Kungaboqar pistasini xalqimiz azaldan xush koʻradi. Shuning uchun u avvallari har qadamda sotilib oʻtirilardi. Endilikda uni zamonaviy magazinlardan ham sotib olish mumkin. Qadoqlangan pistalar paydo boʻldi. Chunki u inson organizmi uchun juda foydali. Pistani tabiat tomonidan oʻziga xos ravishda yaratilgan .Uning tarkibidagi muhim boʻlgan oziq moddalar inson organizmida uzoq vaqt davomida saqlanish xususiyatiga egadir.
Bu mahsulot yarim toʻyingan yogʻ kislotalari, yogʻ va xolesterin almashinuvini normallashtirish xususiyatiga ega.
100 gr. pista oʻz tarkibida 311 mg. magniyni saqlaydi. Bu javdar noniga nisbatan olti barobar koʻp demakdir. Magniy esa oʻz navbatida yurak qon tomirlari faoliyatini normallashtiradi.
50-60 gr. pista 20-30 gr. kungaboqar yogʻi bilan teng boʻlib inson organizmini muhim boʻlgan yarim toʻyingan kislotalar va Ye vitamini bilan taʼminlaydi.
Bu vitaminlar esa bizning hayot faoliyatimiz uchun juda muhim sanaladi. Ayniqsa, pista tarkibidagi Ye vitamini erkak va ayollarning reproduktiv aʼzolariga ijobiy taʼsir etadi. Bolalarning boʻydor boʻlishiga taʼsir qiladi. Organizmning zaiflashib qolishining oldini oladi. Jismoniy mehnat va sport bilan shugʻullanuvchi insonlar uchun juda foydali. Shunday ekan unga faqatgina zerikish tufayli chaqiladigan ovunchoq sifatida qaramang.
Shoira Bekchanova,
Tibbiyot fanlari nomzodi