Toʻgʻri va oqilona ovqatlanish deganda nimani tushinamiz?! Oqilona ovqatlanish madaniyati deganda ovqatlanish tartibi va taomning xilma-xilligi tushuniladi. Bu ovqatni qancha va qachon yeyishni, dasturxonni qanday bezatishni bilish zarur demakdir. Toʻgʻri va oqilona ovqatlanish inson umrini uzaytiradi, salomatligiga ijobiy taʼsir etib, organizmning meʼyorida faoliyat yuritishiga yordam beradi.
Ovqat ratsioni tegishlicha energetik qiymatga ega boʻlishi kerak. Bu esa organizm hayot faoliyati uchun sarflangan energiyasiga yeyiladigan ovqat kalloriyasi muvofiq kelishdir. Inson mehnat bilan shugʻullanganda, yurganda, turli harakatlar qilganda, gaplashganda, barcha ichki aʼzolar, ayniqsa, miya, yurak, oʻpka, meʼda-ichak tizimi buyraklar uzluksiz ishlab turadi. Buning uchun energiya kerak. Energiyaning esa biz oziq-ovqat mahsulotlari va suyuqliklardan olamiz.
Ovqat ratsioni sifat jihatdan toʻyimli boʻlishi, yaʼni, barcha oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida oqsillar, uglevodlar, yogʻlar, mineral moddalar va vitaminlar mavjud boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilish zarur.
Bolalar bir kunda toʻrt mahal ovqatlanishi, ertalabki nonushta kundalik ovqatning 25 foizni, tushlik 35 foizni, peshinda 15 foizni, kechki ovqat 25 foizni tashkil qilishi kerak.
Ovqatlanayotganda har qanday ishni yigʻishtirib qoʻying. Ayniqsa, koʻngilsiz voqealarni eslamang. Ovqat paytida hech narsa oʻqimang, aks holda taom yaxshi hazm boʻlmaydi.
Suyuqlikni haddan tashqari koʻp ichish ham zarar qiladi. Odam koʻp terlaydi, “suyulib” qolgan qon kislorod tashish vazifasini bajara olmaydi. Yurak, tomir va buyraklarga ogʻirlik tushadi.
Dasturxon did bilan bezatilsa va ovqat chiroyli qilib qoʻyilsa, koʻrganda faqat koʻz quvonib qolmasdan, bunda meʼda shirasi ham koʻproq ajraladi, hazm tizimi ovqatlanishga tayyor turadi.
Dasturxon har xil koʻkatlar: petrushka, shivit, sabzavotlar, limon, bodring, karam kabilar bilan bezatilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Sabzavotlarni dasturxonga qoʻyishdan oldin yaxshilab yuvish kerak. Yuvilmagan mevalar yuzasida oʻtkir yuqumli meʼda-ichak kasalliklarini chaqiruvchi mikroorganizmlar boʻlishi mumkin.
Ovqat juda issiq va juda sovuq boʻlmasligi lozim. Issiq ovqatlar 50-60 darajada boʻlishi, sovugʻi 10 darajadan kam boʻlmasligi kerak.
Uy bekalari ovqat tayyorlanadigan mahsulotlarning sifatli boʻlishiga eʼtibor berishlari lozim. Mahsulot sal buzilgan boʻlsa ham ovqatga ishlatish mumkin emas. Sutni faqatgina qaynatib ichish kerak.
Xolida Ochilova,
oliy toifali vrach