Limon va uning shifobaxsh xususiyatlari

0
3640
marta koʻrilgan.

 Limon sitrus mevalar oilasiga mansub boʻlib, u Xitoyda «Li-mung» — «onalar uchun foydali» degan maʼnoni bildiradi. Uning asl vatani Hindistonda Himolay togʻlari boʻlib, keyinchalik u yerdan boshqa mamlakatlar va qitʼalarga koʻchib oʻtgan.

Limon koʻpincha shohchasidan koʻpaytiriladi va u 1-2 yildan soʻng gullaydi. U yorugʻlik va doimiy namlikni talab qiladi, quruq havoni yoqtirmaydi. Limon tuproq, chirigan goʻng va qum aralashmasidan iborat yerlarda yaxshi rivojlanadi. U koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, 45 yilgacha umr koʻrishi mumkin. Bir tup limon 30 donadan 200 donagacha meva beradi. 

 Limon mevasi tarkibida galakturon kislotasi, 2-3,5% shakar, turli xil darmondorilar, 45-83 mG% S vitamini, gesperedin boʻyoq moddasi, fitonsidlar, flavonidlar, seskviterpenlar, poʻstida esa 0,4-0,6% miqdorida efir moyi mavjud. Urugʻi efir moyi va limonin nomli achchiq moddaga, daraxtining shoxi va barglari esa 0,09-0,24% efir moyiga ega boʻladi. Limon daraxti poʻstlogʻi glikozid sitronitin – sitronin moddasiga boydir.

Limonning davolovchi xususiyatlari faqat meʼyorida pishgan mevada saqlanib qoladi, oʻta pishib ketgan mevalarda esa, aksincha, bu xususiyat yoʻqoladi. Poʻsti qalin ikki yillik mevalarda bir yillik mevalardagiga qaraganda shifobahsh moddalar kamroq boʻladi. Toʻliq pishmagan limonlarni asal qoʻshib isteʼmol qilish bilan ularni foydali va shifobaxshligi kuchaytiriladi. Dorivor mahsulot sifatida yaxshi pishgan limon mevalari, ularning poʻsti va sharbatidan foydalaniladi. Uy sharoitida limon sharbatini maxsus uskuna (sokoviʼjimalka) yordamida yoki qoʻlda tayyorlash mumkin.

 Limon moyi. Yangi limonning poʻsti ezilib, limon moyi olinadi. Ushbu moy rangsiz yoki och sargʻish-yashil rangdagi suyuqlik boʻlib, undan limon isi keladi, mazasi esa achchiq boʻladi. Limon moyi qopqogʻi mahkam yopiladigan shisha idishda, qorongʻi joyda saqlanadi. Bunday usulda saqlangan moy vaqt oʻtishi bilan quyuqlashadi va achchiq taʼmga kiradi. Ushbu moydan dorilarning mazasi va xidini maromiga yetkazishda foydalaniladi.

Limon mevasining shifobaxsh xususiyatlari uning moyi va limon kislotasida jamlangan. Limon moyi va kislotasi koʻplab oʻsimliklar tarkibida bor boʻlib, limon kislotasi olma sirkasi kabi modda almashinuv xuga ega. Limon mevasidagi askorbin kislotasi (S vitamini) tabiiy davolash jarayonida katta ahamiyatga egadir. Limondan olingan dorivor moddalar darmonsizlikka qarshi vosita sifatida, shamollashga, mikroblarga, gijjalarga, ateroskleroz va sklerozga qarshi hamda yara-chaqalarni davolashda foydalaniladi. Undan sariq kasalligi va jigar xastaliklarida ham qoʻshimcha davolash vositasi sifatida foydalanish mumkin.

Tuxum oqi, glitserin, odekolon va limon aralashmasi yuz va boʻyin terisini yoshartiradi. Limon sharbatidan tuzlarni haydashda, bod kasalligi hamda bel ogʻrigʻida (radikulitda) foydalaniladi. Chunki limon kislotasida siydik kislotasini hamda tomir va boʻgʻimlarda yigʻilib qolgan asoratlarni yuva oladigan xususiyatga ega. Shuningdek limon mevasi yurak kasalligi oqibatida yuzaga keladigan shishlarni, suvchechak, bavosil (gemorroy), sil kasalligi, infeksiyali hamda virusli kasalliklarni davolashda yordam beradi. Limon kislotasi bilan aterosklerozni davolash hamda uning oldini olish mumkin. Yuqorida qayd etilgan holatlarda shifokorlar har kuni 120 ml dan limon sharbatini isteʼmol qilishni tavsiya etadilar. Limonda mavjud boʻlgan tabiiy S vitamini bilan toʻyintirilgan organizmda yaralar, lat yegan joylar, suyaklarning sinishi tez bitadi, oshqozon-ichak faoliyati buzilishining oldi olinadi, bunday organizm sil kasalligi, asteniya, modda almashinuvi buzilishi kabi xastaliklarga qarshi samarali kurasha oladi. Limonli muhitda streptokokklar, angina va boshqa kasalliklarni keltirib chiqaruvchi infeksiyalarga qiron keladi. Limondagi S va R vitaminlari esa odamning ishlash qobiliyatini oshiradi, charchoqni oladi, koʻplab kasalliklarni tuzatish uchun foydalaniladi.

Oʻtkir gastroenterokolitda esa choyga ozroq miqdorda limon solib ichish tavsiya qilinishi mumkin. Limon sharbatidan ich ketishini davolashda ham foydalaniladi. Ushbu sharbatga boʻktirib olingan paxtali qalamchalar bilan tomoqdagi qizargan yoki yiringlagan joylar artiladi. Limon sharbati bosh ogʻrigʻi, nevralgiya va shamollashga qarshi dori – «Sitramon» ning asosini tashkil qiladi.

Zarari ham yoʻq emas: Limonni haddan ziyod koʻp isteʼmol qilish oshqozon va ichakning, shuningdek, buyraklarning shilimshiq pardasi zoʻriqishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun limon isteʼmoli oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasi, kolit va ichak yalligʻlanishi kasalliklari bilan ogʻrigan insonlarga tavsiya qilinmaydi. Shuningdek, xoletsistit, gepatit va oʻtkir nefriti bor odamlarga ham limon isteʼmol qilish cheklanadi. Limonni gastrit va boshqa shunga oʻxshash oshqozon-ichak kasalliklari hamda oshqozon osti bezi faoliyati buzilganlarning taomnomalaridan chiqarib tashlash lozim.

Fazilat SAʼDULLAYEVA, farmatsevt

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.