Tahririyatdan: Iskandar Raxmon tibbiyot xodimi, qalban ziyoli inson edi. Tibbiyot sohasining jonkuyar tashviqotchisi boʻlish bilan birga shoir va publitsist edi. Toshkentdagi barcha tahririyatlarning faol shtatsiz muxbiri edi. Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasi xodimlari kuni munosabati bilan Gujum.uz arxividagi maqolasini qayta chop etishni maʼqul koʻrdik. Yetti yil burun yozgan maqolasi bugungi kun uchun ham dolzarb. Iskandar Raxmonning oxirati obod boʻlsin, yotgan joyi nurga toʻlsin. Tibbiyot sohasida ana shunday samimiy, elga jonkuyar tashviqotchilar koʻpayaversin.
Ilmiy-tibbiy adabiyotlarda berilgan izoh, maʼlumotlarga koʻra, oʻgʻil bolani xatna qilish tibbiy tilda posteotomiya deb ataladi.
Oʻtmishda xatna qilish – oʻspirin bolalarning kattalar safidan oʻrin olishi, balogʻatga yetishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tibbiy – muhofazaviy tadbir hisoblangan. Keyinchalik xatna musulmon xalqlarda diniy marosim shaklida sunnat toʻylari sifatida oʻtkazish tusini olgan.
Inson vujudida modda almashinuvi uzluksiz davom etishi tufayli siydik orqali 150 dan ziyod komponentlar, shu jumladan, suv, organizm uchun keraksiz boʻlgan chiqindilar (mochevina, siydik kislotasi), erigan holatdagi turli mineral tuzlar, shuningdek zaharli moddalar, xiltlar tashqariga chiqadi. Odatda tuzlar kristallar hosil qiladi, choʻkmaga tushadi, toshlarga aylanadi. Natijada, jinsiy olat boshi terisi, uning yupqa pardasi yalligʻlanadi. Aniqrogʻi, xatna qilinmagan oʻgʻil bolalarda fimoz, parafimoz kasalliklari kuzatiladi. Oʻsha joyda qichishish, achishish, shish, ogʻriq paydo boʻladi. Bu holat bolaning peshob qilishi jarayonida kuchayadi, uning chinqirib yigʻlashi va bezovta boʻlishiga olib keladi. Buning yana boshqa salbiy taʼsirlari ham borligi haqiqat. Baʼzan esa, jinsiy olat boshining siqilib qolishi sababli bemalol peshob ajratish qiyinlashadi. Bunday ogʻir va tahlikali holatlarda bemorga koʻrsatiladigan eng ishonchli va shoshilinch tibbiy tadbirlardan biri xatnadir.
Shundan kelib chiqib, oʻgʻil bolaning bunday koʻngilsiz holatga tushib qolishini kutib oʻtirmay, uning goʻdakligi, yoshlik chogʻidayoq xatna qilish maqsadga muvofiq. Bu tadbirning yana bir foydali tomoni shuki, oʻz vaqtida xatna qildirilgan bola goʻyo boʻyniga solingan xavfu xatar “sirtmogʻi”dan umrbod forigʻ boʻladi, oʻzini bemalol qoʻyib, emin-erkin oʻsib-ulgʻayadi, ruhan tetik, maʼnan pok, yetuk, jismonan barkamol, sogʻlom rivojlanadi.
Buning aksi oʻlaroq, aksariyat hollarda bunday dardga yoʻliqqan erkak zoti yoshi nechada boʻlishidan qatʼiy nazar, vaqti kelib bir kuni tibbiy zaruratga koʻra, shoshilinch ravishda xatna qildirishga majbur boʻlishi ehtimoldan holi emas. Shunga koʻra hozirgi zamon ilmiy tibbiyotida bunday oʻta nozik va qaltis holatlar sodir boʻlganida, yoki jinsiy aʼzosida biror nuqson aniqlangan bemorlarga shoshilinch jarrohlik muolajalari oʻtkazish tavsiya etiladi.
Iskandar RAHMON, isteʼfodagi tibbiy xizmat podpolkovnigi