Miya faoliyatini yaxshilaydigan ona yurt neʼmatlari

0
745
marta koʻrilgan.

Farzandingiz dudlangan, marinadlangan, achchiq, shoʻr, konserva mahsulotlari hamda yarim tayyor yeguliklarni xush koʻradimi? Taʼm bilish hissiga taʼsir qiluvchi  ushbu neʼmatlar bolada ishtahasizlikni paydo qiluvchi asosiy omillardir. Ushbu mahsulotlar tarkibidagi kimyoviy moddalar va koʻp foizli uglevod vaqtincha toʻqlik hissini yuzaga keltiradi, ammo organizm oʻziga kerakli ozuqani olmaydi.

Uglevodli taom va yeguliklarni muntazam isteʼmol qilish esa semirishga moyillikni, qandli diabetni yuzaga keltiradi. Farzandlarimizga tabbiy neʼmatlarni isteʼmol qilishga oʻrgatishimiz kerak. Bular ham arzon ham foydalidir. Masalan, miya faoliyatini yaxshilaydigan baʼzi ona yurt neʼmatlarining xususiyatlari  haqida tushuncha beramiz.

Koʻkpiyoz – asab tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, aqliy faoliyatdan keyingi zoʻriqishni yengillashtiradi. Qonni suyultirish xususiyati esa bosh miyani kislorod bilan oziqlantirish imkonini beradi. Kuniga bir-ikki band koʻkpiyoz isteʼmol qilish koni foyda. Tishlarning yemirilishini ham oldini oladi.

Sabzi – bosh miya oziqlanishi uchun muhim boʻlgan sabzavotlardan biri. Xom sabzini xohlang butunligicha yoki qirgʻichdan chiqarib, ayniqsa keksalar va bolalar taomnomasiga kiritish lozim. Agar qirgʻichdan chiqarilgan sabzi olma bilan aralashtirilsa, foydasi ikki barobar ortadi. Muntazam sabzi isteʼmol qilish xotirani mustahkamlaydi. Terilarni mayinlashtiradi.

Anjir – sanʼat turlariga doir toʻgaraklarga aʼzo boʻlgan bolalar anjir mevasini tez-tez tanovul qilishlari kerak. Negaki ushbu meva qonni suyultirib, miyaning kislorod bilan oziqlanishini yaxshilaydi.

Limon – S vitaminiga boy boʻlgan sitrus meva mavsum almashinuvi jarayonida, sinovli, imtihon oldi kunlarida limon choy isʼtemoli xotira imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Karam, qizil lavlagi, ismaloq – asabiy, injiq va tajang bolalar taom­nomasida boʻlishi shart! V vitaminiga boyligi sabab karam va lavlagili salat asab tizimini tinchlantiradi.

Doʻlana – koʻrish qobiliyatini, miya faoliyatini yaxshilaydi, shuningdek, yurak mushaklarini mustahkamlaydi.

Petrushka – moddalar almashinuvini yaxshilaydi, immunitetni mus­tahkamlab, koʻzni oʻtkir qiladi. Toʻgʻralgan petrushkani salatga aralashtirib, tuzsiz isteʼmol qilgan maʼqul.

Umuman meva va sabzavotlarni, sabzavotli  suyuq ovqatlarni tez-tez isteʼmol qilib turish organizmga kuch-quvvat, immunitetni koʻtaradi, qonni suyultiradi, natijada miyani kislorod bilan taʼminlaydi.

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.