Tez-tez qaytalanuvchi tomoq ogʻriqlari asab zoʻriqishi asorati, uzoqni xira koʻrish, husnbuzarlar esa oʻzini boricha qabul qila olmaslik yoki kuchli qoʻrquv taʼsirida avj oladi. Kishi salomatligidagi oʻzgarishlarga gʻam-tashvishlar, xafagarchilik, alamzadalik, qoʻrquv kabi psixologik omillar sabab boʻlishi mumkin. Ushbu holat, yaʼni psixosomatika toʻgʻrisidagi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati savollariga «Asab va ruhiyat» tibbiy-psixologik yordam markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayev javob beradi.
— Ilm-fan kasallik ruhiy holatga bogʻliqligiga nima deydi?
— Ilm-fan psixologik holatning inson tanasiga taʼsirini inkor etmaydi. Aksariyat hollarda hissiyotlarimiz, oʻy-xayollarimiz turli xastaliklarga turtki boʻlishi mumkin. Masalan, muhim yigʻilish oldidan koʻpchilik qattiq xayajonlanadi. Ayniqsa, yigʻilishda nutq soʻzlash kerak boʻlsa yoki loyiha taqdimoti reja qilinsa, his-hayajon ikki karra ortadi.
Bunday paytda kishi beixtiyor “Gapira olmasam-chi?”, “Uddalay olmasam-chi?..”, deya xavotirga tushadi. Natijada ongosti sanab oʻtilgan holatlardan birini tanlaydi va unga mos ravishda bezovtaliklarni paydo qiladi.
Misol uchun, oʻz-oʻzidan tomoq ogʻrib qolishi mumkin yoki allergiya, husnbuzar toshishi kuzatiladi. Avvalgi kunlarda soppa-sogʻ yurgan odam nima sababdan oʻzini yomon his etishi mumkin, sizning-cha? Psixosomatika ushbu hodisani oʻy-xayollar taʼsirida yuzaga kelgan deydi.
— Kishining xastalikka chalinishi uning oʻy-xayollari bilan ham bogʻliqmi?
— Shifokorlar psixik ogʻirliq qandli diabet, bronxial astma va yana bir qancha kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin, deb hisoblashadi. Shuningdek, odam oʻziga-oʻzi xastalikni toʻqib chiqarishi ham ehtimoldan holi emas. Baʼzan bu haqiqiy kasallikka olib keladi.
Deylik, bosh ogʻrigʻidan aziyat chekayotgan odam ogʻriqsizlantiruvchi dorilardan foydalansa-da, oʻzicha jiddiy patologiyalarni taxmin qiladi: “boshimda oʻsma bor boʻlsa kerak”, deb xavotirlanadi.
Har safar u shu haqda oʻylaganida ongosti axborotni maʼqullaydi. Koʻp oʻtmay, haqiqatan ham, jiddiy bezovtalik kelib chiqishi mumkin. Toʻgʻri, tibbiyotda oʻsma kasalliklari tamoman boshqa sabablar bilan yuzaga keladi. Ammo psixosomatika mutaxassislari ushbu hodisani inson oʻy-fikrlari bilan bogʻlashadi.
Shuning uchun ham doimo shifokorlar bemorlarga yaxshi narsalarni oʻylash, kayfiyatni koʻtarishni tavsiya etadi.
— Tanadagi ogʻriqlar ham psixologiyaga bogʻliq deyishadi, shu toʻgʻrimi?
— Inson tanasi nafaqat tashqi, balki ichki omillarga ham oʻta taʼsirchan murakkab mexanizmdir. Psixosomatika nuqtai nazaridan yondashilsa, tanamizdagi ogʻriqlar oʻz-oʻzidan kelib chiqmaydi. Bunga insoning hissiyotlari ham taʼsir qilishi mumkin.
Masalan, surunkali bosh ogʻrigʻi kuchli zoʻriqish, asabiylik, har narsaga qiyinchilik bilan erishish, shoshqaloqlik, natijadan qoniqmaslik hissiyotlari sabab paydo boʻladi. Atrofdagilarga nisbatan alamzadalik, kimnidir kechira olmaslik yuki sabab esa boʻyin sohasida ogʻriq boʻlishi mumkin. Yelka ogʻirlashishi, bel ogʻrigʻi, tizza qotib qolishi, hatto, angina, allergiya kabi xastaliklarning kelib chiqishi ham inson psixologiyasiga bogʻlanadi.
Xususan, oʻzini yolgʻiz sezish, mehr-eʼtiborga tashnalik, oʻz “men”iga haddan tashqari ishonish, ikkilanish, oʻziga nisbatan ishonchsizlik kabi hislar va holatlar tanada yuqoridagi ogʻriqlar paydo boʻlishiga sabab boʻladi.
— Qanday hislar inson salomatligiga salbiy taʼsir qiladi?
— Psixosomatika nazariyasi negizini quyidagi hissiyotlar tashkil etadi, bular: – gʻazab, qoʻrquv, xafa boʻlish, qiziqish, xursandchilik.
Dastlabki uchtasi kishi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Asabiylashganda, biror kimdan ranjiganda, kuchli qoʻrquvni sezganda yurak sohasida siqilish, nafas yetishmasligi holatlari kuzatiladi. Bu ham soʻzimizni isbotlaydi.
— Psixosomatika yordamida har qanday kasallikni aniqlash va davolash mumkinmi?
— Ha, qachonki xastalikka aniq tashxis qoʻyilsa va fiziologik muolaja davomida ruhiyatni sogʻlomlashtirishga ham eʼtibor qilinsagina natijaga erishsa boʻladi.
Bu ish bilan odatda, tibbiy psixolog, psixonevrolog mutaxassislar shugʻullanishadi. Muammoni aniqlash uchun maxsus seanslar oʻtkaziladi. Ongostiga yashiringan holatlar oʻrganiladi. Bemor oʻz muammosini tan olsa va uni qabul qilsagina, mutaxassis yordamida muolaja davom ettiriladi. Ruhiyatni tetiklashtirish umuman barcha kasalliklarni davolashda ijobiy samara beradi.