Chilonjiyda dala-yu bogʻlarda oʻsadi. Chilonjiydaning 2 xil navi mavjud. Biri xuddi marjondek dum-dumaloq shaklda, biri esa “unabi” deb ataladi. U uzunchoq shaklda boʻladi. Har ikkisi ham shifobahsh.
Chilonjiyda daraxti oʻziga xos chiroyli, barglari yaltiroq, gullaganda oʻzgacha goʻzallik kashf etib bahridilingizni ochadi. Mevasida 40-60 % qand, 3 % oqsil, organik kislotalar, S vitamini, oshlovchi moddalar, karotin, bargida alkaloidlar, flavoitlar va boshqa moddalar bor.
Shifobaxshligi bilan insonlar eʼtiborini tortgan ushbu neʼmat tana aʼzolarining tonusini koʻtaruvchi, siydik haydovchi, balgʻam koʻchiruvchi malham sifatida qoʻllaniladi.
Alloma Ibn Sino chilonjiyda mevasini koʻkrak ogʻrigʻi, oʻpka, buyrak va siydik pufagi kasalliklarini davolash uchun ishlatgan. Shuningdek u gipertoniya va ateroskleroz kasalligida ham ishlatiladi.
Mevasidan damlama tayyorlash uchun ogʻzi yopiladigan idishga qaynab turgan 1 stakan suv quyiladi. Unga 20 gr maydalangan mevadan solib, 1 soatga damlab qoʻyiladi. Soʻngra dokadan suzib oʻtqaziladi. Kuniga 3 mahal ovqatdan yarim soat oldin 2 osh qoshiqdan ichiladi.
Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.