Oʻzbekistonda chilonjiydaning ikki xil navi mavjud.
Biri xuddi marjondek dum-dumaloq shaklda boʻlib, Xorazmda uni annob jiyda deyishadi. Ushbu daraxtning ninalaridan qizchalarning qulogʻiga zirak taqish uchun teshilganida undan foydalanishadi. Chunki antiseptik xususiyatga ega. Ikkinchi turi esa “unabi” deb ataladi. U nok shakliga oʻxshaydi, uzunchoq boʻladi. Har ikkisi ham shifobaxsh boʻlib, oʻziga xos chiroyli, barglari yaltiroq, gullaganda oʻzgacha ifori va goʻzalligi bilan dillarni yayratadi.
Chilonjiyda dala-yu bogʻlarda oʻsadi. U juda shifobaxsh. Mevasida 40-60 foyiz qand, 3 foyiz oqsil, organik kislotalar, S vitamini, oshlovchi moddalar, karotin, bargida alkaloidlar, flavoitlar va boshqa moddalar mavjud.
Alloma Ibn Sino chilonjiyda mevasini koʻkrak ogʻrigʻi, oʻpka, buyrak va siydik pufagi kasalliklarini davolash uchun ishlatgan.
Shifobaxshligi bilan insonlar eʼtiborini tortgan bu neʼmat– tana aʼzolarining tonusini koʻtaruvchi, siydik haydovchi, balgʻam koʻchiruvchi malham sifatida qoʻllaniladi. Shuningdek, gipertoniya va ateroskleroz kasalliklarida ishlatiladi.
Chilonjiyda mevasidan tayyorlangan damlama xalq tabobatida koʻkrak ogʻrigʻi, yoʻtal, chechak, kamqonlik va ich ketish kasalliklarida ogʻriq qoldiruvchi va qon toʻxtatuvchi malham sifatida ishlatiladi.
Damlama tayyorlash: Qapqoqi zich yopiladigan idishga bir stakan qaynoq suv va 20 gr maydalangan mevadan solib, 1 soatga damlab qoʻyiladi. Soʻngra dokadan suzib oʻtqaziladi. Kuniga 3 mahal ovqatdan yarim soat oldin ikki osh qoshiqdan ichiladi.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari namzodi