Koronavirusdan keyin oʻpkani qayta tiklash

0
433
marta koʻrilgan.

Koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan pnevmoniyadan soʻng nafas mashqlari bemor tezroq va samarali tiklanishiga yordam beradi.

 Nafas mashqlari nima? Uning qanday foydasi bor?

– Nafas mashqlari- bu oʻpkaning turli boʻlimlarining faol ishlashi va zarur boʻlganda oʻpkadan suyuqlik  chiqishini yaxshilash, nafas mushaklarini mashq qildirishga moʻljallangan turli xil mashqlar majmuasidir. Kasallikdan kelib chiqib mashqlar, ularning tezligi va texnikasi oʻzgarishi mumkin.

Koronavirus infeksiyasi inson uchun yangi hodisadir. U bilan bogʻliq barcha savollarga hali ham aniq  javob topilmadi. Eng muhimlaridan biri esa — kasallangandan keyin oʻpka qay darajada qayta tiklana olishidadir.

Koʻpchilik  jarohatlar va kuyishdan keyin qanday chandiqlar qolishini koʻzatgan. Pandemiyadan keyin oʻpkada ham ana shunday chandiqlar boʻlishi mumkin. Koʻp miqdorda qabul qilingan tabletka va inyeksiya koʻrishinishidagi dorilar chandiqlarni yumshoqroq va elastikroq qilishga qodir emas. Shuning uchun  nafas gimnastikasi muntazam bajarish maʼqul usuldir.

– Nafas gimnastikasi qanday holatlarda tavsiya qilinadi?

–Nafas gimnastikasi bronx-oʻpka tizimining barcha kasalliklarida tavsiya qilinadi, faqatgina mashqlar majmuasi, intensivligi va davomiyligi oʻzgaradi. Shuningdek, nafas mashqlari odam koʻp vaqtini toʻshakda davolanib oʻtkazadigan barcha kasalliklarda ishlatilishi kerak. U miyasteniya (mushaklarning kuchsizligi), yaʼni doimo yotoqli boʻlish sababli mushak kuchining kamayishi bilan ogʻrigan barcha bemorlar uchun majburiydir.

Qanday hollarda nafas mashqini bajarish mumkin emas?

– Gimnastika tana harorati  balandligida, yuqori qon bosimida, yuqori yurak urishida oʻtkazilmaydi.

 Nima uchun nafas mashqi koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq boʻlgan pnevmoniyadan ogʻrib tuzalgan yoki ogʻrigan bemorga kerak?

– Oʻpka koronavirusdan zararlanganda, interstitsial toʻqimaning yalligʻlanishi va shish tufayli zichlangan joylari paydo boʻladi. Interstitsiy — bu oʻpkaning «qurilmasi» boʻlib, aynan shu joyda qon va limfa tomirlari oʻtadi. Shish va yalligʻlanish paydo boʻlganda, normal gaz almashinuvi buziladi, kislorodning havodan qonga kirishi qiyinlashadi. Kasallikning oʻtkir davrida bemorning toʻgʻri holatni qabul qilishi va nafas olishi shikastlangan joylardan suyuqlikning tez soʻrilishiga yordam beradi. Keyinchalik, u fibroz (chandiqli) toʻqima hosil boʻlishini kamaytiradi.

 Kasallikning qaysi bosqichida mashqlarni boshlash kerak? Ular qanday mashqlar?

– Mashqlar faol kasallik davrining ilk bosqichlarda boshlanadi. Hatto oʻpka sunʼiy ventilyasiyasi bemorlari uchun ham maxsus majmualar mavjud. Bular faol (bemorning oʻzi tomonidan amalga oshiriladi) va passiv (qarindoshlar yoki tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi) qoʻllar va oyoqlarning harakatlari, burilishlardan iborat. Agar bemor ushbu mashqlarni kuniga kamida 30 daqiqa bajarsa, u holda apparatga ulanish vaqtini qisqartirish mumkin, degan tadqiqotlar mavjud.

Mashqlarning qiyinlik darajasi esa bemorning ahvoliga bogʻliq. Ogʻirroq ahvolda boʻlgan bemorlar uchun mashqlar toʻshakda bajariladi. Bu oyoq va qoʻllarni bukish-ochish mashqlari boʻlib, oyoqlar bukilganda tovon «er»dan koʻtarilmasligi kerak. Shuningdek, qoʻl kaftlari va oyoqlarning aylanma harakatlari, boshning burilishlari, oʻrinning chetiga yonboshlab yotgan holda — qoʻlning yuqoriga harakati — orqaga va keyin pastga tushirish. Muhim maʼlumot — mashqlarga tayyorgarlik paytida nafas olinadi, mashqlar davomida esa nafas chiqariladi. Har bir takroriy mashqlar alohida nafas harakatlari bilan amalga oshiriladi.

Qorin bilan nafas olishni boshlash juda muhimdir. Nafas olayotganda koʻkrak qafasi emas, qorin koʻtariladi, nafas chiqarayotganda oldingi qorin devori tortiladi. Bu bizni qorin boʻshligʻi, diafragmal nafas olishga yoʻnaltiradi, koʻpincha aynan koronavirusga chalinadigan oʻpka boʻlimlarini faol ravishda ochilishiga yordam beradi.

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.