Koronavirusning oldini olish uni davolashdan koʻra osonroq

0
539
marta koʻrilgan.

Barcha oʻtkir respirator virusli kasalliklardagi kabi ushbu koronavirus kasalligida ham bemorlarga koʻp miqdorda suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Masalan, mineral suvlar, limon, malina, naʼmatak, yalpiz, anjir damlamasi, choylar va kompotlar. Imkon qadar oz-ozdan toza suv va asal, navvot solingan damlama choylarni kun davomida galma-gal ichish yaxshi samara beradi. Chunki, suyuqlik organizmni yuvib peshob orqali chiqib ketadi. Suyuqlik ichishni aslida dardga chalinmasdan oldin boshlagan maʼqul. Shuningdek, ushbu muolaja dardning yengil turlarida qoʻllaniladi.

 Suyuqlik ichishning imkoni boʻlmagan hollardagina bemorlarga vena qon tomiriga 5 foyizli glyukoza 200 ml va 5 foyizli askorbin kislotasi 4 ml yuboriladi. Intoksikatsiya (zaharlanish) yuqori boʻlgan hollarda, bemor suyuqlik qabul qilolmagan hollarda venaga reosorbilakt 200 ml yoki L-lizina essinat 5 ml tomchilab yuborish tavsiya etiladi.

Albatta, ushbu virusli kasallikda oʻpka shishini oldini olish uchun qon tomirga koʻp suyuqlik yuborish tavsiya etilmaydi. Biroq, baʼzi bemorlarda kuchli intoksikatsiya hisobiga ishtahaning bugʻilishi kuchayib, suyuqlik ichishga ham holi boʻlmay qolganida qon tomiriga oz miqdorda boʻlsa ham qonni suyultiruvchi, tanaga quvvat beruvchi, zaharlarni ketkazuvchi dori-darmonlarni yuborish maqsadga muvofiq.

Asal va propolis kabi asalari mahsulotlaridan ham samarali foydalanish lozim. Bunda toza togʻ asalini yuqorida aytib oʻtilgan suyuqliklar, damlama va choylarga qoʻshib kun davomida oz-ozdan hoʻplab-hoʻplab ichish tavsiya etiladi.

Zanjabil, qalampirmunchoq, zarchava (kurkuma)dan ham ushbu dardda unumli foydalanish zarur. Zarchava (kurkuma)ni 1/3 choy qoshiqdan kuniga ikki mahal ovqatdan oldin 200 ml qaynagan iliq suv bilan iching. Zanjabil va qalampirmunchoqni esa termozda damlanadi. Bu muolaja tanani turli xil zaharlardan tozalaydi.

Yerqalampir (xren) ildizi, shalgʻom, turp, murch, sarimsoqpiyoz va shu kabi ishtahani ochuvchi, balgʻam koʻchiruvchi hamda tanani qizdirib, terlatuvchi tabiiy va sodda dorilarni meʼyorida isteʼmol qilish virus bilan kurashishda katta yordam berishi mumkin.

Ushbu tavsiyalarni hammasini birdan ishlatish kerak emas. Oʻzingizga yoqqanini, organizmingiz qabul qiladiganini  tanlab olasiz. Har dardning davosi bor. Bemor boʻlganingizda albatta shifosini izlang va davolaning. Davolanishni qancha erta boshlasangiz shuncha tez va asoratsiz tuzalishingiz mumkin. Unutmang, kasallikni oldini olish uni davolashdan koʻra osonroqdir!

Boʻsh vaqtlaringizda, albatta, tibbiy mutolaaga eʼtibor bering. Oʻzingizni va yaqinlaringizni asrang! Barchaga  Allohning oʻzi shifo bersin! Mehrini darigʻ tutmasin!

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.

Tahririyatdan: Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.