Olmaning urugʻi ham foydalidir. Unda yod mikroelementi miqdori nihoyatda koʻp boʻlib, 5-6 dona olma urugʻi kishi organizmini 1 haftalik yod moddasi bilan taʼminlay oladi.
Olmaning foydalilik jihati uning rangiga ham bogʻliq. Masalan, qizil yoki sariq rangli olmani koʻpchilik xush koʻradi, chunki u mazali. Ammo tibbiy nuqtai nazardan qaralganda koʻm-koʻm va nordon olma shifobaxsh hisoblanadi. Koʻk olma tarkibida pektin moddasi moʻl, qand moddasi esa kamligi bois shifobaxshlik xususiyati koʻproq.
Ushbu neʼmat qon harakatini maromiga solishga, parishonxotirlik, miya horgʻinligini ketkazishda koʻmaklashadi. Podagra va dizenteriya kasalliklarida ham olmali parhezning foydasi tajribada sinalgan.
Uning poʻstloqi tarkibida ovqatni hazm qildiradigan foydali moddalar mavjud boʻlgani uchun, poʻsti bilan yeyish lozim. Semizlik, qandli diabet, qabziyat kasalliklarida ham bu meva nihoyatda foydali. Faqat bolalarda chaynash refleksi toʻla shakllanmaganligini nazarda tutib, ularga olmaning poʻstini archib berish tavsiya etiladi. Olmani pyure shaklida isteʼmol qilinsa, meʼda-ichak faoliyatini yaxshilaydi.
Olmaning aqlni charxlashga xizmat qiladigan xususiyati koʻp. Buning uchun 150 g qirgʻichdan oʻtkazilgan olmaga yarimta apelsin sharbatini qoʻshib, uni 10 dona chaqilgan yongʻoq magʻzi bilan aralashtiriladi. Yongʻoqlar oʻrniga bir necha qoshiq olxoʻri mevasi sharbati, apelsin oʻrniga limon sharbati va unga teng miqdorda asalni aralashtirish mumkin. Mazkur aralashmani kun davomida isteʼmol qilib turiladi.
Oysha AXUNOVA