Boʻlajak onalar koʻpincha kechalari oyoq tomirlarining tortishishidan aziyat chekadilar. Buning sabablari va oldini olish borasidagi oʻgitlarga eʼtibor qiling.
- Oyoq tomirlari tortishganda yotgan holda oyoqlarni asta buking va qoʻyib yuboring, toki ogʻriq ketguncha mashqni asta-sekin takrorlang.
- Agar shunda ham qolmasa, oyoqlarni, ayniqsa tizzani uqalang, agar bu sizga noqulaylik tugʻdirsa, turmush oʻrtogʻingizdan iltimos qiling.
- Tomir tortishib turgan joyga dorixonalarda sotiladigan xantalni namlab yopishtiring. Xantal oyoq mushaklarini qizdirib, tinchlantiradi.
- Shuningdek, dorixonalarda sotiluvchi muzlatuvchi gel kremlardan foydalanish mumkin. Ammo avval yoʻriqnomasini yaxshilab oʻqib chiqing, agar qarshi koʻrsatmalar boʻlmasa, tomir tortishayotgan joyga geldan surting, mushaklar tinchlanadi.
- Bu dardning oldini olishda sogʻlom ovqatlanish ham katta ahamiyatga ega. Tarkibi magniy va kaliyga boy mahsulotlarni koʻproq isʼtemol qiling. Ushbu darmondorilar kartoshka, grechixa boʻtqasi, tarvuz, shokolad, banan, oʻrik turshagi, mayiz va yongʻoqlarda mavjud.
- Uxlash oldidan oyoqqa kontrast vannalar qabul qiling. Ammo issiq va sovuq orasidagi farq 5 darajadan oshmasligi lozim. Suvga dengiz tuzlaridan solib yuborsangiz ular mushaklar boʻshashishiga yordam beradi.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi