Migratsiya va sil kasalligi (SK): Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini nazorat qilish va oldini olish

0
234
marta koʻrilgan.

Mazkur oyning birinchi oʻn kunligida  Oʻzbekiston delegatsiyasi Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonlik hamkasblari bilan birgalikda Ostona shahrida tashkil etilgan «Migratsiya va sil kasalligi (SK): Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini nazorat qilish va oldini olish» mavzusidagi 4- Yuqori darajali mintaqaviy uchrashuvda ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, Milliy SK Markazi va Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillari hamda hududiy SK kasalxonalarining bosh shifokorlari mazkur uchrashuvda ishtirok etishdi.  AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish Global Jamgʻarmasi mintaqaviy uchrashuvni qoʻllab quvvatlamoqda.

Uchrashuv davomida davlat organlari, sil kasalliklari boʻyicha milliy dasturlar, migratsiya xizmatlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari oʻtgan yilgi chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilishining natijalarini koʻrib chiqishdi hamda koʻp tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mehnat migrantlari oʻrtasida SKni aniqlash va davolashni takomillashtirish borasida oʻz bilimlari va ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Ishtirokchilar shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini tugatish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasini tadbiq etish yoʻnalishidagi keyingi qadamlarni aniqlashdi.

Uchrashuv Markaziy Osiyoda silga qarshi kurashni takomillashtirish, ijtimoiy tamgʻalashga qarshi kurashish, muhojirlar uchun sil kasalligi borasida bilim berishni yaxshilash hamda hukumatlar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida axborot almashinuvini takomillashtirish boʻyicha qaror va tavsiyalarni qabul qilish bilan yakunlandi. Uchrashuv rezolyusiyasi mintaqaviy migratsiya masalalari bilan shugʻullanayotgan barcha hukumatlarga yuborilishiga kelishib olindi.

 Uchrashuvdan soʻng ishtirokchilar mintaqaviy saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida kelgusi yil uchun Harakat rejasini va Yoʻl xaritasini ishlab chiqadilar.

Qoʻshma Shtatlar, USAID ning Silga qarshi kurash dasturi orqali, Oʻzbekiston hukumati bilan sil kasalligini, ayniqsa, uning koʻp dori-darmonga turgʻun boʻlgan koʻrinishlarini kamaytirish maqsadida ish olib boradi. USAID ning besh yillik 7,6 million AQSH dollari miqdorida byudjetga ega boʻlgan «Sil kasalligiga qarshi kurashish» dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga  laboratoriyalarni modernizatsiya qilish, bemorlar uchun sil kasalligini aniqlash va davolanish imkoniyatlarini kengaytirish, sogʻliqni saqlash mutaxassislarini tayyorlash, silga qarshi xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, bemorlar va ularning oilalariga yordam berish orqali «Silga qarshi kurash» Milliy dasturini bajarishga yordam bermoqda.

Yekaterina Godunova,

USAID SK ga qarshi kurash dasturi OAV bilan ishlash mutaxassisi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.