Kunjut eng koʻp moy beruvchi oʻsimlik hisoblanadi. Urugʻi tarkibida 55-68 foizgacha moy, 16-22 foiz oqsil va 18 foiz eriydigan uglevod hamda spirt bor. Kunjut moyi oziq-ovqat sanoatida va upa-elik ishlab chiqarishda muhim xomashyo hisoblanadi.
Kunjutning shifobaxsh xususiyatlari ham talaygina. Abu Ali ibn Sino kunjut urugʻi va moyi yordamida qon quyilgan aʼzolar, shishlar va astma xastaliklarini davolagan. Shuningdek, nafas yoʻllari bilan ogʻrigan bemorlarga isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Kunjut yogʻi teri kasalliklarida, teri kuyganda, oshqozon-ichak kasalliklarida, surgi va gijja haydovchi vosita sifatida hamda qon quyilishini tezlashtiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Oziq-ovqat sanoatida ham keng qoʻllaniladi.
Oq donli kunjut urugʻlaridan yuqori sifatli holva, parfyumeriya vositalari va turli shirinliklar tayyorlanadi. Dunyo sanoatida oʻsimlik konserva, konditer, non va non mahsulotlari, tibbiyotda esa dori-darmon tayyorlashda keng ishlatiladi.
Bugungi kunda dasturxonlarimizdagi pishiriqlarni kunjutsiz tasavvur qilish qiyin. Oʻzining xushboʻy hidi, yoqimli taʼmi bilan shirinliklar-u somsalarni bezayotgan ayni ziravorning qanday xususiyatlari bor?
Kunjutga hech qanday qayta ishlov bermasdan, oʻzini pishirilmagan tabiiy holida isteʼmol qilish undagi foydali xususiyatlarning saqlanib qolishiga sabab boʻladi. Pishirilgan kunjutda esa, faqatgina xushboʻy hid qoladi, undagi kerakli moddalar oʻz xususiyatini yoʻqotadi.
Kunjut tarkibida sezamin nomli antioksidant mavjud boʻlib, u koʻpgina kasalliklarning oldini olishda, shu jumladan, saraton kasalligida ham ahamiyatlidir. Kunjutning oʻziga xos xususiyatlaridan yana biri, u qon tarkibidagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Mitti ziravor soch va tirnoqlar uchun ham koni foyda. U tirnoqlar moʻrtligi va soch mustahkamligida ham samarali taʼsiri mavjud.
Kunjut tarkibidagi tiamin moddasi modda almashinuvi va asab tizimining yaxshi ishlashi uchun samarali.
Kunjut kalsiyga boyligi sababli, osteoporoz rivojiga toʻsqinlik qiladi. Aterosklerozning oldini oladi. 45 yosh va undan katta yoshdagi ayollar uchun ayniqsa, uning foydasi koʻp. Boisi, unda ayollar uchun kerakli garmonlar yetarlicha bor.
Kunjut yogʻidan kosmetologiyadan keng foydalaniladi. Kunjutning kunlik meʼyori ikki-uch choy qoshiqni tashkil qiladi.
Lekin unutmang, qanchalik foydali boʻlmasin, uni isteʼmol qilishda ham ehtiyotkorlik talab etiladi.
Fazilat Saʼdullayeva, farmatsevt