Toʻqimalar va organlarda ortiqcha yogʻ borligi semizlik deyiladi. Bu kasallik tana vazni normadan 20 foiz va undan koʻpga oshib ketishi bilan namoyon boʻladi.
Global semizlik tahdidi. Britaniyalik olimlarning taʼkidlashicha, hozirga kelib semizlik ochlikdan koʻra jiddiyroq muammoga aylangan. Ayni paytda dunyo aholisining qariyb 30 foizi yoki 2, 1 milliarddan ortigʻi ortiqcha vaznga ega yohud semizlikka chalingan. Bu esa toʻyib ovqat yemaydiganlar sonidan deyarli 2, 5 baravar koʻproqdir. Endilikda semizlik oʻlim holatlarining 5 foiziga sabab boʻlmoqda. Semizlik sogʻliqni saqlash sohasining muammosi boʻlibgina qolmay, jahon iqtisodiyotiga tahdid hamdir. Ushbu muammo tobora chuqurlashib bormoqda. Agar hozirgi vaziyat saqlanib qolsa, dunyoda katta yoshdagi aholining yarmi ortiqcha vaznli yoki semizlikka chalingan boʻladi. Shu paytgacha birorta ham mamlakat semizlar sonini ortga qaytarishga muvaffaq boʻlmadi. Hozirda semiz kishilarning 60 foizdan ortigʻi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashamoqda.
Ortiqcha vazn kasallik. Semizlik teri osti va tananing boshqa joylarida meʼyordan ortiqcha yogʻ toʻplanishi natijasida kelib chiqadi. Kamharakatlanish, genetik faktorlar, endokrin kasalliklar, notoʻgʻri ovqatlanish yoki ruhiy buzilishlar kabi sabablar semizlikni keltirib chiqaradi. Ulardan eng koʻp uchraydigani kam harakatlanish, notoʻgʻri ovqatlanish va genetik faktorlardir.
Semizlik oqibatida metabolik sindrom, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti, insult, gipertoniya kasalligi, surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi, xoletsistit va oʻt-tosh kasalligi, artritlar, osteoxondroz va osteoartrozlar, umurtqa pogʻonasi churralari, jigarning yogʻli distrofiyasi hamda onkologik kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin.
Ushbu kasalliklarning oʻz vaqtida oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun, avvalo, insondan jismoniy faollik, sogʻlom turmush tarzi va ovqatlanish ratsioniga rioya qilish talab etiladi. Chunki chiroyli qaddi-qomatga erishish uchun muayyan jismoniy mashqlarsiz xavfsiz hamda samarali ozishning iloji yoʻq.
Semizlikka qarshi kurashda sogʻlom ovqatlanish ham muhim oʻringa ega. Turli xil sabzavot va mevalarni isteʼmol qilishga odatlanish sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish ratsionini shakllantirishga xizmat qiladi. Har kuni nahorda 200 grammdan kam boʻlmagan iliq suv isteʼmol qilish salomatlik uchun koni foyda boʻladi. Chunki suv tezlik bilan oshqozonga va ichaklarga tushadi, zaharli moddalarning chiqarilishiga yordam beradi. Ichaklarni tozalab, ovqatdan keladigan foydali moddalarning yaxshi oʻzlashtirilishiga hissa qoʻshadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tongda och qoringa ichilgan suv metabolizmni 25 foizga tezlashtiradi. Bu esa ortiqcha vaznga ega odam uchun kaloriyani faol sarflash natijasida ozishga yordam berishini anglatadi.
Shuningdek, vaznni bir xil meʼyorda saqlab qolish uchun tarkibida shakar mahsulotlari bor neʼmatlar – shokolad, marmelad, murabbo, tort, pishiriqlar, muzqaymoq, asal, yogʻli va dukkakli mahsulotlar, dudlangan hamda qovurilgan ovqatlarni imkoni boricha kam isteʼmol qilish lozim.
Kundalik ovqatlar ratsionini toʻgʻri tashkil etish – ertalabki nonushtani yaxshi tanovul qilib, kechki ovqatni esa uxlashdan 3 soat oldin yeyishga odatlanish darkor. Bordiyu, uxlash oldidan qorin ochib qolgudek boʻlsa, bir stakan qatiq yoki boʻlmasa olma tanovul qilish mumkin.
Badantarbiya va dush. Ertalab, uyqudan uygʻongandan soʻng yengil badantarbiya va dush qabul qilish ham jismoniy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Chunki suv muolajalari badanni ortiqcha shlaklardan tozalab, ishchanlik faoliyatini oshiradi.
Ortiqcha vaznning oldini olish uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy mashqlar, kundalik ovqatlanish tartibini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va faol turmush tarziga erishishning oʻzi kifoya!
Tavsiyamiz, tana vaznini sekin tashlash kerak. Ayniqsa qorin turida semirish boʻlsa, bunga yanada jiddiy va sabot bilan yondashish kerak. Qorin turida semirish eng xavfli va asoratli semizlik turidir.
Fazilat SAʼDULLAYEVA tayyorladi.