​«Ilmiy yutuqlar va iqtisodiy qudrat ham ojiz» — Sherzod Qudratxoʻjayev koronavirusga davo topilmayotgani haqida​

0
792
marta koʻrilgan.

Dunyodagi barcha mavjud narsalar nisbiy va ular Yaratganning qoʻlida…

Mana, biz XXI asr, 5G, «internet chegarasizligi», Marsni zabt etish va hattoki inson genomasining tahriri haqida gapiryapmiz. Maqtanamiz, kibrlanamiz, gʻoʻddayamiz, xom sut emgan bandalar oʻzimizni avliyo, deb bilamiz va barchasi bizning qoʻlimizda, deb oʻylaymiz.

Lekin oddiy kunlarning birida oddiygina bir ilon oddiygina bir koʻr shapalakni yeydi. Keyin esa oʻsha ilonning oʻzi Xitoyning bir kichkina qishlogʻidagi eng oddiy bir oshxonada ovqatlanish stolida yaxshi pishmagan delikatesga aylanadi…

Uni oddiy bir odam tanovul qiladi, ikki hafta ichida u nima yegani esidan chiqqanida birdaniga isitmalab, betob boʻladi. Koʻp oʻtmay, bedavo kasallikdan oʻladi. Lekin shu vaqt oraligʻida yuzlab odamlar bilan bir havodan nafas oladi, muloqotda boʻladi…

Keyin aniqlanishicha, oʻsha ilon kasal koʻr shapalakni yeganida uning ichida virus mutatsiya boʻlib, chala qovurilgan taom isteʼmoli oqibatida odam jismini egallaydi. Qarang, oddiy narsalar zanjiri odamni larzaga solmaydimi? Aslida ularni “oddiy“ deyishimiz soddalik emasmi?

Yangi koronavirus qariyb bir oy ichida nafaqat jahon iqtisodiyotida ikkinchi oʻrinni egallaydigan, trillionlab oltin zaxiralariga ega va sayyoradagi eng ilgʻor ilm va tibbiyot xodimlari yashaydigan mamlakatni, balki barchani jiddiy oʻylashga majbur qilmoqda.

Jahon ilmiy hamjamiyati bilan birgalikda ham kasallikdan qutulish yoʻllarini topishga boshi qotmoqda. 
 
Koronavirus deb atalishga sabab mikroskob ostida kattalashtirib koʻrilganda, virus toj, yaʼni koronasimon shakliga ega boʻlganligi sababli shunday deb ataldi.

Soatiga koʻp minglik katta shaharlar kirish va chiqish uchun yopilmoqda, oʻn minglab reyslar bekor qilinmoqda, neft va barcha birja kotirovkalar narxlari oʻta katta tezlik bilan tushib ketmoqda. Hech kim taxminiy bashorat qilolmayapti, qachon va qanday tugashi haqida maʼlumot bera olmayapti.

Bu biz uchun, insoniyat uchun yaxshi bir dars, saboq, nasihat boʻlishi lozim. Qanchalik ilmiy yutuqlarga erishishimizning va iqtisodiy qudratga ega boʻlishimizning ahamiyati yoʻq.

Yaratgan Egam bizni har qanday vaqtda ojizligimizni eslatib qoʻyadi va buning uchun bitta oddiy koʻr shapalak va ilonning oʻzi yetarli boʻldi. Hattoki, bundan-da kichikroq narsaning oʻzi ham yetadi.

 Sherzod QUDRATXOʻJAYEV
Manbaa: OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.