KARAFS (selderey)ning shifobaxsh xususiyatlari xalqimizga qadim qadimdan maʼlum va mashhur boʻlib, dorivor sifatida ham ovqatlarga xushboʻy taʼm beruvchi koʻkat sifatida ham foydalanishgan.
Yurtimizda asosan koʻkat sifatida barglari ovqatlarga qoʻshib, ishlatiladi. Selderey bargi A, B, Ye vitaminlariga, shuningdek, kaliy, kalsiy, natriy, magniy va fosforga boy. Yalligʻlanishga qarshi taʼsirga ega, yurak-qon tomir kasalliklariga, shu jumladan gipertenziyaga qarshi kurashda yordam beradi, asab tizimiga foydali taʼsir koʻrsatadi va muntazam ravishda immunitetni oshiradi.
Ibn Sino karafsning ildizi va urugʻi tana quvvatini oshirishda, peshob haydashda, shishlarni yoʻqotishda, qorin dam boʻlganida, aʼzolardagi tiqinlarni ochishda, ogʻriq qoldirishda, yoʻtal, nafas qisishda(astma), koʻkraklardagi ogʻriqlarni qoldirishda, hayzni keltirishda, asab tolalarining shamollashida, jigar, taloqdagi tiqinlarni ochishda ham ishlatgan.
Xalq tibbiyotida ildiz va bargidan tayyorlangan malhamlar ishtaha ochishda, meʼda va ichak kasalliklarida qulanj (kolit), ichakda havo toʻplanishida (meteorizm), qabziyat, siydik yoʻli xastaliklarida, hayzning buzilishida, erkaklar shahvoniy quvvatining pasayishida(impotensiya), jismoniy va aqliy quvvatsizlikda hamda qon tozalovchi sifatida yaxshi yordam beradi.
Tayyorlash usuli. Oʻsimlikning yangi kavlab olingan, yuvib, tozalangan ildizni siqib suvi olinadi va ovqatdan 30-40 daqiqa oldin 1-2 choy qoshiqdan kuniga 3 mahal ichiladi.
Fazilat SAʼDULLAYEVA, farmatsevt