Shu kunlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi Budapesht shahrida Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining onkologiya sohasida hamkorligiga bagʻishlargan xalqaro konferetsiyada ishtirok etmoqda, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.
Ushbu tadbir tashkilotchilari – Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Vengriya hukumati hamda Vengriya inson resurslari vazirligi hisoblanib, unda 53 davlat taqdimot oʻtkazmoqda.
Taqdimotda Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzagʻolib Tillashayxov oʻz nutqida taʼkidlab oʻtganidek, jahonda yiliga 15 millionga yaqin inson saraton bilan kasallangani aniqlanmoqda, mamlakatimizda esa bugun 96 mingdan ziyod bemorlar onkologik xastalik bilan roʻyhatga olingan.
Soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik onkologlarning faol saʼy-harakatlari tufayli sohada eng nufuzli sanalgan ESMO, ASCO kabi xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻldi. 2017-2018 yillarda 100 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiya, AQSH, Koreya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Belorus kabi mamlakatlarning nufuzli klinikalarida davlat hisobidan malaka oshirishdi. Soʻnggi ikki yil ichida kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash ham sezilarli darajada yaxshilanib, 85-90 foizgacha yetdi. Markaz tomonidan video-laparoskopik jarrohlik majmuasi sotib olingandan soʻng, respublikada birinchi marta video-laparoskopik nefrektomiya, trombektomiyali nefrektomiya va buyrak rezeksiyasi kabi yuqori texnologiyali operatsiyalar oʻtkaziladi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda onkologik taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiyani imzoladilar.