Shu kunlarda nafaqat biz, balki butun jahon murakkab sinovni boshidan kechirmoqda. Koronarovirus bilan xastalangan bemorlar soni dunyoda kun sayin ortib bormoqda. Jahonning eng taraqqiy etgan mamlakatlari pandemiyaga qarshi qanday yoʻl tutishni bilmay turgan bir paytda yurtimizda oʻz vaqtida va tezkor qatʼiy choralar koʻrildi. Davlatimiz rahbari tomonidan bu kasallikni barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimiz hamda barcha resurslarimiz safarbar etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 noyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tahliliga koʻra, davolash inson salomatligini taʼminlashning 10 foiz omili, xolos. Irsiy omillar 15 foiz, atrof-muhit 20 foiz, eng asosiysi, turmush tarzi 55 foizni tashkil etadi. Koronavirus kasalligi ham notoʻgʻri turmush tarzi ogʻir oqibatlarga olib kelishini koʻrsatdi.
Pandemiyaning taʼsiri natijasida butun dunyoda birinchi navbatda, iqtisodiyotning real sektori katta jabr koʻrdi. Butun dunyoda ishsizlar soni keskin ortib bormoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida ijtimoiy muammolar yuzaga kelmoqda. Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud boʻlgan sharoitda yashash va ishlashga oʻrganish zarurligi toʻgʻrisida yakuniy xulosaga kelmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini kamaytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va umuman farovonlikni taʼminlashga qaratilgan 20 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi. Qadriyatlarimiz davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yoʻlga qoʻyildi. Hech mubolagʻasiz aytish kerakki, bu tashabbus xalqimiz birligini, uning beqiyos qudratini yorqin namoyon etdi.
Boz ustiga bugun tibbiyot sohasiga berilayotgan eʼtiborning yorqin chizgilarini sohadagi islohotlarda yaqqol koʻrishimiz mumkin. Yangidan yangi tashabbuslar soha xodimlari uchun chinakam ragʻbat boʻlayotir.
Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida tibbiyot jonkuyarlari haqiqiy fidoyilik koʻrsatayotganlarini alohida eʼtirof etish zarur. Bugun ular zamonamiz kahramonlariga aylandilar!
Eʼtirof etish joizki, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida ilk bor koronavirus pandemiyasi sabab yangi formatda onlayn muloqot rejimida oʻtkazilgan BMT Bosh Assammbleyasining 75-sessiyasidagi nutqida koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga yana bir bor toʻxtalib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida har bir davlatning oʻz fuqarolari va hamkorlari oldidagi majburiyatlarini aniq belgilab beradigan Davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro Kodeksni ishlab chiqish boʻyicha taklifi butun dunyo miqyosida “inson manfaatlari — oliy qadriyat” tamoyilini roʻyobga chiqarish va toʻla toʻkis amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Pandemiya insoniyatni yangicha fikrlash, oʻz dunyoqarashini, hayot va turmush tarzini oʻzgartirishga majbur qilmoqda. Shifokorlar va mutaxassislar kasallikka chalinmaslik uchun avvalo karantin talablariga soʻzsiz boʻysinish, eng muhimi shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarziga amal qilish, sport bilan shugʻullanishga daʼvat etmoqda.
Taʼkidlash joizki, inson salomatligiga taʼsir etuvchi omillar orasida tibbiy taʼminot 10 foizni, irsiy omillar 15 foizni, atrof-muhitning holati 20 foizni tashkil etadi. Eng muhimi, insonning turmush tarzi (jismoniy faollik, ovqatlanish, zararli odatlar) uning salomatligiga 55 foizgacha taʼsir koʻrsatadi.
Shu nuqtai nazardan olib qaraganda salomatlikning muhim omillaridan biri sogʻlom turmush tarziga amal qilishdir. Sogʻlom turmush tarzi bu — har qanday kasallik profilaktikasi va salomatlik garovi. Insonning turli qirralarini rivojlantirish, muvaffaqiyatga erishish omilidir. Bundan tashqari, Sogʻlom turmush tarzi – bu insonning hayoti va salomatligi xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiluvchi koʻnikmalarga ega boʻlishi asosida hayotiy faoliyatini yoʻlga qoʻyishi hamda salomatligining yuqori darajada boʻlishiga erishishni taʼminlovchi shakl boʻlib, u kun tartibiga rioya qilish, faol jismoniy harakat asosida organizmni chiniqtirish, sport bilan shugʻullanish, toʻliq va sifatli ovqatlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, ekologik muloqot va madaniyatga erishish, umuminsoniy va qadriyatlar asosida maʼnaviy tarbiya olish, zararli odatlardan oʻzini tuta bilish va hokazo holatlarning mavjudligi bilan tavsiflanadi.
