Baʼzi odamlar muloqot vaqtida ogʻzidan noxush hid kelayotganini oʻzi sezib, hijolat boʻladi. Halovati yoʻqoladi, uni bartaraf etishga intiladi. Izlanadi. Darhaqiqat, ogʻiz hidlanishi xastalikmi? Uning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat?
Ogʻizdan noxush hid kelishining sabablari koʻp. Ulardan biri — galitoz holatidir. Ayniqsa, katta yoshdagilarda galitoz doimiy tarzda kuzatiladi. Stomatologik nuqtai nazardan olib qarasak, noxush hidga, asosan, tish toshlari, kariyes, tish chirishi, tish qoplamalarining eskirishi va yaxshi oʻrnatilmasligi sabab boʻladi. Tish va qoplama orasida ovqat qoldiqlarining qolishi, milkning yiringli kasalliklari va ovqat qoldiqlarining yigʻilishi badboʻy hid kelishiga zamin yaratadi
Ogʻizda noxush hid paydo boʻldimi, zudlik bilan uning sababini aniqlash va davo choralarini qoʻllash lozim.
Baʼzi dorilarni ichish soʻlak bezlarining kasallanishiga sabab boʻladi, buning oqibatida esa ogʻiz qurishi yuzaga keladi. Bunda ogʻiz boʻshligʻida soʻlak yetishmaydi, qarabsizki, ogʻizdan yoqimsiz hid anqiydi.
Baʼzi mahsulotlar sabab ogʻizdan noxush hid kelishi ham mumkin. Bunga tanovul qilingan oziq-ovqatlar sabab boʻlishi mumkin.
Piyoz, sarimsoq kabi kuchli hidga ega ozuqalar isteʼmol qilinsa, 72 soatgacha ularning hidi inson nafasida seziladi. Kofe kabi ichimliklar ham noxush hidlarga sabab boʻladi. Shuningdek, tamaki chekish noxush hid va ogʻiz qurishiga olib keladi. Oʻtkir hidli neʼmatlardan keyin yalpiz yoki ukrop koʻkatini chaynash noxush hidni yoʻqotadi.
Bundan tashqari, nonushta qilmaslik, qorin ochligida ham vaqtinchalik yomon hid kuzatilishi mumkin. Ammo bu kasallik jarayoni boʻlmay, ovqatlangach, oʻtib ketadi.
Agar ogʻzingizdan bot-bot noxush hid kelayotgan boʻlsa, odatda u biror xastalikning belgisi ham boʻlishi mumkin. Masalan, oshqozon va ichak mikroflorasining buzilishi, qabziyat, pankreatit — oshqozon osti bezi faoliyatining buzilishi, jigʻildon qaynashi, meʼda yalligʻlanishi kabi dardlarda ham bad hid kelishi mumkin.
Ichak mikroflorasi buzilsa, ovqat hazmi qiyinlashadi. Oqibatda taomdan paydo boʻluvchi badboʻy hid ichak yoʻllari orqali ogʻizdan kela boshlaydi.
Muammoning yana bir sababi — oshqozon osti bezi faoliyatining buzilishi. Oshqozon osti bezi taomning hazm boʻlishida katta ahamiyatga ega. Bezning yaxshi ishlamasligi qabziyatga, ichaklar faoliyatining buzilishiga sabab boʻladi. Bu esa oʻz oʻrnida ogʻizda yomon hid paydo qiladi.
Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, patologik holat bilan bogʻliq hidlar bir-biridan farq qiladi. Tajribali shifokor pankreatit bilan bogʻliq hid va tish kasalliklarida paydo boʻluvchi hidni farqlay oladi. Bu holatni tashxis qoʻyishda kasallik belgisi sifatida ishlatadi.
Jigʻildon qaynashining oldini olish uchun taom tarkibiga ahamiyat berish kerak: har xil ovqatlarni aralashtirib yemaslik, taomni shirin ichimliklar bilan emas, oddiy qaynoq suv bilan isteʼmol qilish va yogʻli ovqatlardan oldin shirinlik yemaslik, ochlikni his qilgachgina taomlanish lozim. Ovqat hazmi yomonlashsa, taomni koʻkatlar, karamli salat, qatiq bilan yoki kam miqdorda olma sirkasi bilan isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Xom sabzavot va mevalar nafaqat hazmni osonlashtiradi, balki ichak mikroflorasini ham tiklash xususiyatiga ega. Shuning uchun ovqatlar bilan salatlar isʼtemoli koni foydadir. Tushlikdan keyin 15 daqiqa toza havoda sayr qilish maqsadga muvofiq. Agar sizda ovqatlanish tartibi, ich kelishi bir meʼyorda boʻlsa, hazmi taom bilan bogʻliq bezovtalik kuzatilmasa, demak, ogʻizdagi yomon hidning sababi boshqa aʼzolarga bogʻliq.
Agar bemor vaqtida shifokorga murojaat qilsa, tish toshlari terilib, muammo oson hal etiladi. Baʼzan shifokorning tajribasizligi oqibatida kasallangan tish toʻliq davolanmay, qoplama oʻrnatiladi. Bu esa vaqt oʻtishi bilan qoplama tagidagi tishning chirishi va hidlanishiga sabab boʻladi.
Ogʻiz boʻshligʻida hid boʻlmasligi uchun tishlarni vaqti-vaqti bilan tuzli suvda chayib turish kerak. Namakobni ogʻizda bir necha daqiqa ushlab turish uning samarasini yanada oshiradi. Bundan tashqari, moychechak bugʻiga ogʻizni tutish va ushbu damlama bilan tishlarni chayish ham ogʻiz boʻshligʻi yalligʻlanishining oldini oladi. Eng muhimi, bir kunda ikki mahal yaʼni ovqatlangach, tishlarni yuvishni odat qiling.
Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.