Ona yurt neʼmati – shifobaxsh anor

0
1334
marta koʻrilgan.

Xalqimiz tomonidan sevib isʼtemol qilinadigan ona yurt neʼmati –  anor qadimdan tabobatda  keng qoʻllanilgan. Turli kasalliklarni  davolash maqsadida uning mevasi, poʻsti bilan birga daraxtning navdasi, poʻstlogʻi ham ishlatiladi.

Anor poʻstlogʻi tarkibida alkaloidlar, oshlovchi moddalar, qatron, boʻyoq va boshqa birikmalar, meva poʻstida ham koʻp miqdorda vitaminlar va oshlovchi moddalar bor. Anor mevasi tarkibida esa organik kislotalar, 21foizgacha qandlar, vitamin S va boshqa birikmalar mavjud. Tibbiyotda ishlatish uchun meva poʻstlogʻidan tanin va meva sharbatidan limon kislota olinadi

Alloma Abu Ali ibn Sino anor poʻstini qon tupirganda, milk qonaganda, meʼda kasalliklari –  ich ketish, qon aralash ich ketishda, siydik haydash, tish-milkni mustahkamlashda, yaralarni va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatgan.

Xalq tabobatida anor daraxti poʻstlogʻi, mevasi, meva poʻsti va guli istisqo (vodyanka), qoʻtir, yoʻtal, ich ketishi, dizenteriya, sariq kasalliklarida hamda qon toʻxtatuvchi, siydik  va gijja haydovchi dori sifatida ishlatiladi.

Anor sharbati singa kasalligida buyuriladi va ishtaha ochish uchun ham ichiladi.

Meva poʻstlogʻidan qaynatma tayyorlash: qopqoqli idishga bir stakan suvga bir choy qoshiq poʻstlogʻidan solib qaynatiladi va ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichiladi. Meva poʻstlogʻining kukuniga saryogʻ yoki mol yogʻi bilan aralashtirib surtilsa, teridagi yiringli yaralarni tuzatishga yordam beradi. Meva poʻstlogʻidan tayyorlangan qaynatma esa ogʻiz boʻshligʻining yalligʻlanishida ham davo boʻladi.

Anor, olma, behi, limon, oshqovoq, nilufar va kashnich teng miqdorda aralashtirilib qaynatiladi, uning quyuq sharbatiga asal qoʻshib isteʼmol qilinsa, safro qusish, koʻngil aynishi va tinka qurishidan qutilish mumkin.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.