Bolalarimizning sogʻlomligi, yuzlaridagi tabassum, atrofga, ilmga, bilimga boʻlgan qiziqishlari koʻpincha biz kattalarning taʼlim-tarbiyasiga, oiladagi muhitga bogʻliq. Shuning uchun ham elimizda oila muqaddas maskan sifatida azal-azaldan qadrlanadi. Oila bunyod etish masalalariga alohida eʼtibor beriladi. Zero, ahil oila jamiyatimiz koʻzgusi!
Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya belgilab qoʻyilgan. Asosiy qonunimizda belgilangan tamoyillar asosida mamlakatimizda oila institutini yanada mustahkamlash va maʼnaviy yuksaltirish, oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, har bir yosh oila mustahkam poydevorga ega boʻlishiga erishishi, jamiyatning kelajagi boʻlgan har bir chaqoloqning sogʻlom tugʻilishi va yashab ketishini toʻla kafolatlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Chunki, oila hayot bardavomligini taʼminlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlarini sayqallab, kelajak avlodga yetkazadigan, farzandlar kamolotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan tarbiya manbaidir.
Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar koʻpincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida oʻylamay, hali balogʻat yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona boʻlmasin, deya oʻgʻil uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni oʻn yetti yoshida turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu koʻp holatlar boʻlgʻusi yosh onaning salomatligi, ruhiyatiga, qolaversa, tugʻilajak farzandning durkunligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Xorazm viloyatida aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, tibbiy madaniyatni oshirish va yoshlarning nikohga oid tushunchalarini kengaytirish, qarindoshlar oʻrtasidagi va erta nikohlarning oldini olish borasida maktab-u mahallalarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Afsuski, ushbu saʼy-harakatlarga qaramay, reproduktiv salomatlik talablariga zid ravishda qizlarni barvaqt turmushga uzatish hollari kuzatilmoqda.
Mana shunday ota-onalarga tushuntirish maqsadida barcha shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda mutaxassislar ishtirokida aholi vakillari bilan muntazam davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarda qiz bolani barvaqt turmushga berish va erta farzand koʻrish, qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari, nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishning zarurligi borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Tugʻruqxonada ginekolog-tashhischi sifatida oʻttiz yilga yaqin ishlab shunga amin boʻldim-ki, koʻp hollarda yosh kelinchaklarning sogʻlom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqadi. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor boʻlmasdan oilali boʻlishi tugʻruq jarayonida oʻlim xavfi ortishiga sabab boʻladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda boʻlajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.
Kelinchak qancha yosh boʻlsa, homiladorlik davrida turli patologik, ekstragenital xastaliklar kuchayadi, yoʻldosh yetishmovchiligi, suyaklar tizimida roʻy beradigan oʻzgarishlarning salbiy oqibatlari, shamollashlarning tez-tez qaytarilishi koʻp boʻladi. Erta homiladorlik koʻpincha homilaning nuqsonli rivojlanishiga sabab boʻladi. Natijada ona hamda bola salomatligi katta xavf ostida qoladi. Bola tashlash yuz bersa, uning asoratlari yanada xavfli boʻlib, keyingi homiladorlikning normal kechishi va tugʻruqning tabiiy ravishda amalga oshishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Koʻpincha yosh turmush qurgan kelinchaklarning farzandlari jarrohlik amaliyoti orqali dunyoga keltiriladi. Surunkali kislorod yetishmasligi tufayli ona qornida sust rivojlangan chaqaloqlarning vazni ancha kam boʻladi va, afsuski, ularning aksariyati koʻp yashamaydi.
Bugungi kunda skrining tekshiruvlari natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega boʻlishi lozim.
Ammo, ayrim ota-onalarning tibbiy bilimga ega emasligi tufayli nosogʻlom farzandlar dunyoga keladi, oilalar oʻrtasida sovuqchilik paydo boʻladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir oʻylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqadi.
Xalqimiz orasida qizlarning kattalar, ayniqsa, ota-ona raʼyiga qarshi bormasligi anʼanaga aylangan. Koʻpincha erta va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning qayd etilishiga ana shu holat sabab boʻlmoqda. Buning oldini olish maqsadida ota-onalar, buva- buvilar oʻrtasida ham erta turmushga chiqish va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning salbiy oqibatlari kabi mavzularda davra suhbatlari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ochiq muloqotlar oʻtkazishda mahallalar jonbozlik koʻrsatishi kerak. Bugun “farzandimning orzu havasini koʻray” deb, qizini erta turmushga berishi oqibatida yosh oilalar inqirozga uchrayotganini tushintirish maqsadga muvofiq.
Sogʻlom farzand sogʻlom onadan dunyoga keladi. Yoshlarda sogʻlom va ahil oila qurish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga intilishni ragʻbatlantirishdek ezgu ishlar zamirida, avvalo, oilamiz, mamlakatimiz kelajagi boʻlgan barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassamdir.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida “Ahil oila maktabi” loyihasi asosida tayyorlandi.