Boz ustiga bugungi kunda aholining tibbiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, ham jismonan, ham maʼnaviy jihatdan sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga eʼtiborni yanada kuchaytirish, yoshlarimizning sogʻlom turmush tarziga rioya qilishga intilishini shakllantirish, bu borada oilaviy tarbiyaning rolini, ota-onalarning saviyasi va masʼuliyatini oshirish, atrof-muhitning inson reproduktiv salomatligiga taʼsirini inobatga olgan holda yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirishga alohida eʼtibor berish muhim masala hisoblanadi.
Shuningdek, har bir oila oldidagi vazifalardan biri bu bolalar ongida yoshligidanoq ekologik ong va ekomadaniyatni shakllantirish, ularni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga oʻrgatish, noyob tabiatni asl holicha kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash hissini vujudga keltirish orqali atrof muhitga yetkazilishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirning oldini olishdan iborat.
Hozirda Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti ushbu virusning oldini olish uchun bir qator tavsiya va maslahatlarni berib bormoqda. Shulardan eng muhimi tozalik va poklikka rioya qilish, qoʻllarni sovun bilan yuvish, odamlar yigʻiladigan joylarga borishdan saqlanish, ovqatlanish tartibiga amal qilish va atrof-muhitni toza saqlashdir. Buning uchun aholi orasida ekologik va tibbiy madaniyatni targʻibot qilish, bu yoʻnalishda ularning bilimlarini oshirish juda muhimdir. Toza va ozoda joy shu yerda yashayotganlarga va bu yerga keluvchilarga osoyishtalik hissini bagʻishlaydi.
Respublikada sanitar-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlashga qaratilgan karantin choralariga katta eʼtibor berish lozim. Koʻchaga chiqqanda niqob taqish, bozorlar, savdo komplekslari, supermarketlarda, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilish, turli tadbirlarda qatnashishni man etish, uyga kirganimizda gigiyena qoidalariga rioya qilish, qariyalarimiz va bolalarimizni ehtiyot qilish. Biz juda ham ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga toʻliq amal qilishimiz shart. Davlatimizning katta xarajat va mehnat evaziga olib borayotgan ishlarini uyda oʻtirib qoʻllab-quvvatlashda davom etsak, tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilsak, birdamlik va hamjihatlik boʻlsa, ijobiy natijalarga tezroq erishamiz.
Shu oʻrinda kasallanishdan xoli boʻlishning oddiy qoidalariga amal qilsak nafaqat oʻzimizning, balki oila-aʼzolarimiz, yaqinlarimizning salomatligini asragan boʻlamiz.
Avvalo, doimo qoʻlingizni yuving, profilaktika uchun nam salfetkalar yoki dezinfeksiyali eritmalar ham mos keladi. Faqat shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalaning. Qoʻllaringizni burun va koʻzlaringizga yaqin keltirmang. Virus juda tez shilliq qavat orqali tanaga kiradi. Aksirganda har doim roʻmolchangiz bilan yoping. Shuningdek,aholi gavjum joylarga bormaslikka harakat qiling, olomondan saqlaning, safarga chiqishdan saqlaning. Dunyoning turli mamlakatlari koronavirus bilan kurashayotganda, siz chet elga chiqmasligingiz kerak, ayniqsa koronavirus bilan bogʻliq vaziyat keskin boʻlgan joylarga. Shuningdek, gadjetlarni va sensorli sirtlarni dezinfeksiyalash lozim. Eng muhimi, shamollashning koʻringan alomatlari (yoʻtal, aksirish, burun oqishi) boʻlgan odamlar bilan bir xonada boʻlmang. Surunkali kasalligi bor va yoshi keksa kishilarning profilaktika choralariga eʼtibor bering.
Unutmang, sogʻligingizni asrash oʻz qoʻlingizda.
Umida Kamilova, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati