Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xulosasi: agar dunyo aholisi jismoniy faolroq boʻlganida edi…

0
254
marta koʻrilgan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus pandemiyasini hisobga olgan holda jismoniy faollik meʼyorlari boʻyicha tavsiyalariga tuzatish kiritdi va muntazam faollikning kattalar va bolalar uchun ahamiyatini eslatib qoʻydi.

JSSTning taʼkidlashicha, agar dunyo aholisi faolroq boʻlganida edi yiliga 5 milliontagacha oʻlim holatining oldini olgan boʻlardi.

Hozirda COVID-19 tufayli koʻpchilik uyda qolishga majbur boʻlayotganligi sababli JSST jismoniy faollik boʻyicha yangi qoʻllanma ishlab chiqdi. Unga koʻra har qanday yoshdagi va har xil qobiliyatlarga ega barcha odamlar jismoniy faol boʻlishi kerakligi, harakatning barcha turlari muhimligi taʼkidlanadi.

Surunkali kasallikdan qiynalayotganlar yoki nogironlarga haftasiga oʻrtacha tezlikda 150-300 daqiqa jismoniy faollik tavsiya etiladi. Bolalar va oʻsmirlarga kuniga oʻrtacha 60 daqiqa oʻrtacha yoki yuqori tezlikda aerob mashqlarini bajarish maslahat beriladi.

Keksalarga (65 yosh va undan kattalar) yiqilishning oldini olish hamda salomatlikni yaxshilash maqsadida muvozanat va koordinatsiyani yaxshilashga, shuningdek, mushaklarni mustahkamlashga yordam beradigan faollik turlarini qoʻshish koʻzda tutiladi.

Muntazam jismoniy faollik yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va ikkinchi tur diabetni davolashga koʻmaklashish va oldini olishda, shuningdek, vahima va depressiya alomatlarini kamaytirishda, kognitiv qobiliyatlarning pasayishini sekinlashtirishda, xotirani yaxshilashda hamda miya salomatligini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning soʻzlariga koʻra, jismoniy faollik salomatlik va farovonlik uchun nihoyatda muhimdir — u umrni uzaytirib, hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi.

«Ayniqsa, hozir COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlar sharoitida yashayotganda har qanday harakat muhim. Hammamiz har kuni harakat qilishimiz kerak», — deydi JSST raisi.

Eslatib oʻtamiz, yurtimizda aholining sogʻlom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy faollik darajasini oshirish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish uchun davlat rahbari tomonidan soʻnggi bir oy davomida ketma-ket farmon va 3 ta qaror qabul qilinib, ularda koʻzda tutilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish ishlari boshlandi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.