Ona tabiatimizning ajoyib neʼmati sabzi ayni kunda arzon va foydalidir. Sabzi va uning sharbati vitaminlarga boy boʻlib, inson organizmini A darmondorisi bilan yetarli miqdorda taʼminlaydi. Sabzi sharbatining noyob xususiyatlaridan biri shundaki, u bir qancha kasalliklarning oldini olishda va davolashda yordam beradi.
Jumladan, ateroskleroz, boʻqoq, miokard infarkti, buyrakda tuz yigʻilishi va dermatit, ekzema va boshqa kasalliklarning oldini olishda va davolashda koni foyda. Shuningdek, ishtahani ochib, immunitetni mustahkamlaydi, koʻrish qobiliyatini oshiradi,
Yevropada sabzi sharbati yoshlik eliksiri deb ham nomlanadi. Haftada ikki marotaba sabzi sharbati isteʼmol qilish, organizmni infeksiyalarga qarshi himoya kuchini oshiradi, ishtahani yaxshilab, koʻrish qobiliyatini maromiga keltiradi. Terini taranglashtirib, yuz rangini tiniqlashtiradi.
Tarkibida bir qancha mikroelementlar, beta-karotin, V guruhga mansub vitaminlar, flavonoid, fermentlar, mineral tuz, kaliy, magniy, ruh-sink, yod, bariy mavjud. Shu bilan birga, sabzi tarkibidagi A darmondorisi organizmni kasalliklarga qarshi himoya kuchini oshiradi. Shabkoʻrlikni oldini oladi. Bu ayni bugungi pandemiya davrida katta ahamiyatga ega.
Sabzi sharbati yosh bolalarga, ayniqsa, zaruratdir. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, goʻdak uchun sabzi sharbati nihoyatda foydali boʻlib, bolaning suyak tizimi rivojlanishiga ijobiy taʼsir qiladi. Sabzi tarkibidagi D vitamini bola suyaklarini rivojlanishida, boʻyi oʻsishida katta ahamiyatga ega.
Agar farzandingizga sabzi sharbatining taʼmi yoqmasa, unday holda sabzi bilan olma sharbatini aralashtirib bering. Yoki farzandingiz yaxshi koʻradigan boshqa bir meva sharbatini aralashtirib berish mumkin. Shunda taʼmlar uygʻunligi farzandingizga yoqishi, shubhasiz.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach