DAFNA – lavr(lavroviʼy list). U lavrdoshlar oilasiga mansub yam- yashil daraxt boʻlib, butalar turkumiga kiradi. Toʻq yashil bargi ketma-ket joylashgan, usti yaltiroq va qalin. Guli oqish-sariq. Mevasi qora yoki koʻk, danakli, bir urugʻli. Asl dafna turi koʻproq tarqalgan. Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida, Kavkaz va Qrimning Qora dengiz sohillarida, Ozarbayjonda oʻstiriladi. Quritilgan bargi ziravor sifatida ishlatiladi.
Yangi uzib olingan dafna yaproqlari quritilgach, quruq xonada saqlansa, bir necha yilgacha oʻzining foydali xususiyatlarini yoʻqotmaydi. Dafna yaprogʻi tarkibiga RR, S, V, A vitaminlari va qator foydali elementlar mavjud: mikroelementlar va makroelementlar (mis, fosfor, natriy, kalsiy, kaliy, magniy, sink, selen, temir, marganets), oqsillar, oziqa tolalari, uglevodlar, yogʻlar, fitonsidlar, toʻyintirilgan yogʻli kislotalar, organik kislotalar, xushboʻy moddalar, efir moylar mavjud.
Moziydan gapirsak, lavr soʻzi omad, ulugʻlik, gʻalaba va sharaf soʻzlarining maʼnosini anglatadi. Lavr yaproqli shoxchalari guldastasi bilan musobaqa gʻoliblarini taqdirlashadi. “Laureat” soʻzining maʼnosi ham lavrlarga burkangan maʼnosini anglatadi.
Ushbu sifatlashlar bejiz emas. Uning barglari nafaqat ziravor sifatida, balki shifobaxsh xususiyatlari bilan qator kasalliklardan forigʻ boʻlishda ham qoʻl keladi. Masalan, ayni davr kasalligi boʻlgan organizmdagi qand miqdorini pasaytiradi.
DAFNA yaprogʻi (lavroviʼy list). U dafna daraxtining quritilgan bargi, xushboʻy hidli ziravor boʻlib, tarkibida 3% gacha efir moyi bor. Pazandachilikda ishlatiladigan dafna yaprogʻi toʻq yoki och yashil rangda, kalta bandli, mazasi taxirroq. Suyuq ovqatlarga u ovqat suzishdan 5 minut oldin, quyuq ovqatlarga esa 10 minut oldin solinadi. U ovqatlarga oʻziga xos taʼm va xushboʻylik beradi, tuzlamalarga qoʻshiladi; gʻoz, oʻrdak, baliq goʻshtlari, konserva va qandolatchilik sanoatida ishlatiladi. Tuzlashda 100 kg karamga 3—4 dona yaproq ishlatiladi.
Dafna yaproqlari damlama yoki qaynatma shaklida qadimdan anʼanaviy xalq tabobatida yer yuzining hamma mintaqalarida turli kasalliklarni davolashda ishlatiladi. U kuchli taʼsir qiluvchi tabiiy antibiotik, shuningdek, modda almashinuv jarayonlarini faollashtiradi. Mikroblarga qarshi kurashadi, immun tizimini mustahkamlaydi, shamollashga qarshi ajoyib vosita, jarohatlarni bitiradi, biriktiruvchi, peshob haydovchi, tinchlantiruvchi, ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydigan vositadir.
Dafna bargi qaynatmasining foydalari. Qaynatmasi organizmda yigʻilgan turli zararli tuzlarni, oʻt pufagida paydo boʻlgan toshlar, boʻgʻimlarda yigʻilgan tuzlarni chiqarib yuborishda, shuningdek, xoletsistitga xos boʻlgan shamollashlarni davolashda yordam beradi. Qaynatma qandli diabet hamda bavosirda koni foyda. Shuni esda saqlang: davolanish kursini bir yilda uch haftadan koʻpaytirish mumkin emas.
Dafna damlamasi qaynatmasidan organizmga yumshoqroq taʼsir qiladi, u koʻpincha ich ketishida isteʼmol qilinadi.Bundan tashqari bu damlamaga biroz asal qoʻshilsa, shamollashga qarshi taʼsirli vositaga aylanadi. U qandli diabetga qarshi mislsiz boʻlib, umumiy qand miqdorini pasaytiradi.
Shamollashdan forigʻ boʻlish uchun eng samarali usul vanna qilishdir. Bunda damlamadan bir litri vanna suviga arashtiriladi. Shuningdek, damlama bilan artinish ham mumkin. Vanna qilish 15 minutgacha boʻlib, muolaja bir hafta davom ettiriladi.
Allergiyaning birinchi belgilari paydo boʻlishi bilan kasallikdan va uning birinchi alomatlaridan forigʻ boʻlishning anʼanaviy usuli – qaynatma ichiladi.
Ogʻizdagi noxush, shamollashdan kelib chiqqan gingivit yoki stomatitni yoʻqotish uchun kuniga ikki marta boʻlsa ham dafna yaprogʻini chaynash foydalidir, lekin uni chaynab boʻlgach, bir soat davomida yeyish va ichishdan oʻzini tiyish lozim boʻladi.
Dezinfeksiyalash vositasi. Dafna barglaridan hech ikkilanmasdan xonalarni dezinfeksiyalashda foydalanish mumkin. Oʻzingiz istagan miqdorda dafna barglaridan idishga solib, ustidan qaynoq suv quying va 15 minut oʻtgach, bu idishni dezinfeksiyalanadigan xonaga qoʻying. Biron soat oʻtgach, xona qanday yoqimli hidga toʻlganini koʻrasiz va undagi havo bakteriyalardan tozalangan boʻladi.
Teri kasalliklarini davolashda dafna barglari ishlatiladi. Yiringli, qotib qolgan shishlar, uzoq vaqt davomida yotgan kasalning badanida qotib, uvushib jonsizdek boʻlib qolgan aʼzolarini davolash va ulardan forigʻ qilish uchun damlama tayyorlash mumkin. Buning retsepti quyidagicha: 1 yarim osh qoshiq dafna yaprogʻining maydalangani ustidan oʻsimliq yogʻi quyiladi va qorongʻi joyda (muzlatgichda emas) tindiriladi, bir hafta oʻtgach, tayyor boʻlgan malhamni teriga surtish mumkin.
Oyoqlar tez-tez terlaydigan holatda ham dafna yaprogʻi yordam beradi. Buning uchun quyidagi aralashma tayyorlanadi: 30 tacha dafna yaprogʻi bir stakan suvda qaynatiladi va 30-40 minut tindiriladi. Aralashma togʻoraga quyiladi, uning ustidan iliq suv solinib, oyoqlarga 10 minut davomida orom beriladi.
Artrit, boʻgʻim ogʻriqlari va organizmdan har xil xiltlarni chiqarib yuborish uchun 5 gram dafna yaprogʻini sirli kastryulga solib 300 millilitr suvda past olovda 5 minut davomida qaynatiladi. Soʻngra u termosda 3-5 soat tindiriladi. Aralashmani dokadan oʻtkazib, kun davomida oz-ozdan xoʻplab-xoʻplab ichiladi. Bunday qaynatmani har kuni yangidan tayyorlab uch kun davomida ichiladi va bir hafta oʻtkazib, bu muolaja takrorlanadi. Birinchi yil muolajani har uch oyda bir marta, keyingi yillarda yiliga bir marta amalga oshiriladi. Bu muolaja davomida goʻshtli ovqat yeyilmaydi, alkogol ichimliklar ichilmaydi. Aralashma ichilgan kunlarda ogʻriq vaqtincha biroz kuchayishi mumkin. Bu qaynatmani organizmning umumiy holatini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish maqsadida ham ichish mumkin.
Qandli diabet. 10 ta dafna yaprogʻini termosga solib, ustidan 3 stakan qaynab turgan suv quyiladi, 2-3 soat tindiriladi. Damlama kuniga 3 mahal ovqatlanishdan 30 minut oldin yarim stakandan ichiladi. Damlama ikki hafta ichilgach, organizmda uglevod almashinuvi meʼyoriga keladi, qand miqdori joyiga tushadi.
Buyrak yetishmovchiligi. 1 choy qoshigʻida maydalangan dafna yaprogʻi 2 stakan suvda kuchli olovda qaynatilib, 2 soat davomida tindiriladi, kuniga 2 mahal 1 osh qoshigʻida ichiladi.
Psoriaz. 10 ta yirik dafna yaprogʻini termosga solib, ustidan yarim litr qaynoq suv quyiladi, 2 soat tindirib, dokadan oʻtkaziladi. Tayyorlangan damlama kuniga 3 mahal ovqatlanishdan 20 minut oldin yarim stakandan ichiladi.
Gaymorit. Oʻnta yaproq ustidan 1 litr suv quyib, past olovda 5 minut qaynatiladi. Olovdan olinadi va qaynatma bugʻidan ust-boshni oʻrab, 5 minut davomida nafas olinadi. Zarurat boʻlsa, bu muolaja yana takrorlanadi.
Eslatma: Dafna yaprogʻidan tayyorlangan damlama bilan muolaja qilayotib, organizm reaksiyasini kuzatib boring. Biriktiruvchi xususiyatlariga koʻra dafna qabziyat keltirib chiqarishi mumkin. Bunday xastalikka ilgaridan moyilligi boʻlgan kishilarga qizil lavlagi isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Dafna yaprogʻini isteʼmol qilib boʻlmaydigan holatlar. Homilador va emizikli ayollarga, oʻtkir yoki surunkali buyrak yetishmovchiligi bor kishilarga, qon ketishiga moyil bemorlarga, oqsil moddalar almashinuvida buzilish kuzatilgan kishilarga mumkin emas. Shuningdek, dafna yaprogʻidan tayyorlangan dorilar isteʼmol qilish quyidagi hollarda ham mumkin emas: oʻn ikki barmoqli ichak yoki oshqozon yarasida, pankreatit va oʻt pufagida tosh xastaliklarida, qabziyatga moyilligi bor kishilarda, qandli diabetning ogʻir formalarida, jigar va buyrak xastaliklari bor kishilarga ham dafna bargi isteʼmol qilish mumkin emas. Haddan tashqari koʻp miqdorda dafna yaprogʻini isteʼmol qilish zaharlanishga olib keladi. Bunday muolajani boshlashdan oldin albatta, shifokor maslahatini olish lozim.