Osteoxondroz belgilari va davolash

0
23741
marta koʻrilgan.

Osteoxondroz – umurtqa pogʻonasi kasalligi. Xalqimiz uni boʻgʻimlar orasiga tuz yigʻilishi deb ham ataydi. Umurtqalararo disklarning deformatsiyasi (shakl oʻzgarishi), qisqarishi, elastiklik xususiyatining kamayishi sababli kasallik  yuzaga keladi. Kasallik, asosan, boʻyin, koʻkrak, bel va dumgʻaza suyaklarida kuzatiladi. 

Sabablari.  Umurtqa pogʻonasi orasidagi umurtqalararo disklar suyakning egiluvchanligi, harakatlanishi va amortizatsiyasini taʼminlaydi. Osteoxondroz oʻrta yoshdan oshgan kishilarda koʻp uchraydi. Odam qarigan sayin osteoxondroz bilan kasallanish koʻpayib boraveradi. Jismoniy mashqlar va sport bilan shugʻullanmaydiganlar  esa osteoxondroz dardiga koʻproq moyil boʻlishadi.
Belgilari. Osteoxondroz, koʻpincha, ogʻriqlar bilan namoyon boʻladi. Bel-dumgʻaza sohasi osteoxondrozida belda oʻtirganda-turganda, egilganda ham ogʻriq paydo boʻlaveradi, ular sanchuvchi, kuydiruvchi va achishtiruvchi xususiyatga ega. Ushbu ogʻriqlar oyoqning orqa-yon yuzasi boʻylab tarqaladi. Baʼzi bemorlarning beli qiyshayib qoladi.
Boʻyin umurtqalari osteoxondrozida ogʻriqlar boʻyin-ensa sohasida paydo boʻlib, yelka va qoʻllarga tarqaydi. Bemor boʻynini turli tomonlarga burganda, yelkasi yoki qoʻllarini koʻtarganda ogʻriqlar paydo boʻladi yoki kuchayadi. Boʻyin umurtqalari osteoxondrozi kuchliroq namoyon boʻlsa, bosh miya tomon yoʻnalgan qon tomirlar ezilib, bosh aylanishlar va chayqalib yurishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Osteoxondroz disk churrasiga olib keladimi deb soʻrashadi. Umuman olganda, disk churrasining asosiy sababchisi – bu osteoxondroz. Biroq negadir oddiy osteoxondrozni disk churrasi deb davolash holatlari koʻp uchramoqda. Bunday tashxislardan aksariyat bemorlar xavotirga tushmoqda, baʼzilari esa operatsiya yoʻlini tanlashmoqda. Beldagi oddiy radikulit yoki osteoxondroz sababli paydo boʻlgan ogʻriqlarni darrov disk churrasi bilan bogʻlash kerak emas. MRTda aniqlangan kichik hajmdagi disk churralari ham xavfli emas. Bemor suzishga qatnasa, umurtqani chiniqtiruvchi maxsus mashqlarni bajarsa, tekis va ravon joyda yotsa, turnikda tortilib tursa, bu holatlar tez oʻtib ketadi. Ogʻriq kuchsiz boʻlsa – radikulit, kuchli boʻlsa – disk churrasi deb hisoblash ham notoʻgʻri. Chunki. belni bukchaytirib qoʻyuvchi kuchli ogʻriqlar radikulit va osteoxondrozda ham uchraydi.

Tashxis. Osteoxondroz tashxisi rentgen orqali bemalol qoʻyiladi. Agar disk churrasiga gumon qilinsagina, KT yoki MRT tekshiruvi oʻtkaziladi.
Negadir rentgen tekshiruviga keluvchilar soni kamayib, KT va MRT tekshiruviga keluvchilar soni ortib bormoqda. Aslida aksi boʻlishi kerak. Chunki, disk churrasi umurtqa osteoxondroziga qaraganda juda kam uchraydi. Vaholanki, osteoxondroz KT va MRTga qaraganda rentgenda juda yaxshi aniqlanadi. Buni hamma vrachlar bilishadi. Shunday ekan, bemorlar vrach koʻrsatmasiga quloq tutishi va qimmat tekshiruvlarga ruju qoʻymasliklari kerak.

Davolash. Shuni unutmangki, osteoxondrozni dori-darmonlar bilan emas, balki. Vrach nazorati ostida  turli xil mashqlar, fizio­terapevtik muolajalar orqali bemalol davolash mumkin.

Soliyjon BEKCHANOV, tibbiyot fanlari doktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.