Bolalar va kattalarda kariyesning oldini olish uchun eyotgan ovqatingizga eʼtibor berish lozim boʻladi.
Sabab: Tishlarga yopishib oladigan, ulardagi bakteriyalarni koʻpayishiga zamin yaratadigan ovqatlar mavjud. Masalan, sut, asal, muzqaymoq, quritilgan mevalar, pechene, pirojnoye, qattiq karamellar va yalpiz konfetlari, shirin gazlangan ichimliklar shular jumlasidandir.
Ovqatlangach, tishlarni tozalash katta ahamiyatga ega. Tishlardagi qoldiqlarni olib tashlanishi uchun kamida 2 daqiqa choʻtka bilan obdon tozalash kerak. Kuni bilan koʻpchilik ishda boʻladi buning imkoniyati boʻlmasa, hech boʻlmaganda ovqatlangandan keyin ogʻizni suv bilan yaxshilab chayish maqsadga muvofiqdir.
Ftor yetarli miqdorda boʻlgan tish pastasini tanlang. Ftor tish emalini mustahkamlaydi, bakteriyalarni yoʻq qiladi. Tish pastasida eng yaxshi ftor miqdori 1350–1,500 ppm ni tashkil qiladi. Sotib olayotganda shunga eʼtibor bering.
Ogʻiz quruqligidan ham saqlaning. Soʻlak oziq-ovqat qoldiqlari va bakteriyalarni yuvadi. Bundan tashqari, uning tarkibida mikroblar chiqaradigan kislotalarni zararsizlantiradigan moddalar mavjud. Agar soʻlak oz boʻlsa, kariyes deyarli muqarrar boʻlib qoladi. Soʻlakni saqlab qolish uchun esa yetarli miqdorda suyuqlik ichish kerak.
Tish shifokori koʻrigiga borib turing. Kariyes asta-sekin rivojlanib boradi va dastlabki bosqichda deyarli koʻrinmasligi mumkin. Mutaxassis buni oʻz vaqtida aniqlay oladi va agar kerak boʻlsa, tish emalining yoʻq qilinishini toʻxtata oladigan protseduralarni belgilaydi. Tish shifokoringizga yiliga kamida 1-2 marta tashrif buyurish maqsadga muvofiq.
Umida Raximova, oliy toifali vrach