Kashandalik – homilador ayolga va homilaga ofat!

0
830
marta koʻrilgan.

Dunyoda kashandalar soni taxminan 1,3 milliard kishini  tashkil etayotgani bu ofat koʻlami nechogʻli kengligini isbotlamoqda. Ularning 1,1 milliiardi erkaklar va 230 millioni ayoldir.

Tamaki tutuni homilador ayolga va homilaga xavfli taʼsir koʻrsatadi. Homilador ayol oʻzi cheksa ham yoki kashandalar davrasida oʻtirsa ham bir xil taʼsir koʻrsatadi. Boʻlajak ona tutun yutganidan soʻng homila yoʻldoshida qon tomirlari torayishi sodir boʻladi va homila bir necha minutga kislorod yetishmovchiligi holatiga tushadi.

Shuningdek, muntazam chekishda homila doimo surunkali kislorod yetishmovchiligi holatida boʻladi. Buning oqibatida homila ona qornida sekin rivojlanadi va u turli xil nuqsonlar bilan yoki bola muddatidan oldin, chala, vazn yetishmovchiligi bilan tugʻilishi mumkin.

Chekuvchi ayoldan tugʻilgan chaqaloqlar tutqanoq xurujlariga moyil boʻlishadi, epilepsiya xalq tili bilan aytganda shaytonlash dardi bilan koʻproq kasallanishadi va aqliy rivojlanishdan orqada qoladi. Homiladorlikda  chekish bola nobud boʻlish ehtimolini 15 marotaba oshiradi. Chekuvchi ona sutining 1 litrida 0,5 mg nikotin boʻlib, sutda yoqimsiz hid mavjud boʻladi. Ona sutining taʼmi ham buziladi, bunday sutni emishdan bola bosh tortadi.

Tamaki odamlar sogʻligʻini saqlashda eng yirik xavf hisoblanadi. 2015 yilda har olti soniyada bir kishi va yiliga olti million inson u bilan bogʻliq kasalliklardan, yana 600 ming inson ikkilamchi tamaki tutuni taʼsirida nobud boʻlmoqda. Eng yomoni, ularning 1,5 millioni xotin-qizlardir. 2030 yilga borib bu miqdor 8 millionga koʻtarilishi mumkin.

JSST tekshiruvlariga koʻra Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Yaponiya, Xitoy, Quvayt, Fillipin, Rossiya, Shveysariya, Fransiya va Urugvayda chekish insonlar salomatligiga tobora koʻproq zarar yetkazmoqda. Amerika mintaqasida 13-15 yoshdagi 23 foiz oʻgʻil bolalar, 21 foiz qiz bolalar tamaki isʼtemol qilmoqda.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.

Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.