Kasallikni kelib chiqish sababi ekzogen (tashqi) omillar yaʼni, kimyoviy, fizik, biologik va endogen (ichki omillar), yaʼni, organizmda kanserogen (rak keltirib chiqaruvchi) moddalarni sintezlanishi, gormonal muvozanatning buzilishiga bogʻliq.
Olimlarni taʼkidlashicha, yana boshqa omillar ham borki, bularga notoʻgʻri ovqatlanish, buning natijasida 35 foiz, tamaki chekish natijasida 30 foiz, atrof — muhitning ifloslanishi 3 foiz, viruslarning organizmga tushishidan 10 foiz, nasldan-naslga oʻtish borasida 5-10 foiz, quyoshdan keladigan ultrabinafsha nurlarning salbiy taʼsiri natijasida 5 foiz, ionli nurlanish natijasida 3 foiz, va alkogolli ichimliklar isteʼmol qilish natijasida 2 foiz, onkologik kasalliklar kelib chiqishi isbotlangan.
Onkologiya sohasida dolzarb muammo – bu keng kamrovli profilaktik ishlar va kasallikni erta bosqichlarda aniqlashdir. Buning uchun joylarda shifokorlarni onkologik hushyorligini oshirish, tibbiyot xodimlari aholi oʻrtasida oʻz vaqtida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar tashkil qilishi, skrining tekshiruvlarini barcha kasalliklar boʻyicha olib borish va ayniqsa, fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirishi lozim.
Filialimizda sut bezi saratoni kasalligining oldini olish maqsadida ayollarga muhim malumotlar va saraton kasalligining 21 ta asosiy belgisi, uning profilaktikasi haqida eslatma varaqalari chiqarildi va shahar, tuman tibbiyot birlashmalariga, QVP larga tarqatildi. Mutaxassislarimiz saraton kasalligini tekshirish, uni davolash va oldini olish borasida, dori-darmonlar, yangi tibbiy asbob-uskunalar toʻgʻrisida videoroliklarni fuqarolarga taqdim etmoqda.
Hozirgi kunda filialimizda 7-ta boʻlim faoliyat koʻrsatib, laborator tekshiruvlar asosida, tibbiy uskunalar (kompyuter tomografiyasi, rentgen, mammografiya, ultratovush tekshiruvlari)ga asoslanib bemorga toʻgʻri tashxis qoʻyilib, aholiga ixtisoslashtirilgan onkologik xizmat koʻrsatib kelinmokda. Xastalarga zamonaviy davo muolajalari oʻtkazilmoqda.
Matniyaz MATNIYAZOV, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor, Xorazm viloyati