Bosh aylanishi nimadan darak berishi xususidagi savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova javob beradi.
— Bosh aylanishi kimlarda koʻproq kuzatiladi? Odatda bunga nima sabab boʻladi?
— Bosh aylanishi har qanday yoshdagi kishida kuzatilishi mumkin, ammo keksalarda tez-tez uchraydi — 70 yoshdan oshgan odamlarning 20 foizigacha boʻlgan qismi bu muammoga duch kelishadi. Katta yoshlilar oʻrtasida ayollar erkaklarga nisbatan koʻproq aziyat chekishadi.
Agarda alkogoldan zaharlanish, dori vositalarining nojoʻya taʼsiri, suvsizlanish, qizib ketish yoki issiq urishi, avtomobil, poyezd yoki kemada sayr qilish, kamqonlik, qonda qand miqdorining pasayib ketishi, qon bosimining tushib ketishi, birdaniga koʻp jismoniy mashqlar bajarish, quloq infeksion kasalliklari tufayli bosh aylanishi qisqa davom etsa, odatda, bu inson uchun zararsiz boʻladi.
— Bu holat qaysi kasalliklar alomati hisoblanadi?
— Bosh aylanishi jiddiy kasalliklarning alomatlari ham boʻlishi mumkin — aritmiya va insultdan tortib, saratongacha boʻlgan xastaliklarning alomati hisoblanadi. Shu bois bosh aylanishining turlarini ajratish juda muhim.
Deylik, boshning tez-tez va uzoqroq aylanishi quloqning jiddiyroq kasalliklari(vestibulyar nervning virusli infeksiyalari, labirintit)da uchraydi. Bunday bosh aylanishiga beʼtibor boʻlmaslik kerak. Chunki bu holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga oʻtib ketish xavfi yuqori boʻladi.
— Bosh aylanishining yana qanday koʻrinishlari bor?
Birdaniga holsizlik, koʻrish yoki eshitish, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishi ham bor. Bunday holat insultni bildiradi. Agar bemorning nutqi oʻzgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki insult kasalligida butunlay tuzalib ketish taxminan 16 foizga teng, qolgan 84 foiz holatda bemorning oʻlimi yoki nogironlik bilan tugallanadi.
Oʻtirgan joydan turilganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi koʻp uchraydigan holat. Koʻpincha u organizmda suyuqlik yetishmasligi bilan bogʻliq boʻladi. Shu sababli kunning issiq vaqtlarida koʻproq suyuqlik ichish kerak. Agar sizda suvsizlanish yoʻq boʻlib, ortostatik bosh aylanishi boʻlsa, sizda yurak ritmining buzilishi yoki yurak yetishmovchiligi boʻlishi mumkin.
Bosh aylanishi bilan birga kuchli bosh ogʻriqlari, yurishning qiyinlashishi va yiqilish, koʻngil aynishi va qusish, hushdan ketish, nafas olishning qiyinlashishi, boʻyin muskullarining tortishishi va talvasalar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak.
— Bosh aylanganda inson organizmida qanday jarayon sodir boʻladi?
— Bosh aylanishi charchoq va behuzurlikning toʻsatdan paydo boʻluvchi alomati boʻlib, bunda insonga uni oʻrab turgan olam atrofida aylanayotgandek tuyuladi.
Bunda miya bilan ichki quloqdagi vestibulyar apparat orasidagi aloqa buziladi. Natijada miya fazodagi nazoratni yoʻqotib, tanani fazoda boshqara olmay qoladi. Baʼzan bosh aylanganida qayt qilish markazi ham taʼsirlanadi. Odatda, bu uzilish bir necha soniyalarga teng boʻladi.
— Bosh aylanishini qanday davolash mumkin?
Bosh aylanishi alohida kasallik boʻlmay, 80 dan ziyod turli xastaliklarning alomati hisoblanadi. Aynan shuning uchun toʻgʻri tashxisni aniqlash uzoq vaqt talab qiladi. Bosh aylanishi kutilmaganda faqat bir marta sodir boʻlsa, noqulaylik hissini yengillashtirish uchun bir necha daqiqa yoting.
Bosh aylanishidan soʻng sekin, ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga urining, tez-tez dam oling va suv ichishni unutmang – bu suvsizlanishning oldini olishga yordam beradi. Chekish va alkogoldan voz keching. Bu holatni yana qaytalanmasligiga eʼtiborli boʻlish kerak.
— Bosh aylanishi uzoq vaqt va tez tez takrorlansa-chi?
— Agar inson sogʻligʻida jiddiy muammo boʻlsa, bosh aylanishi bir necha soatdan keyin yoki bir necha kundan keyin qaytalanadi. Agar bosh aylanishi bir daqiqadan koʻproq davom etsa va muntazam ravishda takrorlansa, terapevt yoki nevrolog koʻrigiga borish kerak. Har ikki holatda oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va malakali maslahatchining tavsiyasi muhim.
Oʻtib ketmaydigan bosh aylanishlarida terapevtga murojaat qilish kerak. Kompyuter tomogramma yoki magnit-rezonans tomogramma kabi tekshiruvlarni shifokor belgilab bergandan keyingina amalga oshirish talab etiladi.
Eslatib oʻtamiz, kimda bosh aylanishi takrorlansa, davriy yoki doimiy xarakterga ega boʻlsa, albatta, shifokorga murojaat qilib, toʻliq tekshiruvlardan oʻtishi davolanishi zarur. Eʼtiborsiz qoldirilgan bu holat ogʻir oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi