Qatiq organizmga juda oson soʻriladigan mahsulot. Ushbu neʼmat surunkali uyqusizlikda shifo boʻladi, charchoqni oladi. U uyqu dorisidek taʼsir kuchiga ega boʻlgani uchun vrachlar uni kechasi yotishdan oldin ichishni tavsiya qilishadi.
Ayniqsa, yogʻsiz kefir yengil hazm taʼsiriga ega. Turli kasalliklarga tavsiya qilingan diyetalarning ajralmas qismi sifatida ishlatiladi.
Qatiq tarkibida kalsiy va fosfor darmondorilari moʻl boʻlib, suyaklar, tishlar va tirnoqlarni mustahkamlashga yordam beradi. Yuz terisining tiniq boʻlishini va mushaklarning sogʻlomligini taʼminlaydi. Yana u ingichka va yoʻgʻon ichaklarni va qon tomirlarini tozalashda ishtirok etadi. Xolesterinni yaʼni ortiqcha xiltlarni yoʻqotishda organizmga koʻmaklashadi.
Qatiq tarkibida yana A, D1, D2, V2, S kabi 12 dan ortiq vitaminlar va karotin yetarli miqdorda saqlanadi. Tarkibida oqsil, mineral tuz va bir qancha vitaminlar mavjud. Yosh bolalarda koʻp uchraydigan disbakterioz va diareyani davolashda ham qatiqdan foydalanish mumkin. Shuningdek, u tanamizni bir qancha kasalliklardan himoyalaydi. Antibiotik bilan davolanish jarayonida qatiq ichish ichak mikroflorasini yaxshilab, organizmning immun tizimini mustahkamlaydi. Ichaklardagi foydali bakteriyalarni tiklashda yordam beradi. Shuningdek, organizmning zararli mikrob va bakteriyalarga qarshi kuchini oshiradi.
Qatiq oshqozon va ichaklar faoliyatini yaxshilaydi. Ogʻir turdagi meʼda xastaligi boʻlgan bemorlar ham shifokor gastroenterolog maslahati bilan qatiq isteʼmol qilishi mumkin. Sutning yogʻliligi qanchalik yuqori boʻlsa, undan mazali va toʻyimli qatiq hosil boʻladi. Shuningdek, sutning meʼdada hazm boʻlish darajasi 30 foiz, qatiqning soʻrilishi esa 90 foizni tashkil etadi. Shuning uchun qatiqni oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilovchi mahsulot sifatida ichish foydali.
Qatiq saratonning oldini oladi. Olimlarning aniqlashicha, doimiy ravishda qatiq ichib yuruvchilarning tanasiga saraton xastaligi yaqin yoʻlamas ekan. Yana bolalarda uchraydigan bir qancha infeksion kasalliklarning oldini olishda, shuningdek, raxit kasalligi, kamqonlikni davolash jarayonida, allergik kasalliklarda, turli yalligʻlanish bilan kechuvchi xastaliklarda va ishtaha yoʻqolganda qatiq ichish maqsadga muvofiq.
Maktab yoshigacha boʻlgan bolalarga tishlarining sogʻlom oʻsishi va suyaklarining baquvvat boʻlishi uchun sut va qatiq mahsulotlarini har kunlik ovqatlanish tartibiga kiritish lozim. Bu esa tishlar salomatligining kafolatidir. Bir sutkada 0,5 l qatiq ichish bolaning sogʻlom oʻsishiga yordam berar ekan.Shifokorlar homilador ayollarga har kuni 1 stakan qatiq ichishni tavsiya etadi.
Qatiq eng yaxshi parhez taom. Kishi qatiqni qanchalik koʻp ichsa, shunchalik sogʻlom boʻladi. Buning uchun haftaning, hech boʻlmasa, bir yoki ikki kunini qatiqli parhez kuni sifatida ajratiish maqsadga muvofiq. Bunday vaqtda ovqatlanish ratsioningizda faqat 30-40 g oqsil, sut, qatiq va tvorog, 200-300 g uglevod hamda 20-30 g yogʻ boʻladi. Natijada ortiqcha vazn va yogʻlardan xalos boʻlasiz, yurak-qon tomirlaridagi harakat meʼyorlashadi va xavfli shishlar soʻrila boshlaydi. Agar ovqatlanish ratsioningizga meva hamda sabzavotlarni qoʻshsangiz, yanada samaraliroq natijaga erishasiz. Ammo, bu kunlar davomida bir misqol ham tuz va shakar tatimaslik kerak. Ana shunda qatiqli parhez tufayli organizmingiz mikro va makro elementlar, vitamin hamda boshqa quvvatlantiruvchi moddalar bilan taʼminlanib, toksin, shlak va infeksiyadan xalos boʻladi.
Qatiq klimiks davrida eng yaxshi darmondori. Quvvatlantiruvchi va tinchlantiruvchi xususiyatga ega boʻlgani bois qatiqni klimaks hamda homiladorlikni boshdan kechirayotgan, hayz koʻrgan va emizikli ayollarga tavsiya etish mumkin. Buning oʻzaro bogʻliqligi shundaki, qatiq tanada modda almashinuvini meʼyorlashtiradi, organizmni temir, fosfor va kalsiy bilan boyitishi barobarida koʻngil aynishini ham yoʻqotadi.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach