Ona yurtimizning barcha neʼmatlari kabi qovoqni ham xalqimiz azaldan sevib isʼtemol qiladi. Undan tayyorlanadigan ovqatlarning turi koʻpligi ham ushbu neʼmatning ahamiyatini oʻzida ifodalaydi.
Inson doimo sogʻlom va goʻzal koʻrinish uchun harakat qiladi, aqlona ovqatlanishga eʼtibor beradi. Isʼtemol qilayotgan neʼmatini tarkibini bilishga intiladi. Qovoqning kimyoviy tarkibi vitaminlar va minerallarga juda boy. Qovoqdan tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilganda organizm yetarli miqdorda makro va mikroelementlar, vitaminlar bilan taʼminlanadi.
Qovoq tarkibida yod, ftor kabi moddalar uning tarkibida boshqa poliz ekinlariga nisbatan koʻproq va u organizm uchun foydali. Uning urugʻida 50 foizgacha yogʻ mavjud. Etida esa A, S, V1, V2, RR vitaminlari va karotinoidlar, uglevodlarning miqdori sabziga nisbatan 5 marta va qoramol jigariga nisbatan 3 marta koʻpdir. Shuning uchun oftalmologiyada koʻrish qobiliyati pasayganda qovoqning eti va sharbatini isteʼmol qilish tavsiya qilinadi. Undan ajratib olingan moddalar sil tayoqchalarining oʻsishiga toʻsqinlik qiladi.
Jumladan, tarkibidagi V1 vitamini uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Uning yetishmasligi asab tizimi xastaligi va yurak-qon tomiri tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi. V2 darmondorisi (riboflavin) turli fermentlarning tarkibiga kirib, organizmda kechadigan reaksiyalarda ishtirok etadi. Uning yetishmasligida angulyar stomatit kuzatiladi.
V6 vitamini esa oqsillar almashinuvida ishtirok etadi. Ushbu vitaminning yetishmasligi sababli bolalarda asab tolalarining tortishishlari va dermatit yaʼni teri yalligʻlanishi rivojlanadi.
V9 vitamini (foliy kislotasi) – oqsillar, xolinlar almashinuvida ishtirok etadi. Qovoq tarkibida qarishning oldini oladigan moddalar boʻladi. Shuningdek, unda jinsiy bezlar faoliyatini oshiruvchi Ye vitamini mavjud. Poʻstlogʻida esa koʻp miqdorda pektin va klechatka bor.
Uning urugʻlarida lipidlar, oqsillar, vitaminlar va mineral tuzlar koʻp. Endokrin tizimiga ijobiy taʼsir etishi va ovqat hazm qilish jarayonlarini yaxshilashi sababli ham qovoq oʻziga xosdir. Yana uning kaloriyasi past boʻlganligi uchun ham ortiqcha vaznli bemorlar uchun foydali hisoblanadi. Yoʻtal bezovta qilganida va sil kasalligida qovoq sharbati yoki xom poʻstlogʻi qoʻllaniladi. Qovoqdan tayyorlangan boʻtqa bronxitda va haroratni tushirishda yordam beradi. Yana bu poliz ekini V12 vitaminining sintezida ishtirok etadi. Meʼda osti beziga ijobiy taʼsir etganligi sababli qovoq tarkibidagi kobalt moddasi insulinning hosil boʻlishida ishtirok etadi.
Uzoq umr koʻrgan insonlar qovoqni har kungi taomnomasiga kiritganini mutaxassisilar aniqlagan edi. Operatsiyadan soʻng u kuchsizlangan organizmning infeksiyalarga nisbatan chidamliligini oshiradi. Ateroskleroz, yurak qon tomir tizimi bilan bogʻliq boʻlgan shishlar, buyrak, jigar va qovuq kasalliklari, gipertoniya, moddalar almashinuvi buzilganda ham qovoq juda foydalidir.
Sh. Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi