Kichik vaznli chaqaloqlar parvarishi

0
1965
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati Respublika perinatal markazi direktor oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori  Saida Xasanova bilan suhbatlashdi.

— Kichik vaznli chaqaloqlarni parvarish qilishda nimalarga alohida  eʼtibor qaratilishi koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy…

— Bunday chaqaloqlar asosan muddatiga yetmay tugʻilgan chaqaloqlardir. Homiladorlik muddati qancha kam boʻlsa, bolaning  vazni ham shunchalik kam boʻladi. Demak, rivojlanishning shu muddatlari bachadon ichida tabiiy kechmasdan, muddatidan oldin tugʻiladi. Bunday  chaqaloqlarning  aʼzolari shakllangan boʻlsa-da, funksional yetilmagan boʻladi. Shu sabab, ular parvarishining asosiy prinsiplari tana harorati nazorati, nafas yetishmovchiligini davolash, ovqatlantirish usullari, infeksiyadan himoya va albatta, mehr bilan ona qorni sharoitiga yaqin holat yaratishdan iborat boʻladi.

Tabiiyki, bu chora-tadbirlar jiddiy muolajalar hisoblanadi va u zamonaviy  texnologiyalarni talab etadi. Chunki bunday chaqaloqlar uchun maxsus reanimatsiya oʻrinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitgich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan  apparatlar, koʻpgina zamonaviy neonatal jihozlar zarur boʻladi. Shu bilan birga, tibbiy xodimlarning bilim darajasi ham muhim. Bunday chaqaloqlarning parvarishi zarur koʻnikmalarga ega boʻlgan  mutaxassislar tomonidan olib borilishi kerak. 

— Bolasi muddatidan oldin  tugʻilgan ota-onalarga mutaxassis sifatida qanday tavsiyalar bergan boʻlardingiz…

— Bunday bolalarni parvarish qilish vaqt va mehnat talab qiladi. Vaqtincha maʼlum qiyinchiliklar kuzatiladi. Shuning uchun ularga tavsiyalarimiz: sabr, ishonch va mehr bilan shifokor tavsiyalariga amal qilish, bunday bolalarning muammolarini tushunish, tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ularning yechimlarini topish, kelgusida bu bolalarning tengdoshlaridan ortda qolmay rivojlanishi uchun barcha saʼy-harakatlarimiz behuda boʻlmasligini tushunish va ishonch bilan qarash lozim.

 Shaxsan mening tajribamda bolasini sabr va mehr bilan  parvarish qilib, shifokor tavsiyasiga amal qilgan  har bir ona  oʻz orzusiga erishgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.