinishini besh yoshgacha aniqlash qiyinchilik tugʻdirganligi sababli shifokorlar profilaktika maqsadida bolalarning oyoq kiyimiga ortopedik moslamalarni solishni tavsiya etadilar. Bunday moslamalar yassi oyoqlikning vujudga kelishining oldini oladi. Uni davolash qiyin emas. Dori vositalari ham shart emas. Hafsala, bolaga eʼtibor kerak xalos.
Bu xastalikni davolash boʻyicha profilaktik muolajalar qanchalik tez boshlansa, shunchalik goʻdak oyoqlari toʻgʻri rivojlanib oʻsadi.
Farzandingizda yassi oyoqlik mavjudligini qanday aniqlash mumkin? Bolani yalangoyoq yurgizing. U turli yoʻnalishlarda yurib koʻrsin. Siz esa oyoqchalarining ichki qismini kuzating. Ular yerga deyarli tegmasligi kerak. Kamdan kam holatlarda yassi oyoqlik tugʻma boʻladi. Odatda bola yura boshlasa nuqson koʻzga tashlanadi.
Yassi oyoqlikni kompyuter podometriya (oyoq izlari surati) yordamida aniqlash mumkin. Odatda sogʻlom oyoq ost qismining ichki tomoni, umumiy ost qismning 3/2 qismini tashkil etishi kerak. Yassi oyoqlikda esa ushbu ichki tomon yoʻq boʻladi, yoki juda kam qismni tashkil qiladi.
Bolalarda yassi oyoqlikning oldini olishni bola tugʻilgan ilk kunlaridan boshlash lozim. Bunda bola oyoqlarining mushaklarini mustahkamlash zarur. Buning uchun uqalash, davolovchi gimnastika, maxsus muolajalardan foydalaniladi. Boldir va tovon mushaklarini uqalashni ota-onalarning oʻzlari bajarishi mumkin. Boldir mushaklarini barmoqlaringiz bilan uqalash yetarlidir. Bolaning tovon mushaklarini uqalash uchun bosh barmoq bilan bolaning tovonidan to oyoq barmoqlari uchigacha yurgizib chiqing. Bunday uqalashlarni kuniga 2 marotaba (ertalab va kechqurun), 10 daqiqadan bajarish zarur.
Bir yoshdan soʻng bola yurishni boshlaganida davolovchi gimnastikani koʻpaytirish lozim. Bolaga oyoqlarining uchida yurishni va shu holatda sakrashni, oyoqning tashqi qismida yurishni, tovonda yurishni, tovonlar yordamida qalam, tayoqcha aylantirishni oʻrgatish kerak.
Bola tovonining shakli bolaning gavdasi bilan bogʻliqdir. Yassi oyoqlik mavjud barcha bolalarda qomatning notoʻgʻri shakllanishi kuzatiladi. Umuman olib qaraganda oyoq va qomatning bir biriga bogʻliqlik tarafini koʻrmaysiz. Lekin ayni paytda yassi oyoqlik mavjud 60-70 foiz bolalarda umurtqaning qiyshayishi va gavdaning jiddiy muammolari kuzatilmoqda. Tovonning oz boʻlsada toʻgʻri shakllanmasligi mavjud boʻlsa, u kichkintoyning jismoniy rivojlanishiga jiddiy taʼsirini oʻtkazishi mumkin. Yassi oyoqli bolalar koʻp tik tura olmaydilar. Ular tez toliqadilar, oyoq va sonlardagi ogʻriqlar haqida shikoyat qiladilar.
Bolalarda yassi oyoqlikni quyidagi mashqlar yordamida davolash mumkin. Mashqlarni bajarishda dastlab sizga shifokor yordam beradi.
Oʻtirgan holatda tovonlarni birma bir bukish; tovonlarni aylantirish; argʻimchoq mashqi: bola oyoqlarida tik turib, avval oyoqlarining uchlariga, soʻng tovonlariga tayanadi; oyoqlar uchida yurish; yerga gimnastik tayoqchani qoʻyib, unda yurish juda foydalidir; oyoq barmoqlarida turib, yarim oʻtirishni bajarish; gimnastik tayoqchada oʻtirib-turish; oyoq barmoqlarida changʻi uchgandek harakatlanish; kichkina koptokchani 1-3 daqiqa davomida oyoq barmoqlari bilan harakatlantirish; oyoq barmoqlarida turib sakrash; turli buyumlarni oyoq barmoqlari bilan koʻtarish.
Shunday foydali mashqlardan yana biri yoz kunlarida, bola imkon qadar yerda oyoq yalang yurishi zarur. Ayniqsa, qumda yurish foydali boʻlib uqalash vazifasini ham bajaradi. Issiq kunlarda bu mashqlarni hovuzchada bajarish bolaning orom olishini ham taʼminlaydi.
Mashqlarni birdan barchasini bajarish shart emas. Bolaning oʻziga qulayidan boshlab asta-sekin koʻpaytirib borish maqmadga muvofiq. Hamma mashqlarni birdan bajarganda 3-4 daqiqadan soʻng bola bir oz daqiqaa dam olgani maʼqul. Mashqlarning umumiy vaqti 15-20 daqiqani tashkil etishi kerak. Kuniga ikki-uch marotaba mashqlarni bajarish istalgan natijani beradi. Bir – bir yarim oylardan soʻng bolakay oʻzini yaxshi his eta boshlaydi.
Aziz ota-onalar! Farzandingiz sogʻligʻiga barvaqt eʼtibor bersangiz uning sogʻlom voyaga yetishiga imkon yaratasiz, buni unutmang!
Soliyjon BEKCHANOV, tibbiyot fanlari nomzodi